Ma’mun universitetida zamonaviy vivariy faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Ma’mun universiteti Tibbiyot fakultetida zamonaviy Vivariy faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur vivariy ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish, talabalarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda tibbiyot sohasida ilg‘or tajribalarni o‘rganish uchun muhim baza vazifasini bajaradi.


Vivariy ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari yoki ta’lim muassasalari qoshida tashkil etilgan, tajriba o‘tkazish uchun mo‘ljallangan hayvonlarni boqish va ko‘paytirish maskanidir.
Tibbiyot, biologiya va veterinariya sohalaridagi kashfiyotlar, dori vositalarining ta’sirini o‘rganish aynan vivariylarsiz amalga oshmaydi.


Endilikda talabalar tajribaviy tadqiqotlar olib borishi, nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlashi, zamonaviy hamda ilmiy yondashuvlar asosida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Vivariyning ochilishi universitetda tibbiy ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, ilm-fan va amaliyotni uyg‘unlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Bu esa kelajakda yetuk, raqobatbardosh va zamonaviy bilimlarga ega tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qiladi.


Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri