Yoshlar o‘tmishdan saboq chiqarishlari kerak!
Tarix – barchamiz uchun saboq bo‘ladigan o‘tmish. Har qanday jamiyatdagi turli o‘zgarishlar va ular oqibatida yuzaga keladigan jarayonlarning har biridan saboq chiqarsa bo‘ladi. Shu ma’noda XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkistonda paydo bo‘lgan jadidchilik harakatining natijalari ham bugungi kun uchun juda muhimdir. Xo‘sh, bu borada ma’naviyat xodimlari oldida qanday dolzarb vazifalar turibdi?
Muxbirimizning Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Olot tuman bo‘limi bosh mutaxassisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Dilobar Jo‘rayeva bilan suhbati shu xususda bo‘ldi.
– Qrim-tatar mutafakkiri Ismoil G‘aspiralining ilg‘or qarashlari butun musulmon millatlari aro tarqalib, “jadidlar” (yangilik tarafdorlari) deb nom olgan yangi bir qatlamning yuzaga kelishi o‘sha davr jamiyatida ko‘plab o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Tarixdan ma’lumki, taraqqiyotdan uzilib qolgan har qanday mamlakat, millat qullik zanjirini bo‘yniga ilishga mahkum. O‘rta asrlardayoq Turkistonni qamragan mutaassiblik zulmati to jadidlar paydo bo‘lguncha xalq ommasini o‘z ta’sirida ushlab turdi. Yangilikni yoqtirmaydigan “qadimchilar” bu ilg‘or harakatga tish-tirnoqlari bilan qarshi chiqdilar. Natijada fan-texnika va ilm-ma’rifat oqsadi, bu esa bosqinchi Chor Rossiyasiga qo‘l kelardi. Qolaversa, keyinchalik hokimiyatni egallagan bolsheviklar podsho hukumatidan ham zolimroq edilar. Ular yangi fikr tarqalishidan, ommaning ko‘zi ochilishidan aslo manfaatdor emasdilar. Shuning uchun kommunistlar jadidlarni qatag‘on qilishni boshladilar.
Mahmudxo‘ja Behbudiy, Ishoqxon Ibrat, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov singari ilg‘orlarga qo‘shib, yangi hukumat Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov kabi davlat arboblarini ham qatl etdi. Millat uyg‘onishini jonu dildan istagan Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Usmon Nosirday adiblar ham turli bahonalar bilan qatag‘onga uchradilar. Chunki, sho‘ro hukumati ulardan, ularning yangicha fikrlash tarzidan qo‘rqardi. Xalq o‘z shoirlari va yozuvchilarining so‘ziga quloq solishini, ularga ergashishini hukumat yaxshi bilardi. Mazkur tuzum barcha millatlarning eng hur fikrli ziyolilarini qirib tashladi.
Bugun yangi O‘zbekistonni barpo etayotgan yosh avlod o‘z jadid ajdodlari qismatini qay darajada bilishi ertangi taraqqiyot mezonini ham belgilab berishi tabiiy. Chunki, tarixni yaxshi bilmaslik siyosiy va ijtimoiy so‘qirlikka olib keladi. Bugungi kunda jadidlar merosini o‘rganish, ularning jasoratli umrlaridan saboq chiqarish juda muhimdir. Zero, ular faqat va faqat Vatan uchun, millat va xalq uchun kurashgan edilar. O‘z asarlarida ozodlikni, erkinlikni kuyladilar. Turkiston ahli o‘zligini tanishi, erk va mustaqillikka intilish ularning yagona maqsadlari edi. Afsuski, asoratga asoslangan tuzum ularning orzu-umidlarini chippakka chiqardi.
Jadidlar qoldirgan ulkan ma’rifiy merosni targ‘ib etish, qatag‘on qurbonlarini yod etish tadbirlarini tashkil qilish, eng avvalo, ma’naviyat va madaniyat sohasi xodimlarining zimmalarida deb o‘ylayman. Biz bugun ajdodlarimiz hayotini chuqur o‘rganib, ularning fojiali qismatlaridan saboq chiqarsak, ilmu ma’rifatni mamlakat taraqqiyotining birlamchi sharti deb qabul qilsak va yoshlarni ana shu yo‘nalishda tarbiyalay olsak, bir paytlar dunyoga o‘z so‘zini ayta olgan millatimiz yana ulug‘ daholarni yetishtirib, tarbiyalab berishi aniq.
O‘tkazadigan tadbirlarimizda jadidlar shaxsiyati va merosiga shunchaki, yuzaki yondashmasdan, ularning asl maqsadlari va taqdirlarini yoshlarga aniq misollar asosida tushuntira olsak, turli sahna ko‘rinishlari va boshqa zamonaviy media vositalaridan foydalansak, o‘ylaymanki, ishlarimiz o‘z samarasini beradi. Buyuk ajdodlarimizning aziz ruhlari oldidagi qarzdorlik tuyg‘usi dillarimizni hech qachon tark etmasin, ularga hamisha ehtiromda bo‘laylik.
Buning uchun taniqli shoir va adiblar bilan ijodiy uchrashuvlarni tez-tez tashkil etishimiz kerak, deb o‘ylayman.
Prezidentimiz boshlagan islohotlar yillar o‘tgan sayin o‘z ijobiy natijalarini bermoqda. Ana shu o‘zgarishlar qatorida jadid bobolar merosini o‘rganish va targ‘ib etish ham yangi bosqichga kirmog‘i kerak. Chunki, biz hali bu ulkan xazinaning kichik bir qismini kashf eta oldik, xolos. Kelajakda muhim ishlar kutib turibdi. Bugungi yoshlar buni hamisha yodda tutishlari zarur.
Bugungi kunda ma’naviyat sohasidagi zaiflik, eng muhimi bo‘shliqni to‘ldirishning, ayrim muammolarni tezda hal qilishning o‘zga yo‘li yo‘q!
Jovli Xushboqov,
O‘zA muxbiri