21-mart — O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov tavallud topgan kun
Uyg‘onguvchi bog‘larni kezdim,
Topay dedim qirdan izingni.
Yonog‘ingdan rang olgan dedim
- Lolazorga burdim yuzimni,
Uchratmadim ammo o‘zingni,
- Sen bahorni sog‘inmadingmi?
Uzoqlarda zalvorli tog‘lar
Xayolimni keldilar bosib.
Kechdi qancha intizor chog‘lar,
Vasling menga bo‘lmadi nasib,
Sensiz men ham, bahor ham g‘arib,
- Sen bahorni sog‘inmadingmi?
O‘ngirlarda sakraydi ohu,
Na’matakda sa’va mittijon.
Qorliklardan sipqarilgan suv,
Daralarda uradi javlon.
Nigohimdan faqat sen pinhon,
- Sen bahorni sog‘inmadingmi?
Mana, bugun Navro‘zi olam,
Do‘stlarimga gullar tutarman.
Qaylardasan, sevgili erkam...
Qo‘limda gul, seni kutarman,
Umrim bo‘yi chorlab o‘tarman,
- Sen bahorni sog‘inmadingmi?
Abdulla Oripov ijodi zamonaviy o‘zbek adabiyotining yorqin sahifalarini ochdi. Uning she’rlarida insonning chuqur ruhiy dunyosi va xalq tarixi tahlil etiladi.
O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov 1941-yil 21-mart kuni Qashqadaryo viloyatida tavallud topdi. 1958-yil o‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlab, tahsilni O‘zbekiston Davlat universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetining jurnalistika bo‘limida davom ettirdi.
1963-yil universitetni a’lo baholar bilan yakunlab, «Yosh gvardiyachi» tahririyatida, G‘ofur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at tahririyatida, «Sharq yulduzi» jurnalida, 1972-yildan 1982-yilgacha O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi, Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyati bo‘linmasi kotibi, «Gulxan» jurnali bosh muharriri vazifalarida ishladi. 1996-yildan 2009-yilgacha O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston mualliflik huquqini himoya qilish qo‘mitasi raisi etib tayinlandi.
Abdulla Oripov «Qush» nomli ilk she’rini universitetda o‘qigan kezlarida yozdi. Uning «Bahor», «Birinchi muhabbatim», «Kuz», «Saraton», «O‘zbekiston», «Munojotni tinglab», «Otello», «Sarob», «Dengizga», «Malomat toshlari», «Oltin baliqcha», «Yuzma-yuz», «Genetika» va boshqa she’rlari XX asrning ikkinchi yarmi o‘zbek adabiyotining yorqin namunasidir.
1965-yil uning ilk she’riy to‘plami «Mitti yulduz» chop etildi. So‘ng «Ko‘zlarim yo‘lingda», «Onajon», «Ruhim», «O‘zbekiston», «Qasida», «Xotirot», «Yurtim shamoli», «Hayrat», «Najot qal’asi» va boshqa she’riy to‘plamlari chop etildi.
«Jannatga yo‘l» (1978), «Tabib va o‘lim» (1980), «Ranjkom», «Sohibqiron» (1996) dostonlari Abdulla Oripov qalamiga mansub.
2000-2001-yillar to‘rt tomlik saylanmasi «Sara asarlari» nashrdan chiqdi.
Shoir Dante Aligerining «Ilohiy komediyasini»ni, N. Nekrasov, L. Ukrainka, T. Shevchenko, K. Kuliyev va boshqalarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi.
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov 2016-yilda olamdan o‘tdi.
A. Rustamov tayyorladi, O‘zA