Ma’naviyat maskanlari aholi xizmatida
Buxoro viloyatining Jondor, Qorovulbozor tumanlarida zamonaviy va barcha qulayliklarga ega “Ma’naviyat maskani" binolari foydalanishga topshirildi.
Prezidentimiz raisligida 2021 yil 19 yanvar kuni o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida hududlar markazida namunaviy loyiha asosida ma’naviyat va ma’rifat maskanlarini barpo etish yuzasidan ko‘rsatma berilgan edi.

Jondor tumandagi Mahmud Torobiy nomidagi harbiy-vatanparvarlik bog‘i hududidagi muhtasham binoda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi, uning majlislar zali hamda zamonaviy jihozlar, kompyuterlar, kitoblar jamlanmalari bilan jihozlangan kutubxonasi joylashgan.

Maskanning ochilish marosimida tuman hokimi, Oliy majlis Qonunchilik palatasi deputati J.Shirinov, Respublika Manaviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari M.Pardayeva, sektor rahbarlari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, mahalla faollari hamda yoshlar qatnashdi.
Maskandagi yana bir e’tiborga molik jihat shuki, zal bo‘ylab mumtoz musiqalar, o‘zbek adabiyoti namunalari eshittirib turiladi. Endilikda mazkur audiofayllarni harbiy-vatanparvarlik bog‘iga ham yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.

– Bunday qulaylik bizga kuch va ilhom bag‘ishlaydi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari Lola Ergasheva. – Yaqin istiqbolda milliy qadriyatlarimizni yanada rivojlantirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan foydalangan holda “Ma’naviyatga yo‘l” ruknini tashkil etish, yoshlarning adabiyot va san’atga qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida “Adabiyot olamiga sayohat” kabi turli loyihalar, dasturlar va tanlovlarni o‘tkazishni maqsad qilganmiz.

2021yilda 3 ta ya’ni Kogon, Qorovulbozor, Jondor tumanlari hokimlari bo‘sh turgan binolarni Ma’naviyat maskanlari uchun ajratdi. Mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan qismidan 289 million so‘m mablag‘ sarflanib zamonaviy Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari barpo etildi.

Zarif Komilov, O‘zA