Navoiy viloyati Ma’naviyat va ma’rifat Kengashining “Ma’naviy targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirishda idoralararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasi”ga bag‘ishlangan navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Kengash raisi, viloyat hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi hamda viloyatda bu yo‘nalishda amalga oshirilgan va kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi.


Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda viloyat hokimligi tomonidan tasdiqlangan 89 banddan iborat ma’naviy-ma’rifiy ishlar “Yo‘l xaritasi”, viloyat Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi rejasi va Kengash yig‘ilishlarida belgilangan vazifalar, shuningdek, Markazning viloyat bo‘limi va tashkilotlar o‘rtasida imzolangan “Yo‘l xarita”lari asosida viloyat bo‘yicha 2023 yilning 9 oyi davomida jami 26 ming 778 ta ma’naviy-ma’rifiy tadbir va davra suhbati, korxona, idora va tashkilotlarda esa doimiy ravishda “Ma’rifat soatlari” o‘tkazib kelingan.


Viloyat rahbari erishilgan yutuqlar bilan birga ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli tashkil etishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga ham to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, 30 nafardan ziyod yosh faoliyat olib borayotgan Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mas’ullik qo‘shimcha ish haqi evaziga buyruq bilan yuklangan bo‘lsada, ma’naviy-ma’rifiy ishlar mazkur boshqarmada ikkinchi darajali masalaga aylangan. Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan, “Ma’rifat soatlari” o‘tkazilgan, ammo viloyat markazida faoliyat ko‘rsatayotgan ta’lim muassasalarida o‘rganish olib borilganda mas’ullarda tashabbuskorlik va yangicha yondashuvlarning yetishmasligi, qolipga tushib qolish holatlari mavjud.


Tadbirda viloyatda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish, viloyat Ma’naviyat va ma’rifat Kengashi bilan korxona, tashkilot va muassasalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash yuzasida fikr-mulohazalar bildirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri