Ma’muriy sud nega taqdimnoma kiritadi?
Biror bir jinoyat yoki qonunbuzilishi o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi. Uni keltirib chiqaruvchi omillar bo‘ladi. Huquqni muhofaza qiluvchi va vakolatli organlar tomonidan chiqarilayotgan taqdimnomalar aslida ogohlik sabog‘i bo‘lishi kerak. Ammo ayrim tashkilotlar, mutasaddi rahbarlarning bu borada befarqliligi kuzatilmoqda. Shuni e’tiborga olish kerakki, taqdimnoma jinoyat yoki huquqbuzarlikning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rish yuzasidan kiritiladi.
Xo‘sh, bugungi kunda sudlar tomonidan qanday taqdimnomalar chiqarilmoqda va unga mas’ullarning munosabati qay darajada?
Joriy yilning 9 oyi davomida Farg‘ona viloyati ma’muriy sudlari tomonidan ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan korxona, tashkilot, idoralarga nisbatan 3 ta taqdimnoma, 298 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan.
Xususan, O‘zbekiston tumani hokimi tomonidan yerni zaxiraga olish, ajratish hamda ijaraga berishda juda ko‘plab qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani holati aniqlanganligi sababli huquqiy baho berish va muhokama qilish uchun viloyat ma’muriy sudi tomonidan xalq deputatlari viloyat Kengashiga taqdimnoma kiritilgan. Mazkur taqdimnoma Kengash sessiyasida ko‘rib chiqilib, unga ko‘ra, yer munosabatlarini tartibga solish, yerga oid qonunlarni qo‘llashda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlarini oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, Oltiariq tumani hokimligining qarorlari sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi boshqa tuman (shahar) hokimliklariga nisbatan yuqori salmoqni tashkil etganligi va tumanda yerga oid qonun hujjatlarini qo‘llashda ko‘plab qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi sababli viloyat ma’muriy sudi tomonidan Xalq deputatlari viloyat Kengashiga muhokama qilish va chora-tadbirlar belgilash uchun 2021 yil 25 iyun kuni taqdimnoma kiritilgan.
–Bundan tashqari, viloyat ma’muriy sudi tomonidan sud majlisi jarayonida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha mahalliy hokimliklar (Oltiariq, Quva, Beshariq, Farg‘ona tumanlari va Quvasoy shahar) mansabdor shaxslariga nisbatan tekshirish o‘tkazish va qat’iy choralar ko‘rish yuzasidan prokuratura organlariga 6 ta xabarnomalar yuborilgan, – deydi viloyat ma’muriy sudi raisi Doniyorxo‘ja Mahamatov. –Chiqarilgan xususiy ajrimlar natijasida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yganligi sababli kadastr organlarida faoliyat yuritayotgan 7 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.
Hozirgi kunga qadar mazkur chiqarilgan 298 ta xususiy ajrimlarning 269 tasiga belgilangan tartibda javob xatlari berilgan bo‘lsada, biroq 19 ta muddati o‘tgan xususiy ajrimlarning ijrosi bo‘yicha shu kunga qadar sudga ma’lumotlar taqdim etilmagan. Xususan, “Xayrullo Bahrom Boymatov” fermer xo‘jaligining Oltiariq tuman hokimining 2021 yil 27 yanvar kungi 26-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi arizasi bo‘yicha Farg‘ona viloyati ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 11 may kungi qarori bilan birinchi instansiya sudi tomonidan Oltiariq tumani hokimligi mansabdor shaxslari tomonidan yer bilan bog‘liq munosabatlarga oid qonunlarning bajarilishida ko‘plab qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi sababli ularning harakatlariga tegishli munosabat bildirish uchun Oltiariq tuman hokimligi mansabdor shaxslariga nisbatan xususiy ajrim chiqarildi. Xususiy ajrim Farg‘ona viloyati hokimligiga muhokama, chora ko‘rish va kelgusida qonunbuzilish holatlarini oldini olish uchun yuborilgan.
Ma’muriy organlar, xususan, tuman, shahar hokimliklari mansabdor shaxslari tomonidan sud hujjatlari ijrosi to‘laqonli bajarilmayapti. Shuni unutmaslik kerakki, taqdimnoma yoki xususiy ajrim bajarilmagan yoki vijdonan bajarilmagan taqdirda korxona, muassasa yoki tashkilotning aybdor rahbari qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka tortiladi.
M. Sulaymonov, O‘zA