Ma’naviyat fidoyilari
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 26 maydagi "Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, 15 aprel sanasi «O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni» deb e’lon qilingan edi.
Xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishning muhim vositasi sifatida milliy madaniyat va san’atni ravnaq toptirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimizda qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, yirik dasturlar soha ravnaqini yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda yangilanib borayotgan O‘zbekistonning yangi tarixini yaratish, bebaho madaniy, ma’naviy merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, yurtimiz va xalqaro miqyosda targ‘ib etish bo‘yicha ko‘plab ma’rifiy loyihalar hayotga keng joriy etilmoqda.
Prezidentimizning 2018 yil 28 noyabrdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.
Madaniyat va san’at tashkilotlarining «Do‘stlar klublari» faoliyatini yo‘lga qo‘yish orqali ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha yangicha samarali tizim yaratildi. Muzeylar renovatsiya dasturi qabul qilindi. Ushbu dastur asosida muzeylar faoliyatini yanada takomillashtirish, ularga ilg‘or va zamonaviy texnologiyalarni kengroq jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Xalqimizning ko‘hna va betakror san’ati namunasi bo‘lgan «Xorazm lazgisi» YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi.
Madaniy meros ob’ektlari va san’at ashyolarini restavratsiya qilish bo‘yicha milliy maktab, shuningdek, xalq cholg‘ulari, milliy raqs, maqom yo‘nalishlarida respublika ko‘rik-tanlovlari qayta tiklandi. Muntazam ravishda o‘tkaziladigan Xalqaro maqom san’ati anjumani, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivali, «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro folklor san’ati festivali hamda «Raqs sehri» xalqaro festivali tashkil etilib, mumtoz va folklor san’atimizning noyob namunalari va an’analarini hamda madaniy muloqotni yanada rivojlantirish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yildi. Teatr va muzeylar, ma’rifat maskanlari, madaniyat markazlari holatidan doimiy xabardor bo‘lish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ijod ahlining samarali mehnat qilishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish ustida tinimsiz g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda.
Joriy yil avvalida O‘zbekiston Respublikasining "Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonuni qabul qilingani sohaga doir huquqiy mexanizmlarning mukammalligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda 10 dan ortiq yangi madaniyat muassasasi, jumladan, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, O‘zbekiston teatr arboblari uyushmasi, Madaniy meros departamenti, O‘zbek milliy maqom san’ati va Baxshichilik san’ati markazlari, «Bahor» davlat raqs ansambli, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi hamda uning Urganch filiali, Yu.Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti, Botir Zokirov nomidagi milliy estrada san’ati oliy maktabi, opera va baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan hamda boshlang‘ich raqs san’ati maktab-internatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi e’tiborga molikdir. Bu esa milliy san’atimizni rivojlantirishga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibordan darak beradi.
Shu bilan birga yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratilib, onlayn tarzda baxshilik, musiqiy ijrochilik, estrada, maqom yo‘nalishi bo‘yicha festivallar, ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilib, yosh iste’dodlar kashf etilib, ular muntazam rag‘batlantirib borilayotir.
Davlatimiz rahbari mamlakatning turli hududlarida safarlarda bo‘lgani chog‘ida, har dam, har lahza ijodkor ziyolilarning holidan xabar olish, ular uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlarni yaratish, izzat va ehtirom ko‘rsatish borasida muntazam amaliy loyihalarni hayotga keng joriy etmoqda. Yaqindagina O‘zbekiston teatrlari xodimlariga yo‘llagan tabrigida, milliy kino bo‘yicha qabul qilingan farmon va qarorda ham bu e’tibor mujassamdir.
Agar jiddiyroq o‘ylab qaralsa, ijod ahli uchun ko‘rsatilayotgan bunday amaliy g‘amxo‘rlik zamirida yoshlar ma’naviyatini asrab-asrashda ijodkorlarning faol fuqarolik pozitsiyasi va mas’uliyatini yanada kuchaytirishdek jiddiy maqsad-muddaolar o‘z ifodasini topgan. Ha, xalqimiz azaldan ziyolilar, san’atkorlar, ijod, ma’rifat ahliga o‘zgacha hurmat va ehtirom bilan qaragan. Zero, ular tarbiya, ma’naviyat, ma’rifatning eng faol va tolmas, fidoyi mayog‘i bo‘lib kelganlar. Bu yil O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni yurtimizda ilk bor nishonlanmoqda. Kimdir jonajon teatrida, birov muzeyda, badiiy-ijodiy jamoalarda izlanish, ijod bilan mashg‘ul. Ortiqcha dabdababozlik, tadbirbozlikdan, "urra-urra"chilik kayfiyatidan xoli tarzda o‘tmoqda bu sana. Negaki, soha xodimlariga bo‘lgan mehr va rag‘batni ularning har biri har kuni o‘z mehnat faoliyati, ijodi, hayoti davomida yaqqol his etmoqda.
N.Usmonova, O‘zA