Ma’naviyat fidoyilari e’tirof etildi
Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida “Vatan uchun, millat uchun xalq uchun!” shiori ostidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tantanali ruhda bo‘lib o‘tmoqda.
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan istiqlolimizning 34 yilligiga bag‘ishlab ko‘plab ijodiy-ma’rifiy loyihalar, anjumanlar, muloqotlar o‘tkazilmoqda. Markaz tashabbusi bilan tashkil etilgan ana shunday tadbir davomida turli sohalarda mamlakat rivoji va taraqqiyotida o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan bir guruh faollar “Ma’naviyat fidoiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarida adabiyot, san’at, madaniyat, ma’naviyat ravnaqiga har qachongidan ham ko‘proq e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda kechayotgan olamshumul islohotlarning mazmun-mohiyatini aholiga batafsil tushuntirishda, ijtimoiy-ma’rifiy soha rivojiga munosib hissa qo‘shishda ko‘plab hamyurtlarimiz faol iishtirok etmoqda. Ana shunday fidoyi yurtdoshlarimizning bir guruhi “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Ana shunday zahmatkash yurtdoshlarimizdan biri Odina Hamidova Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, kitobxonlikni rivojlantirish, milliy adabiyotimizdagi yutuqlarni yoshlarga yetkazishda faol hissa qo‘shib kelmoqda.
– Bugun ma’naviyat sohasi xodimlari har qachongidan ham faol bo‘lishlari kerakligini zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda, – dedi Odina Hamidova. – “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni yanada mas’uliyat bilan mehnat qilishga undaydi.
“Maʼnaviyat fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlarganlardan biri filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, Toshkent amaliy fanlar universiteti dotsenti Ziyoda Gʻafforovadir.
Ziyoda opa 23-yil (1996-2019) mobaynida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida ishlagan, jami 15-yil ketma-ket uch boʻlimga mudirlik qilgan.
U mamlakatimizda mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni, milliy anʼana va qadriyatlarimizni yoshlar oʻrtasida targʻib va tashviq etishda faol hissa qoʻshib kelmoqda. Sohadagi koʻp yillik samarali mehnatlari uchun Z.Gʻafforova “Shuhrat” medali (2011), “Oʻzbekiston mustaqilligiga 15-yil” (2006), “Oʻzbekiston mustaqilligiga 25-yil” (2016) esdalik nishonlari bilan taqdirlangan. Respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazi tomonidan “Yilning eng faol maʼnaviyat targʻibotchisi” tanlovi gʻolibi boʻlgan (2015).
“Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ta’sis etilgan.
Ko‘krak nishoni respublikada ma’naviy-ma’rifiy ishlarni amalga oshirish, yuksak ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish borasida fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgan fuqarolarni rag‘batlantirshda hissa qo‘shgan faollarga beriladi.
N.Usmonova, O‘zA