Bugunning dolzarb mavzusi
2024 yil arafasida – 22 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bildirilgan fikrlar, belgilab berilgan vazifalar ushbu yil uchun o‘ziga xos dastur bo‘ldi, deyish mumkin.

Davlatimiz rahbari sayyoramizda taraqqiyot sur’atlari shiddatli tus olib, o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri mamlakatimizda ham sezilayotganini ta’kidlab, shundan kelib chiqqan holda to‘qqiz yo‘nalish bo‘yicha vazifa va muhim tashabbuslarni bildirdi. Bugun ma’naviyat boshqa sohalardan o‘n qadam oldinda yurishi, ma’naviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerakligini qayd etdi.
– Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslar, belgilab bergan vazifalar yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan har bir insonga taalluqli, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Farhod Nazarov. – Ya’ni bu vazifalar faqat madaniyat, ma’naviyat, ma’rifat sohasida faoliyat yuritayotgan fuqarolar emas, balki jamiyatimizning har bir a’zosiga tegishlidir. Prezidentimiz jadidlar misolida bugungi kun uchun ham sergak va yon-atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga munosabat bildira oladigan, yangilikka intiladigan, chinakam yurtparvar, fidoyi insonlar yanada ko‘proq kerak bo‘layotganini alohida ta’kidladi. Bunda albatta, birinchi navbatda, ma’naviyat va ma’rifat markazlari, ma’naviyat targ‘ibotchilari va ziyolilar faol bo‘lishi, boshqalarni o‘z ortidan ergashtirishi lozim. Buning uchun esa mahalliy hokimlar, ya’ni joylardagi Ma’naviyat va ma’rifat Kengashlari raislari zarur shart-sharoit, imkoniyat yaratishi zarur. Binobarin, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, joylardagi birinchi rahbarlar uchun bugun ilm-fan, ta’lim va tarbiya, ma’naviyat ustuvor masaladir.

O‘tgan yili viloyat Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining bir nechta yig‘ilishi Kengash raisi, viloyat hokimi boshchiligida o‘tkazilib, o‘ndan ortiq masalalar muhokama qilindi. Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha viloyatdagi 60 ga yaqin boshqarma va idoralar, korxona va tashkilotlar bilan ikki tomonlama “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. Tuman va shaharlarda 2021-2023 yillarda ma’naviyat va ma’rifat maskanlari barpo etish bo‘yicha manzilli ro‘yxat tasdiqlangan edi. Shu asosida 2021-2022 yillarda 10 ta shunday maskan faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, o‘tgan yili qolgan 6 hududda ham ma’naviyat va ma’rifat maskanlari barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Joylarda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, aholi bilan yaqin muloqotda bo‘lish maqsadida o‘tgan yili viloyatda ma’naviyat festivali, milliy qadriyatlar haftaligi, “Ma’rifat ulashib”, “Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman” kabi loyihalar amalga oshirildi. Mazkur tadbirlar doirasida mahallalar, ta’lim muassasalarida aholining keng qatlami ishtirokida intellektual tanlovlar, kitob taqdimotlari, ijodiy uchrashuvlar o‘tkazildi.

Mamlakatimiz tarixida ilk bor “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” g‘oyasi asosida barcha mahallalar, o‘quv muassasalarida “Ma’naviyat marafoni” tashkil etildi. “Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili bo‘yicha viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining 1126 nafar professor-o‘qituvchisi mahallalarga biriktirildi.
Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish maqsadida markaz viloyat bo‘limi tashabbusi bilan “Ko‘zlarimga surtgim tuproqlaringni” nomli kitob nashr etildi.

– Bu yilgi ish rejalarimizni belgilab olishda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarga alohida e’tibor qaratdik, – deydi F.Nazarov. – Avvalo, tuman va shaharlarda tashkil etilgan ma’naviyat va ma’rifat maskanlari faoliyatini jonlantiramiz hamda ularni hududdagi to‘rtta sektorga qo‘shimcha sifatida tashkil etiladigan ma’naviyat sektorining asosiy ishchi tuzilmasiga aylantiramiz. Teatr san’atining aholi, xususan, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishdagi ahamiyatini e’tiborga olib, viloyatimizdagi uchta teatr repertuarini boyitish, bugungi kun ruhiga mos spektakllar yaratishga viloyatimiz ijodkorlarini jalb etamiz. Samarqandda xalqimizning boy tarixiy-madaniy yodgorliklari mavjudligini hisobga olib, ulardan nafaqat turistik ob’ekt, balki aholining ma’naviy olamini yuksaltiradigan, milliy g‘urur va iftor uyg‘otadigan manbaa sifatida foydalanamiz. Davlatimiz rahbari qayd etgan Sohibqiron Amir Temur bog‘larining qayta tiklanishi, “Buyuk ipak yo‘li” muzeyi barpo etilishi va Bibixonim majmuasi restavratsiya qilinishida samarqandlik ziyolilar bilan birga ishtirok etamiz, bu borada o‘zimizda mavjud imkoniyatlarni ishga solamiz. Bundan tashqari, 2025 yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi sessiyasi ilk bor Samarqandda o‘tkazilishini e’tiborga olib, bu jarayonga biz ham tayyorgarlik ko‘ramiz. Shu paytgacha faqatgina Parij shahrida, YUNESKO bosh qarorgohida o‘tkazib kelingan anjumanning birinchi marta chetda, aynan bizning yurtimizda o‘tkazilishi barchamiz uchun faxr bo‘lishi barobarida ulkan mas’uliyat hamdir. Dunyoning barcha qit’alaridan keladigan ta’lim, fan va madaniyat vakillariga biz o‘z turmush tarzimiz, faoliyatimiz orqali boy madaniyatimiz, qadriyat va an’analarimizni ko‘rsatib berishimiz lozim. Bu yil davomida amalga oshirishimiz belgilangan vazifa va maqsadlarimizning ayrimlari, xolos. Ayni paytda esa mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani singari viloyatimizda ham “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostidagi “Mahallada duv-duv gap” targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazilmoqda.

Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda erishilayotgan yutuqlarni xalqimizga aniq hayotiy misollar va dalillar orqali sodda va tushunarli shakllarda yetkazish, aholining kayfiyatini ko‘tarish va daxldorligini oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan tadbirlar uch bosqichda tashkil etilmoqda. Dastlabki bosqichda 3-10 yanvar kunlari Prezidentimizning Ma’naviyat va ma’rifat Kengashidagi ma’ruzasi mohiyati xalqimizga yetkazildi. 20 yanvargacha davom etadigan ikkinchi bosqichda esa harbiy-vatanparvarlik g‘oyalari targ‘iboti amalga oshirilmoqda. 21-31 yanvar kunlariga mo‘ljallangan uchinchi bosqichda 2024 yilning yurtimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom berilishiga bag‘ishlanadi.

Viloyatda targ‘ibot tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish maqsadida har bir hududda malakali targ‘ibotchilar, madaniyat va san’at xodimlari, shoir va yozuvchilar, imom xatiblar, nuroniylardan iborat targ‘ibot guruhlari shakllantirilgan. Yurtimizda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlarini aks ettiruvchi ma’lumotlar va qiyosiy tahlillar asosidagi zamonaviy targ‘ibot materiallari tayyorlangan.
Ma’naviyat masalasi kecha yoki bugun paydo bo‘lgan emas. Kishilik jamiyati bor ekan, bunga ehtiyoj seziladi. Faqat har bir davr, zamonning o‘z ma’naviy qadriyatlari, talablari, qarashlari bo‘ladi. Jumladan, sizu biz yashab turgan bugungi davrda ham ma’naviyat yuksak axborot texnologiyalari, jadal taraqqiyot bilan hayotimizda o‘z aksini topmoqda. Gap bu jarayonda o‘zligimizni saqlab qolish, turli axborot xurujlari va ta’sirlaridan himoyalanishimizda.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri