“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi hamda uni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan “Zamonaviy targ‘ibot texnologiyalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
Konferensiyada e’tirof etilganidek, bugungi kunda jamiyatdagi ma’naviy bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun sohada olib boriladigan tadqiqotlarni kuchaytirish davr talabiga aylandi. Bu kabi ilmiy konferensiyalar shu jihatdan amaliy ahamiyatga egadir. Shu bilan birga, zamonaviy targ‘ibot texnologiyalarini ishlab chiqish va global ijtimoiy-siyosiy tendensiyalardan boxabar bo‘lish hamda ularni muntazam tahlil qilib borish soha vakillarining asosiy burchi.
Darhaqiqat, O‘zbekistonda kechayotgan ma’naviy jarayonlar rejali va istiqbollidir. Mafkuraviy tahdidlarga qarshi ma’naviy immunitet hosil qilish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish uchun zamonaviy targ‘ibot texnologiyalarini ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega. Bu mavzuda qilingan tadqiqotlarning amaliyotga tatbiq etilishi anjumanning asosiy yutug‘i bo‘la oladi.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman bugungi ijtimoiy-ma’naviy muhit va targ‘ibot texnologiyalari, ma’naviyat sohasiga oid ilmiy tadqiqotlarni tahlil qilish: muammo va yechimlar, jamiyat birdamligini ta’minlaydigan omillar tahlili, xalqparvar davlat barpo etishda ijtimoiy faol fuqaroning rolini oshirish vazifalari, taraqqiyotga olib boruvchi ustuvor qadriyatlarni aholi ongiga singdirish masalalari kabi ilmiy muammolar tahliliga bag‘ishlandi.
Konferensiyada yoshlarda ma’naviy immunitet shakllantirishga erishishning ilmiy-texnologik asoslari, zamonaviy targ‘ibot texnologiyalari ta’sirchan shakllarining bugungi kundagi ahamiyati milliy va ma’naviy muhit bilan bog‘langan tarzda muhokama etildi.
Anjuman sho‘’balari ushbu ilmiy muammolarga aloqador besh yo‘nalishda tanlangan.
Ma’ruzachilar tomonidan ko‘tarilgan muammolar va taklif etilgan yechimlar, ijtimoiy-ma’naviy muhit va targ‘ibot texnologiyalari bo‘yicha tajriba almashinuvlar, nazariy xulosalar bilan amaliyotni uyg‘unlashtirish bo‘yicha takliflar mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada yaxshilashga, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Anjumanning munozaralar qismi qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Konferensiya ishida professor-o‘qituvchilar va amaliyotchi mutaxassislar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, doktorantlar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
N.Usmonova, O‘zA