Bunda, har bir kompleks rahbari oʻzining vazirlari bilan birga har chorakda viloyatlarga borib, tegishli sohalardagi mavjud muammolarni hal etishi va natijalari boʻyicha viloyat xalq deputatlari kengashi va faollari oldida hisobot berishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-avgust kuni mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 2019-yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlarni muhokama qilish hamda 9 oy va yil yakuni boʻyicha belgilangan prognoz parametrlariga erishishni taʼminlaydigan ustuvor vazifalarga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazildi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari rahbarlari, Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, yoqilgʻi-energetika, qayta ishlash sanoati va agrosanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, hududlarni kompleks rivojlantirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy sohalarni yaxshilash, aholi farovonligini oshirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijalari chuqur tahlil qilindi.
Bundan buyon Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirlar, qoʻmitalar va xoʻjalik birlashmalari raislari oʻzlarining ish uslubini tubdan oʻzgartirib, koʻproq hududlarga, olis qishloqlarga borib, pastdagi muammolarni aniqlash va hal etishda hokimliklar, tadbirkorlar va joylardagi rahbarlarga amaliy yordam berishi zarurligi taʼkidlandi.
Bunda, har bir kompleks rahbari oʻzining vazirlari bilan birga har chorakda viloyatlarga borib, tegishli sohalardagi mavjud muammolarni hal etishi va natijalari boʻyicha viloyat xalq deputatlari kengashi va faollari oldida hisobot berishi kerak.
Xuddi shunday, viloyatlar hokimlari ham oʻz oʻrinbosarlari va viloyat boshqarmalari rahbarlari bilan birga har chorakda tumanlarga borib, muammolarni hal qilib, tuman xalq deputatlari kengashi va faollar oldida hisobot beradi.
Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga rahbar va hokimlarning pastga tushib ishlashi va hisobot berishi boʻyicha yangi tizimni amalda joriy qilish masʼuliyati yuklandi.
Yigʻilishda makroiqtisodiyot, tarkibiy oʻzgartirishlar, moliya-bank tizimi va xususiy tadbirkorlik masalalarimuhokama qilindi. Joriy yilning birinchi yarmida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 5,8 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,9 foiz oʻsgani qayd etildi. Mahalliy byudjetlar ixtiyorida 2,6 trillion soʻmdan ziyod yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar koʻp mablagʻ qoldirildi. Byudjet daromadlari qariyb 51 trillion soʻmni yoki prognozga nisbatan 109 foizni tashkil etdi.
Yigʻilishda davlat byudjetining daromadlari va xarajatlari mutanosib boʻlishini taʼminlash, mahalliy byudjetlarga qoʻshimcha tushumlar rezervlarini topish va safarbar qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Bank tizimini tubdan isloh qilish, zamonaviy bank xizmatlarini joriy etish va ularning sifatini oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari narxlarning keskin oshib ketishining oldini olish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.
Dastlabki 6 oyda inflyatsiya 5,6 foizni tashkil qilib, prognoz koʻrsatkichlaridan oshmagan. Lekin tariflar va narxlar bosqichma-bosqich bozor mexanizmlariga oʻtayotgani bois mutasaddilarga inflyatsiya oʻsishining oldini olish boʻyicha zarur choralar koʻrish topshirildi.
Maʼlumki, avgust oyi boshida oʻtkazilgan yigʻilishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi atroflicha muhokama qilinib, bu borada yangi tizim joriy etish belgilangan edi. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, unga Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, tijorat banklari va sugʻurta kompaniyalari biriktirildi.
Yigʻilishda ushbu yangi tizimni joylarda joriy etish orqali keng aholini tadbirkorlikka jalb qilish, ularning bandligi va daromadini oshirish zarurligi taʼkidlandi.
Sanoatning iqtisodiyotdagi oʻrnini oshirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.
– Oxirgi bir yilda yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat ulushi 26 foizdan 30 foizga yetgan boʻlsa-da, bu biz boshlagan islohotlar koʻlamiga nisbatan hali yetarli emas, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Joriy yil oxiriga qadar Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 25 ta, “Oʻzeltexsanoat”da 18 ta, “Oʻzavtosanoat”da 7 ta, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 5 ta investitsiya loyihasi boʻyicha yangi quvvatlar ishga tushirilishini jadallashtirish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Qariyb 100 xil turdagi kundalik isteʼmol tovarlarini sanoat kooperatsiyasi orqali ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, korxonalar bilan manzilli ishlab, ularning quvvatini oshirishga koʻmaklashish zarurligi taʼkidlandi.
Mamlakatimizda Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili deb eʼlon qilingan joriy yilda sarmoyalar, avvalo, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etish va oʻzlashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Birinchi yarim yillikda qariyb 86 trillion soʻm, yaʼni oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 barobar koʻp investitsiyalar oʻzlashtirilgani bunga yaqqol misoldir. Shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirilishi 2,7 barobar, xalqaro moliya institutlari mablagʻlari jalb etilishi 3,7 barobar oʻsgan.
Alohida taʼkidlash joizki, mamlakatimiz tarixida birinchi marta investitsiyaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 38 foizdan oshdi. Oldingi yillarda bu koʻrsatkich 25 foizga ham yetmasdi.
12-avgust kuni oʻtkazilgan videoselektorda investitsiyalar va eksport hajmini koʻpaytirish yuzasidan belgilab berilgan vazifalarni oʻz muddatida va sifatli bajarilishini taʼminlash kerakligi yana bir bor qayd etildi.
Yoqilgʻi-energetika sohasi va sanoatning bazaviy tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu tarmoqda yagona davlat siyosatini olib boruvchi Energetika vazirligi tashkil qilindi.
Yigʻilishda bu sohani izchil rivojlantirish, tobora oʻsib borayotgan ichki ehtiyojni qondirish uchun xomashyo bazasini muntazam kengaytirib borish kerakligi qayd etildi.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish va yetkazib berishda yoʻqotishlarni kamaytirish, energiya resurslari uchun hisob-kitoblar tizimini tartibga solish, debitor qarzdorlikni qisqartirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Kimyo sanoatida yangi mahsulotlar ishlab chiqaradigan 4 ta korxonani yil yakunigacha foydalanishga topshirish, 31 ta investitsiya loyihasi boʻyicha ishlarni tezlashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish, butlovchi qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirib, mahsulotlar tannarxini pasaytirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilib berildi.
Shundan soʻng hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunikatsiyalar infratuzilmasini yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi.
Hisobot davrida uy-joylar, yoʻl-logistika va ijtimoiy infratuzilma obyektlari qurish boʻyicha koʻplab ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Obod qishloq” dasturi doirasida 159 tumandagi 478 ta qishloq yangicha qiyofa kasb etdi, ularga ichimlik suvi, gaz va elektr tarmoqlari tortildi. Shuningdek, 3,6 ming kilometr avtomobil yoʻllarida qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi.
Bu boradagi ishlarni davom ettirib, aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash masalalariga yana bir bor eʼtibor qaratildi.
Yil yakuniga qadar 10 mingta uy-joy va 111 ta koʻp qavatli uylarni qurib bitkazish, 1 ming 200 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, ularning sifati va narxlarini alohida nazoratga olish zarurligi taʼkidlandi.
Transportda yoʻlovchi va yuk tashish sifatini oshirish masalasi muhokama qilinar ekan, mutasaddilarga 10 ming kilometrlik respublika va mahalliy yoʻllarni qurish va taʼmirlash, xalqaro yuk tashishlarga ixtisoslashgan transport-logistika qoʻshma korxonalarini tuzish, Buxoro, Qarshi, Nukus va Termiz xalqaro aeroportlarini “ochiq osmon” rejimiga oʻtkazish, “Navoiy quruqlik porti”ni tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish, shaharsozlik normalari va loyihalashtirish jarayonlarini takomillashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish yuzasidan ham vazifalar belgilandi.
Yigʻilishda agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish borasidagi natijalar ham tahlil qilindi.
Keyingi uch yilda bu sohani barqaror rivojlantirish, mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha koʻplab qarorlar va dasturlar qabul qilindi. Fermerlar manfaatdorligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan iqtisodiy mexanizmlar joriy etildi.
Bugungi kunda isteʼmol mahsulotlarining 70 foizi iqtisodiyotning ushbu tarmogʻida yaratilmoqda. 180 turdan ziyod qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 80 ta mamlakatga eksport qilinib, jami eksport tushayotgan daromadning 20-25 foizini taʼminlamoqda. Iqtisodiy faol aholining 27 foizi ushbu sohada band.
Hozirgacha 94 tumanda 76 ta paxta-toʻqimachilik klasteri tashkil etilgan. Bu yilgi gʻalla hosili 7 million tonnadan ortdi. 15 ming gektar intensiv bogʻlar va 11 ming gektar tokzorlar barpo etildi.
Yigʻilishda bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish, kuz oylarida qoʻshimcha sabzavotlar ekish, tumanlarning tabiiy iqlim sharoitidan kelib chiqib, hosildorlikni oshirish chora-tadbirlari ham belgilandi.
Mahsulotlarni yigʻish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksport qilish boʻyicha infratuzilmani rivojlantirish masalasi koʻrilar ekan, joriy yil oxirigacha quvvati 150 ming tonna boʻlgan 12 ta logistika markazi va sigʻimi 143 ming tonna boʻlgan 224 ta muzlatkichli omborxonani ishga tushirish zarurligi qayd etildi.
Gʻallachilik klasterlari, chorvachilik, parrandanchilik va baliqchilik komplekslari tashkil etish, suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish boʻyicha ham aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Ijtimoiy rivojlantirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Mamlakatimizda taʼlim, sogʻliqni saqlash, turizm, sport va ilm-fan sohalari, xotin-qizlar va yoshlar masalalariga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Jumladan, xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash sohalarini uzoq muddatli rivojlantirish boʻyicha konsepsiyalar qabul qilindi. Ijtimoiy soha xodimlarining ish haqi oʻrtacha 1,5-2 barobarga oshirildi.
Oʻtgan davrda 14 ta yangi oliy taʼlim muassasasi, jumladan 6 ta mahalliy va 8 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasi filiali faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 40 ta yangi taʼlim yoʻnalishi hamda 41 ta yangi mutaxassislik tashkil etildi. Qabul kvotalari oʻtgan yilga nisbatan 20 foizga koʻpaytirildi.
Turizm sohasini jadal rivojlantirish boʻyicha koʻrilgan choralar natijasida 6 oyda yurtimizga 3 million nafardan ortiq xorijiy turist tashrif buyurdi. Bu – oʻtgan yilga nisbatan 30 foizga koʻpdir. Shuningdek, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 28 foiz koʻp turizm xizmatlari eksport qilindi.
Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 100 milliard soʻm ajratildi. Joriy yilning 6 oyi davomida ushbu mablagʻlarning 41 foizi oʻzlashtirilib, xotin-qizlar tomonidan 1 ming 755 ta loyiha amalga oshirildi va 2 ming 240 ta ish oʻrni yaratildi.
Yigʻilishda ijtimoiy sohalarni yanada rivojlantirish, xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
– Barcha davlat idoralari va korxonalarida tizimli ishlash, qatʼiy tartib-intizom, qabul qilingan qarorlarni soʻzsiz bajarish, tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va amaliy yordam berish islohotlarimizning natijadorligini taʼminlashda asosiy omil boʻlishi zarur va shart, – dedi Prezident.
Muhokama qilingan masalalar boʻyicha Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari, hududlar rahbarlari amalga oshirilgan ishlar samaradorligi, 9 oy va yil yakuni boʻyicha kutilayotgan natijalar, bu boradagi ustuvor vazifalarni bajarish yuzasidan hisobot berdi. Yigʻilish yakunlari boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.