Ma’muriy sudlarning rolini oshirish, shu jumladan, davlat organi hujjatiga ishonib faoliyat yuritgan fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini qo‘shimcha ravishda kuchaytirish zarurati sababli 2025 yil 30 yanvarda davlatimiz rahbarining “Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini sud orqali himoya qilishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatda davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali hamda ishonchli himoya etilishini ta’minlash va ma’muriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqib yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida tashkil etilgan "Ma’muriy odil sudlovni takomillashtirishning dolzarb masalalari" mavzuidagi xalqaro konferensiyada shu haqda so‘z yuritildi.
Oliy sud raisining o‘rinbosari Shuhrat Polvonov 2017 yilda mamlakatimiz tarixida ilk marotaba ma’muriy sudlar tashkil qilingani fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari va mansabdor shaxslarning qonunga xilof qarorlari, harakatlari ustidan sudga shikoyat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashda muhim qadam bo‘lganini qayd etdi.
Raqamlar sudlarning yuqori samaradorligidan dalolat beradi: so‘nggi 8 yil ichida 122 mingdan ortiq ariza ko‘rib chiqildi va 57 foizdan ortig‘i qanoatlantirildi. Bu esa, ma’muriy sudlarning aholi va biznes uchun zarurligini tasdiqlaydi.
Bu borada ma’muriy sudlar zimmasiga shikoyatlarni ko‘rib chiqishda «faol ishtirok etish» tamoyili asosida nizoni to‘g‘ri hal qilish uchun dalillarni mustaqil yig‘ish majburiyati yuklangani, sud qarori ijrosini ta’minlamagan mansabdor shaxslarga jarima qo‘llash vakolati berilgani ham ushbu institut takomillashib borayotganidan dalolat beradi.
Prezident qarori asosida ma’muriy sudlar faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ishonchli va samarali himoya etilishi ustuvor ravishda ta’minlanadi.
Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini tiklashda sudning faol ishtiroki prinsipini qo‘llash mexanizmlari kengaytiriladi.
Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish, ma’muriy sud ishlarini yuritishda nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlari takomillashtiriladi.
Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilishda ma’muriy sudlarning rolini kuchaytirish orqali aholining sud tizimiga bo‘lgan ishonchi yanada oshiriladi.
[gallery-22930]
Davlat organlari tomonidan sud qarorlari ijro etilishi ustidan nazoratning ta’sirchan mexanizmlari to‘liq joriy etiladi.
Ma’muriy yustitsiya tizimi rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ma’muriy sudlar faoliyati takomillashtirib boriladi.
Konferensiyada Yaponiya tajribasiga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirda onlayn ishtirok etgan Yaponiya adliya vazirligi ilmiy-huquqiy instituti xalqaro hamkorlik departamenti professori Yamashita Takuro O‘zbekistondagi ma’muriy sohadagi islohotlar yaxshi davom etayotganini ta’kidladi. Prezident qarori asosida soha takomillashtirilishi, bu borada xalqaro hamkorlikka urg‘u berilayotgani e’tiborga loyiqligini qayd etdi.
Tadbirda ishtirok etgan Nagoya iqtisodiyot universiteti professori Katsuya Ichixashi, professor Matsumoto Mikiko ma’muriy sohadagi Yaponiya tajribasi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Dastlabki eshituv instituti, davlat organlari vakillarining sud majlislarida majburiy ishtirokini ta’minlash, soliq organining soliq to‘lovchiga nisbatan da’volarini ma’muriy sudlarda ko‘rib chiqish xususiyatlari, fuqarolarning ma’muriy hujjatga bo‘lgan ishonchini himoya qilish mexanizmlari bo‘yicha xalqaro tajriba ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha xalqaro ekspertlar Berlin shahri ma’muriy sudi sudyasi Yorg Pudelka (Germaniya) va Ozarbayjon Respublikasi Oliy sudi sudyasi Sayad Karimov ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Konferensiya sud hamjamiyati, ilmiy doira va xalqaro ekspertlar o‘rtasida konstruktiv muloqot uchun maydoncha bo‘ldi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA