O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi PF-6012-son Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Yo‘l xaritasining 56-bandi ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi.
Xo‘sh, mazkur Kodeks loyihasi amaldagi MJtKdan qanday jihatlari bilan farqlanadi?
Avvalambor, Kodeks bilan tartibga solingan munosabatlar doirasidan kelib chiqib, Kodeks nomi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeks (keyingi o‘rinlarda – MHtK) deb nomlanmoqda. Shuningdek, quyidagi asosiy o‘zgartirishlar nazarda tutilgan:
MA’MURIY JAZOLAR TIZIMIDA...
MHtK loyihasida ma’muriy jazo choralari tizimini liberallashtirish hamda korrupsiya holatlarini oldini olish maqsadida jarimalar miqdorining muqobil variantidan voz kechilgan hamda ular qat’iy ko‘rinishga keltirilgan, bunda modda sanksiyalarida belgilangan jarimalarning eng kam miqdori asos qilib olingan.
Ya’ni, amaldagi MJtKda muayyan ma’muriy huquqbuzarlik uchun jarima miqdori «bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravaridan 5 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi» deb belgilangan bo‘lsa, loyihada ushbu jarima miqdori «bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida jarima qo‘llanishiga sabab bo‘ladi» deb belgilab qo‘yilmoqda.
Bunday o‘zgartirish belgilangan jarima miqdorlarini pasaytirish orqali jazolarni liberallashtirish maqsadini ko‘zlaydi. Shu orqali jarima miqdorlari qat’iy shaklda tayinlanib, jarimaning eng yuqori miqdori qo‘llanilishida yuz berishi mumkin bo‘lgan korrupsiya holatlarini oldini oladi.
Jarima miqdorlarini qat’iy ko‘rinishda belgilashga qaratilgan o‘zgartirish xorijiy davlatlar, jumladan, Qozog‘iston tajribasida ham mavjud bo‘lib, jarima miqdorini jazo qo‘llovchi organ ixtiyorida qoldirmaslikni nazarda tutadi.
Shuningdek, jarimalar miqdori jazolarning xususiyatidan kelib chiqib, liberallashtirish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqilgan.
MHtKga kiritilgan jarima bilan bog‘liq asosiy o‘zgartirishlardan yana biri huquqbuzarlikning takror sodir etilishini oldini olishga qaratilgan mexanizmdir. Ya’ni, loyiha bilan ma’muriy huquqbuzarliklarni takror sodir etilishini oldini olish, takroriy huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida takroriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni belgilovchi umumiy qoida o‘rnatilmoqda.
Qisqacha aytadigan bo‘lsak, huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bir yil ichida takror ma’muriy huquqbuzarlik sodir etmasa, jarimani yuqorida keltirilgan qat’iy shaklda to‘laydi. Biroq, ma’muriy huquqbuzarlik uchun jazo qo‘llanilganidan keyin ushbu huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilgan taqdirda, huquqbuzar sanksiyada nazarda tutilgan jarima miqdorining ikki baravarini to‘laydi. Ushbu qoida jarima miqdori alohida belgilangan hollarga hamda boshqa jazo turlariga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Ma’muriy jazo tizimidagi o‘zgarishlardan yana biri jamoat ishlari jazosini kiritilishidir.
Ma’lumot uchun: Ushbu jazo turi Ukraina (MHTKning 83-moddasi), Ozarbayjon Respublikasi (MHTKning 28-moddasi) qonunchiligida belgilangan.
Ma’lumki, ma’muriy huquqbuzarliklar ijtimoiy foydali mehnat bilan band bo‘lmagan, vaqtincha ishsiz bo‘lgan shaxslar tomonidan nisbatan ko‘proq sodir etiladi. Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga nisbatan jarima jazosi qo‘llanilishi uning moddiy jihatdan yanada qiyin ahvolga solishi (u oilada yagona boquvchi bo‘lishi mumkin.), bu esa o‘z navbatida, og‘ir oilaviy sharoitni keltirib chiqarishi mumkin. Shuningdek, jarima jazosini ijrosini ta’minlashda qator muammolar ham yuzaga keladi.
Kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, sud ushbu holatda huquqbuzarning og‘ir shaxsiy, oilaviy yoxud boshqa sharoitlarini o‘rganib chiqib, jarima jazosini undirish imkoniyati mavjud emasligidan kelib chiqib, mazkur jazo turini tayinlash vakolatiga ega bo‘ladi.Xabarnoma blankasi rasmiylashtirilishi munosabati bilan ma’muriy javobgarlikdan ozod etish tartibini belgilash (Yevroprotokol) loyihada fuqarolar uchun ko‘zda tutilgan muhim qo‘shimchalardan biridir.
Bizga ma’lumki, shaxs tomonidan amaldagi MJtKning 133-moddasida (transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi) yoki 134-moddasida (haydovchilarning yo‘l harakati qoidalarini buzishi transport vositalarining yoki boshqa mol-mulkning shikastlanishiga olib kelishi) nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilgan taqdirda, ushbu yo‘l-transport hodisalari o‘rnatilgan tartibda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan rasmiylashtiriladi.
Mazkur qoida yo‘l-transport hodisasi yuzasidan ma’muriy ish yuritish olib borilishiga va ishni sud tartibida ko‘rib chiqilishiga asos bo‘ladi. Biroq, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplash bilan yakunlanadigan ushbu protsessual tartiblar fuqarolar uchun ortiqcha ovoragarchilik va qo‘shimcha vaqt va xarajatlarni keltirib chiqaradi.
Loyihada esa bu masalani tez va samarali hal qilish mexanizmi nazarda tutilmoqda. Ya’ni, xabarnoma blankasini rasmiylashtirish (Yevrotrotokol) orqali yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilarining kelishuvga erishishi va keltirilgan zarar sug‘urta to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq qoplab berilishidir. Natijada huquqbuzarlik sodir qilgan shaxs ma’muriy javobgarlikdan xabarnoma blankasi rasmiylashtirish orqali ozod etiladi.
Ma’lumot o‘rnida: Yevroprotokol Rossiya (2009 yildan), Belarus (2010 yildan), Ukraina (2011 yildan), Fransiya, Belgiya (1972 yildan) davlatlari tajribalarida xam mavjud.
Boshqacha qilib aytganda, yevroprotokol deganda, sug‘urta to‘lovlarini olish uchun yo‘l-transport hodisalarini vakolatli organ xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibi tushunilishi kerak.
Biroq, yevroprotokol barcha yo‘l-transport hodisalariga nisbatan qo‘llanilmaydi. Yevroprotokolni rasmiylashtirish uchun yo‘l harakati qatnashchilari sog‘lig‘i va hayotiga, jamoat mulkiga zarar yetmagan, haydovchilarning fuqarolik javobgarligi sug‘urta qilingan va ular o‘zaro kelishuvga erishgan bo‘lishi lozim.
MA’MURIY HUQUQBUZARLIKLAR...
Loyihada amalda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan yoki fuqarolik qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan yoxud intizomiy javobgarlikka sabab bo‘ladigan ma’muriy huquqbuzarliklarni chiqarib tashlash (masalan, elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash (100-modda), transport vositalaridan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanish (141-modda), shartnoma intizomini buzish (1761-modda), fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishi (1841-modda), notarial harakatni amalga oshirishni qonunga xilof ravishda rad etish (1931-modda) va boshqalar) nazarda tutilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan xalqaro standartlarni va xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini imlementatsiya qilish hamda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish maqsadida loyihadan korrupsiya bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklarni chiqarib tashlash va uni Jinoyat kodeksida aks ettirish belgilanmoqda.
Xususan, ularga nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish (611-modda), davlat organining, davlat ishtirokidagi tashkilotning yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish (1931-modda), shuningdek, uning qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi (1932-modda) kabi huquqbuzarliklar misol bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida: IHTT tomonidan 2019 yilning mart oyida O‘zbekistonda Istanbul harakatlar rejasining 4-raund monitoring natijalari bo‘yicha berilgan 30-sonli tavsiyada pora bilan bog‘liq barcha qilmishlar, shu jumladan MJtKda aks ettirilganlari JK bilan qamrab olinishi kerakligi qayd etilgan.Kodeks loyihasiga ma’muriy huquqbuzarlikka sabab bo‘luvchi yangi huquqbuzarlik turlari, jumladan, oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarni buzish, majburiy energetik tekshiruvlar va ekspertizalar o‘tkazmaganlik, naslchilik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish, temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligi qoidalarini buzish, piyoda va boshqa yo‘l harakati qatnashchilariga yo‘l bermaslik kabi huquqbuzarliklar kiritilmoqda.
Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish tartibida
Jazolar tizimiga kiritilayotgan o‘zgartirishlardan kelib chiqib, loyihada sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarliklar turlari kamaytirildi hamda ma’muriy javobgarlikka tortishga vakolatli bo‘lgan organlar toifasi kengaytirilmoqda.
Shuningdek, jabrlanuvchining arizasiga asosan ish yuritishni boshlash va tugatish tartibini joriy qilish nazarda tutilgan. Ya’ni, muayyan huquqbuzarlik turlari (masalan, haqorat, tuhmat) bo‘yicha jabrlanuvchi arizasi mavjud bo‘lgandagina, ma’muriy ish yuritish boshlanishi mumkin. O‘z navbatida, jabrlanuvchi arizasini qaytarib olishi ish yuritishni tugatishga asos bo‘ladi.
Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolatiga ega bo‘lgan organlar (mansabdor shaxslar) ro‘yxati belgilab qo‘yilmoqda. Mazkur tartib xorijiy davlatlar, xususan, Rossiya Federatsiyasi MHTKning 28.3-moddasida, Qozog‘iston MHTKning 804-moddasida mavjud bo‘lib, huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlanishiga, latent huquqbuzarliklar sonining kamayishiga imkon beradi.
MHTK loyihasida soddalashtirilgan tartibda ish yuritish tartibi ham joriy etilgan. Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish huquqbuzarlik aniqlangan paytda, huquqbuzar ishtirokida bayonnoma tuzish vakolatiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish uchun elektron tizim o‘rnatilgan qurilmalar yordamida jarima solish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan iborat bo‘ladi.
Soddalashtirilgan tartibda ishni ko‘rishga shaxs huquqbuzarlik faktini tan olishi hamda ishni soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish uchun roziligi talab qilinadi. Ish soddalashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilganda, huquqbuzarga nisbatan ushbu Kodeksning tegishli moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan jarimaning 85 foizi miqdorida jazo tayinlanadi.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror ustidan shikoyat (protest) berishga oid qoidalarda quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar nazarda tutilgan:
• Sudning ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qarori ustidan apellyatsiya shikoyati (protest) berish institutini joriy qilish;
• Sudning ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qarori ustidan kassatsiya shikoyati (protesti) berish institutini takomillashtirish;
• Nazorat instansiyasida ish yuritish institutini bekor qilish.
Taklif etilayotgan Kodeks loyihasining qabul qilinishi bilan ma’muriy huquqbuzarliklar yuzasidan ish yuritish tizimi takomillashtirilib, mazkur ish yuritish tizimidagi ortiqcha tartib-taomillar bekor qilinadi, ma’muriy huquqbuzarlik yuzasidan jazoga tortish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat berish tizimi takomillashtiriladi hamda ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishga erishiladi.
Adiba Safarova,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti
mas’ul xodimi