Aql ila olam yuzin obod qil, Xulq ila olam elini shod qil.
Buyuk bobomiz Alisher Navoiy bu boqiy baytlarda olam yuzi aql-idrok, uyg‘oq qalb, bunyodkor ruh bilan obod bo‘lishi, olam eli esa yaxshi xulq, yuksak insoniy fazilatlar, ma’naviy qadriyatlar asosida shodu xurram yashashi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Ulug‘ mutafakkir sizu bizga xitob qilib, «Siz shunday jamiyat barpo etingki, unda aqlu idrok Vatan yuzini obod qiluvchi, xulqu tarbiya jamiyat ahliga hamjixatlik asosida shodu xurramlik baxsh etuvchi kuchga aylansin», deyayotganday.
Davlatimiz rahbarining “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni, ruhi ma’naviyatdir” degan so‘zlari mohiyatidagi uyg‘onish nafasi Hazrat Navoiy da’vatlariga mohiyatan uyg‘un bo‘lib,Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga azmu shijoat bilan kirishgan xalqimiz uchun tarbiya, yaxshi xulq, aql-idrok, bilim, ma’naviyat naqadar tengsiz qudrat va ruhiy manba ekanligini yana bir bor anglatdi. Demak, yuksak ma’naviyat bilan jamiyat hayotining tanasi bo‘lgan iqtisodiyot vujudiga jon, ruh kiradi, unga tiriklik, tengsiz yaratuvchi qudrat baxsh etiladi.
Negaki, ma’naviyat va ma’rifat barcha zamonlarda tengsiz qudrat, baxt-saodat, tinchlik, bunyodkorlik, hamjihatlik mezoni, ruhiy poklanish va qalbni yuksaltiruvchi ne’mat bo‘lib kelgan. Chunki u millatni, xalqni, demakki, insonlarni yuksak fazilatlar, kamolotga yo‘llovchi axloqiy mezonlar asosida yashashga, xudbinlik, g‘aflat asiriga aylanmay hamisha yaxshilik yo‘lida bedor bo‘lishga, bu olamni obod qilishga, go‘zallikka burkashga chorlagan. Lekin bugungi kunda ming yillar davomida sayqallanib, boyib, rivojlanib kelgan yuksak ma’naviyatimiz, boqiy qadriyatlarimiz, axloqiy fazilatlarimizga soya solayotgan, umid gulshanlarimiz bo‘lgan aziz farzandlarimiz ma’naviy- ruhiy dunyosini izdan chiqarishga qaratilgan tahdidlarni ko‘rib tashvishlarimiz ortib bormoqda. Ta’bir joiz bo‘lsa, ezgulik va yovuzlik, bunyodkor va vayronkor kuchlar, g‘oyalar o‘rtasidagi kurash tobora oshkora namoyon bo‘lmoqda. Davlatimiz rahbari Birlashgan millatlar tashkilotining yuksak minbaridan turib aytgan «Jaholatga qarshi ma’rifat» bilan kurashish g‘oyasi dunyoviy ahamiyat kasb etmoqda.
Xo‘sh, yovuzlik, insonlar qalbiga xudbinlik, axloqsiz, buzg‘unlik urug‘ini sepuvchi yovuzlik, jaholat qachon mahv etiladi? Ezgulik, ma’rifat nimadan kuch oladi? Albatta, avvalo ezgu niyatdan, ezgu so‘zdan, ezgu amaldan, pokiza va ulug‘ maqsadlar yo‘lidagi milliy hamjihatlikdan. Ajdodlar tajribasidan ayonki, qaysiki yurt o‘z xalqi qudratini jamlab umumxalq murodu maqsadiga eltuvchi yo‘lga boshlay olsa, millat salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltira olsa, u davlatning mavqei, ishonch manbai, tengsiz bunyodkor kuchga aylanadi.
Jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlik umummilliy harakatga aylanadi
Kuni kecha matbuotda e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» hamda «Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida» qarorlari Yangi O‘zbekistonni bunyod etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishda yuksak ma’naviyat mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi uchun barcha tashkiliy-huquqiy, moliyaviy manbalarni belgilab berganligi, yaxlit mustahkam uzluksiz tizimga asos solganligi bilan muhim tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi.
Endilikda, «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorda ta’kidlanganidek, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni jaholat soyasini solish uchun tinimsiz chiranib yotgan ma’naviy tahdidlardan himoya qilish borasida tashkiliy-amaliy va ilmiy-tadqiqot ishlarini yangi talablar asosida yo‘lga qo‘yish, bu yo‘nalishda davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari hamda xususiy sektorning ijtimoiy hamkorligi mustahkamlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘taradi.
Mavjud muammolarni hal etish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarning samarasi va ta’sirchanligini oshirish, ko‘lami va miqyosini yanada kengaytirish, mamlakat aholisi, avvalo, yoshlar qalbida Vatanimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha yagona tizim yaratiladi. Ana shu asosda, ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali, jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlik umummilliy harakatga aylantiriladi.
Oila, ta’lim tashkilotlari va mahallalarda ma’naviy tarbiyaning uzviyligini ta’minlash, targ‘ibot-tashviqot va tarbiya yo‘nalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, soha bo‘yicha ilmiy va uslubiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan doimiy monitoring tizimi joriy qilinadi.
El-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga mas’uliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Aholining Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish madaniyati oshadi, g‘oyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immuniteti kuchaytiriladi. Madaniyat, adabiyot, kino, teatr, musiqa va san’atning barcha turlari, noshirlik-matbaa mahsulotlari, ommaviy axborot vositalarida ma’naviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlar targ‘iboti ustuvorligi ta’minlanadi.
Geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarni muntazam o‘rganish, terrorizm, ekstremizm, aqidaparastlik, odam savdosi, narkobiznes va boshqa xatarli tahdidlarga qarshi samarali g‘oyaviy kurash olib borish hamda bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish sohasida ham muhim vazifalar amalga oshiriladi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi qoshida ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-ijtimoiy mavzulardagi dolzarb maqolalar, jamoatchilik vakillarining ilg‘or fikrlari, shuningdek, mafkuraviy jarayonlar tahlili, sohaga oid yangiliklarni to‘plash, tayyorlash va tarqatish maqsadida “oyina.uz” elektron portali tashkil etiladi.
Fazilatli insonlar qalbida shakllangan ilm yaxshilikka xizmat qiladi
Ezgu fazilatlar nafaqat qalb olami munavvar, ma’naviy burchlariga sobit insonlar, balki jamiyatning ham bebaho boyligi hisoblanadi.
Ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarni ilmiy tadqiq qilish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni prognozlash,targ‘ibot jarayonlarini metodik ta’minlash, bu borada ilmiy tadqiqot ishlarini olib borayotgan olimlar, xususan, yosh olimlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, soha xodimlari malakasini oshirish, maqsadli sotsilogik so‘rovlar olib borish, xalqaro tajribani o‘rganish, barcha targ‘ibot ishlarini ilmiy asosda tashkil etish maqsadida Markaz huzurida Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tashkil etiladi.
Mazkur qaror orqali Markaz va uning hududiy bo‘lim hamda bo‘linmalarining qo‘shimcha shtatlar bilan kengaytirilgan yangi tizimining tasdiqlanishi sohaga yetuk olimlar, yosh vatanparvar ilmiy xodimlar, faol ijodkor ziyolilarni jalb etish imkoniyatini yaratadi.
Mamlakatimizdagi barcha maktablarda shoir va yozuvchi, jurnalist, olimlarni jalb qilgan holda ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchi lavozimining joriy qilinishi tufayli ta’lim maskanlaridagi millionlab o‘quvchilar qalbiga «Vatanparvarlik sabog‘i»ni singdirib boradigan yangi ma’naviy-ijodiy ruh kirib boradi.
Davlat oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarida, talabalar sonidan qat’iy nazar, yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimining kiritilishi oliy ta’lim tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga ko‘taradi. Ushbu qaror bilan xalqona qilib aytganda mamlakatimizdagi barcha tuman va shaharlarda Ma’naviyat va ma’rifat maskanlarini tashkil etishga oq fotiha berilmoqda.
Qarorda soha uchun kadrlar tayyorlashga ham alohida ahamiyat qaratilgan. 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tizimining tegishli ta’lim yo‘nalishlari o‘quv rejalariga bakalavriat bosqichida «Ma’naviyatshunoslik», magistratura bosqichida «Kasbiy ma’naviyat» fanlari kiritilishi hamda magistratura ta’lim bosqichida “PR-menejer» mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanishining yo‘lga qo‘yilishi ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Ayniqsa, milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy ishlar yo‘nalishida ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi doirasida maqsadli fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarni shakllantirish, ularni moliyalashtirish masalalarining tizimli yo‘lga qo‘yilganligi ko‘plab ilmiy yechim va xulosalarning amaliyotga joriy etilishiga xizmat qiladi.
Ma’naviyat rivojiga ajratilgan sarmoya milliy taraqqiyotga madad
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish, xalqimiz o‘rtasida hamjihatlik va hamkorlikni yanada mustahkamlash, milliy qadriyat, an’ana va urf-odatlarni keng targ‘ib qilish, badiiy ijod va kitobxonlik madaniyatini faol qo‘llab-quvvatlash maqsadida "Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash maqsadli jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida" qarorining qabul qilinishi ham mamlakatimizda birinchi marta ma’naviy-ma’rifiy sohadagi iqtisodiy masalalarni hal etib, uning moliyaviy asoslarini mustahkamlab qo‘ymoqda.
«Uzluksiz ma’naviy tarbiya konsepsiyasi» asosida barcha ta’lim muassasalari uchun metodik qo‘llanma, uslubiy tavsiyalar, ma’naviy-axloqiy tarbiya nazariyasi va metodikasini boyitishga qaratilgan ilmiy-amaliy adabiyotlar yaratish bugungi kuning muhim talablaridan hisoblanadi. Sohaga «Raqamli targ‘ibot» tizimini joriy qilish maqsadida IT-parklar, innovatsion markazlar bilan hamkorlikda mobil ilovalar, kompyuter o‘yinlari, animatsion mahsulotlar tayyorlash ham bugungi kunda yoshlar bilan ma’naviy-tarbiyaviy asosda muloqotga kirishishning samarali vositasi hisoblanadi.
Ma’naviy-ma’rifiy sohani, adabiyot va kitobxonlikni har tomonlama rivojlantirish, bu boradagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalar, kitob, risola va maqolalar, tadbirlar ssenariylarini yaratish bo‘yicha ijtimoiy buyurtmalarni shakllantirish hamda bu ishlarga jalb etilgan olim va mutaxassislarni moddiy rag‘batlantirish masalasi ham qaror bilan yechimini topgan.
Ushbu qaror bilan xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati, asriy an’ana va qadriyatlari tarannum etilgan, milliy ma’naviyatimizning mazmun-mohiyati teran badiiy ifodasini topgan mumtoz va zamonaviy adabiyotimizning munosib namunalarini xorijiy tillarga tarjima qilish hamda jahon axborot tarmog‘ida keng targ‘ib etish, badiiy asarlar mualliflarini moddiy jihatdan rag‘batlantirish kabi qator vazifalarni amalga oshirishning ham moliyaviy asoslari yaratildi.
Tarbiya qancha mukammal bo‘lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi
Ma’naviyatning asosida avvalo tarbiya yotadi. "Tarbiya qancha mukammal bo‘lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi", deydi donishmandlar. Tarbiya mukammallik kasb etishi uchun esa bu masalada bo‘shliqqa yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Hozirgi kunda mamlakatimizda kitobxonlik saviyasini oshirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirishga katta ahamiyat berilayotgani hammamizga ma’lum. Ko‘plab bolalarimiz kitob, internet orqali zamonaviy bilimlarni egallamoqda, shu bilan birga qanchadan-qancha yoshlar kitobdan uzoqlashib, qimmatli vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazmoqda.
Biz yillar davomida qayta-qayta inson qalbi va ruhini izdan chiqarishga qaratilgan mafkuraviy tahdidlar, axborot xurujlari avj olgan tahlikali bir davrda yashayapmiz, degan fikrni aytib keldik. Ammo bugun dunyoda sodir bo‘layotgan mafkuraviy jarayonlar har qachongidan ham ko‘ra tahlikaliroq tus olmoqda. Quyosh olamga ezgulik nurini sochadi, afsuski undan yaxshilikka xizmat qiluvchi dov-daraxtlar, gulu rayhonlar bilan bilan birga badbo‘y alafu, tikonlar ham nur oladi. Bugun mamlakatimizda yaratib berilgan oshkoralik, so‘z erkinligi, fikrlar xilma-xilligini suiiste’mol qilib o‘z ajdodlari qoldirgan yuksak ma’naviyatga bepisand qaraydigan, uni eskilik sarqiti sifatida kamsitadigan, inson tilga olishga ham nomus qiladigan «erkinliklar»ni ro‘kach qilgan holda odamiylik mulki, insoniy axloq chegarasidan chiqib tubanlik botqog‘iga botayotgan «aqlli» toifalar ham paydo bo‘lmoqda. Ular dinu diyonat, halollik, poklik, yuksak axloq asosidagi ma’naviyatga «oq» bo‘lganlari yetmaganday, unga malomat toshlarini ham otishmoqda.
Ana shunday ayrim odamlar ruhiyatiga ta’sir qiladigan «ko‘rinmas nusxalar» internet olami, ijtimoiy tarmoqlar orqali yuborayotgan «qo‘shqanot» xabarlar, noinsoniy da’vatlar, iymon libosiga o‘ralgan iymonsiz qarashlar oshib-toshib ketayotgan ayni sharoitda bunday kasallarga insoniy ta’sir etish, ular qalbiga ma’naviy ko‘prik solish oson emas. Ana shularni o‘ylaganda «saodatni» «falokatga» aylantirayotgan ma’naviyatsizlik olami ichra «falokatni» «saodatga» aylantiradigan ma’naviyat chirog‘ini yoqish, anchadan buyon yuragi gul va nur ko‘rmagan qalblarga odamiylik tuyg‘ularini jo etish qanchalar muhim ish ekanligini anglaymiz. Ana shunday Vatanni sevuvchi, uning dardi, orzu-umidlari bilan yashovchi yoshlar qalbiga johillik urug‘larini sochish oqibatida bir toifa navqiron avlod vakillari ijtimoiy tarmoqlarda qora dog‘larni ko‘proq ko‘radigan, buyuk o‘zgarishlarga esa loqayd qarab, undan ko‘z yumadigan bo‘lib qolmoqda. Lekin ma’naviyat borasida qalbi axloq va vatanparvarlik kitobiga aylangan millionlab ota-onalarimiz, zukko yoshlarimiz bor ekan, uch-to‘rtta jaholat girdobidagi adashganni ma’rifat bilan yo‘liga solish mumkin. Bu qaror shu borada ham butun xalqimiz uchun kelajak dasturi bo‘lib qoladi.
Yangilanish, yuksalish fasliga qadam qo‘ydik
Bu yilgi bahor o‘zgacha keldi, uyg‘onish nafasi qisqa vaqt ichida borliqqa yashnash saodatini baxsh etdi. Daraxtlar shoxlarida kurtaklar shivirlay boshladi, ko‘klam xushxabarchisi boychechaklar tog‘lar qo‘ynida qorlar bag‘rini yorib chiqdi. Bodomlar, erta pishar o‘riklar chappar o‘rib gulladi. Lekin birdan esgan sovuq shamol, qor, daraxtlarni hushyor torttirdi... Bugun esa birin-ketin gulga kirayotgan bog‘lar, tobora yaxshilikka burkanayotgan tog‘u adirlar, suvlarning jildirashiyu, qushlarning xamal simfoniyasidan uyg‘ongan tog‘ lolalari, borliqqa tengsiz ifor sochayotgan ko‘klam giyohlari, yalpizlarni hidlab bahri diling ochiladi. Shularni xayoldan o‘tkazar ekanman, Uyg‘onish-bu yuksalish sari qadam, mudroqlikning bedorlik, yartuvchanlikka aylanishi, shahdu shijoat degim keladi. Undan tashqari Uyg‘onish-bu kurash, bahoriy yashnash yo‘liga qadam qo‘ygan bo‘stonlarga tahdid solayotgan ayozlaru izg‘irinlarga ezgulik, nur, yorug‘lik, tengsiz yashnash saodati bilan munosib zarba bermoq ekanligini ham anglaymiz. Qachon bahor ayoz tahdidlarisiz kelgan, qachon ochilmoqqa shaylangan kurtaklar boshida izg‘irinlar sovuq qamchilarini silkitmagan, qachon? Lekin bahor hamisha g‘olib, hamisha muzaffar! Negaki, uning borlig‘iga Uyg‘onish, yashnash saodatini Yaratganning o‘zi solgan. Bahor-bu ochilmoq vaqti. Qaydandir mashhur hofizning «Fasli navbahor o‘ldi, ketibon zimistonlar, do‘stlar g‘animatdir, sayr eting gulistonlar...» degan umidbaxsh qo‘shig‘i taraladi. Osmonda vij-vij qilib havo ummonida yuzlab qaldirg‘ochlar parvoz qiladi. Bahorning ilk darakchi qushlari keldimi, endi ayozlarga o‘rin yo‘q.
O‘zbekiston deb atalmish nurli bo‘stonimiz yangilanish, yuksalish fasliga qadam qo‘ydi. Yangi O‘zbekiston bo‘ldi! Bag‘ri yangi orzular, ezgu maqsadlarga to‘ldi. Unga odamiylik, ezgulik g‘oyalari kuch bermoqda, yashnash saodatini baxsh etmoqda. Yangi davr, yangi milliy taraqqiyot, har birimizning qalbimizga uyg‘onish nafasini solmoqda. Yangi tafakkur, yangi avlod, milliy yuksalishga eltadigan yangi milliy strategiya, unga munosib qadamlar shuning nishonalari.
Uchinchi uyg‘onish nafasini olib kelayotgan yurakning murodi
Davlatimiz rahbari bu tarixiy qarorlar bilan bizni ulug‘ maqsadlarga da’vat etmoqda. Bu shunchaki da’vat emas, bu Uchinchi uyg‘onish nafasini olib kelayotgan yurakning murodi, bu tomirlarimizda shivirlab turgan ajdodlar murodi. Ulug‘ ishlarga qodirmiz, yuksak ma’naviyat va axloq asosida, insoniy fazilatlar ustuvor bo‘lgan, odamiylik, ezgulik mafkurasiga asoslangan buyuk davlat, farovon jamiyatda yashashga loyiq xalqmiz.
Yuksak ma’naviyat qalblarimizdagi intilish, orzu-umidlarga kuch berib, ulug‘ maqsadlar yo‘lida yangi bunyodkor to‘lqinga aylantiradi, vatanparvarlik tuyg‘ulari asosida yangi umummilliy harakatga chorlaydi. Dunyoda qanday tahlikali va suronli jarayonlar kechmasin, ma’naviyat, milliy ruh, ezgu g‘oyalar, istiqlol shukuhi bizga doimo tog‘dek tayanch bo‘ladi.
Mazkur qarorlar ma’naviy yuksalish – Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini yaratish borasida tashlangan ulug‘ qadam sifatida Vatanimiz tarixidagi yorqin sahifalardan biri bo‘lib qoladi.
Qarorni dil to‘lqinlanib, har bir so‘z mohiyatidagi maqsadlar qamrovini tahlil etib o‘qirkanmiz, beixtiyor, sobiq sho‘ro tuzumida yemirilib borayotgan ma’naviy qadriyatlarimizni o‘sha zamon cheklovlari, siyosiy qatag‘onlardan yurak oldirib qo‘ygan otalar, bobolarimizning kosa tagida nim kosa tarzida tushuntirishga, anglatishga uringanlari yodga tushadi. Nazarimda, bugun ularning ruhlari ham shod, chunki avlodlari taqdirida yillar davomida yuzi jaholat, e’tiborsizlik, millatchilik, adolatsizlik, o‘zlikdan mosuvolik bulutlari bilan soyalangan, berkitilgan ma’naviyatimiz quyoshi hayotimizga, qalblarimizga nur sochishi uchun keng imkoniyat, ijtimoiy muhit yaratilmoqda.
Bu qarorlar, aytish mumkinki, millionlab yoshlarimizga ajdodlarimizdan avlodlarga meros bo‘lgan eng bebaho, o‘rnini hech narsa to‘ldira olmaydigan, nasllarimiz asrlar osha ko‘ksini baland tutib «Men – O‘zbekiston farzandiman!» deya dunyo mamlakatlari orasida o‘z hayot tarzi va taraqqiyoti bilan teng va mag‘rur yashashlari uchun zamin bo‘ladigan ma’naviy barkamollikka erishish yo‘llarini keng ochadi.
Ma’naviyat, uning asosi bo‘lgan yuksak axloq, ruhiy poklik, qalban uyg‘oqlik, bedor vijdon, mustahkam iymon bahor nafasiga o‘xshaydi. U shakllanib, rivojlanib borarkan o‘z yo‘lida qancha gullash fasllarini ko‘rdi, ayozlarning ta’qibu tahdidlarini boshdan o‘tkazdi. Uning faraxbash nafasi ta’siri qanchalar mavjud bo‘lsa, afsuski unga qarshi sovuq yellar ham shunchalar mavjuddir. Shu bois ham u hamisha, har bir davrda bu sinovu tahdidlardan kuchli bo‘lib, qudratga to‘lib o‘tadi. Negaki, unga davru davronlarga uyg‘onish baxsh etuvchi sohibdillar ezgu amallari birla quvvat baxsh etadi. Boshlanayotgan ma’naviyat bahori barchamizga muborak bo‘lsin!
Minhojiddin MIRZO,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi rahbari