So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda “bizga festivallar kerakmi?” degan tor qarash muhokamalar markaziga aylandi.
“Zamonaviy dunyoda madaniyat avvalgidek diplomatiya bilan bog‘liq bo‘lmay, balki xalqaro munosabatlarda o‘zi mustaqil bo‘la boshladi”, degan qarashlar ilgari surilmoqda. Agar ilgari davlatlarning geosiyosatdagi kuchi va mavqei harbiy-sanoat va iqtisodiy salohiyat bilan belgilanadigan bo‘lsa, endi bular jahon sahnasidagi muvaffaqiyatli faoliyat uchun yetarli bo‘lmay qoldi. U yoki bu mamlakatning tarixiy va madaniy merosi tashqi siyosatning muhim manbaiga aylanmoqda. Hozirgi vaqtda xalqaro sahnada katta muvaffaqiyatlarga hujumkor harakatlarga qodir armiyasi bo‘lmagan va jiddiy qurolli salohiyatga ega bo‘lmagan, ammo shunga qaramay xalqaro maydonda muhim obro‘ga ega bo‘lgan davlatlar erishmoqda. Yadro va boshqa qurollar xalqaro munosabatlarda muhim ahamiyatga ega bo‘lmay qoldi. Bunday misollar xalqaro munosabatlarda nodavlat xususiyatlarning ahamiyati ortib borayotganidan dalolat beradi.
So‘nggi vaqtlarda yigirmanchi asr “G‘arb asri” bo‘lsa, yigirma birinchi asr “Osiyo asri”ga aylanadi degan tezis ommalashib bormoqda. Shu ma’noda "Yumshoq kuch" zamonaviy dunyoda eng muhim ta’sir manbalaridan biriga aylanmoqda. “Yumshoq kuch” (inglizcha “soft power”) iborasi o‘tgan asrning 90-yillarida yuqori mansablarda ishlagan amerikalik siyosatshunos, Garvard universiteti professori Jozef Nay (1993-94 yillarda Milliy razvedka Kengashi raisi, 1994-95 yillarda Mudofaa vazirining xalqaro havfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari) tomonidan ilk bor qo‘llanilgan. U 1990 yilda “Foreign Policy” jurnalida “Soft power” “(“Yumshoq kuch”) deb nomlangan maqolasini e’lon qildi. Jozef Nay tashqi siyosatdagi “qattiq kuch” sifatida harbiy aralashuv va iqtisodiy bosimlarni nazarda tutar ekan, qudratli mamlakatlar “qattiq kuchdan” foydalanishlarini ta’kidlaydi. Muallif o‘z fikrini davom ettirib, Qo‘shma Shtatlar vaziyatni o‘zgartirishga imkon beradigan yangi kuch shakliga murojaat qilishi kerakligini, boshqa davlatlar o‘z manfaatlarini AQSH manfaatlariga moslashtirishlari lozimligini ta’kidlaydi. J. Nay o‘z fikrini davom ettirar ekan, "Yumshoq kuch" "... madaniy va axloqiy qadriyatlarni, siyosiy kursning jozibadorligini va mamlakat siyosiy institutlarining samaradorligini namoyish etish orqali xalqaro munosabatlarda boshqalarni o‘z tomoniga jalb qilish qobiliyati" ekanligini eslatib o‘tadi.
“Yumshoq kuch”ning samaradorligi ko‘p jihatdan davlatlarning axborot texnologiyalari va globallashuv davrida aql bovar qilmaydigan o‘zgaruvchan sharoitlarga moslashish tezligi va sifatiga bog‘liq. “Yumshoq kuch” siyosatini amalga oshirishda ulkan axborot oqimini e’tiborga olish kerak. "Yumshoq kuch" – xalqaro maydonda maqsadlarga erishish imkoniyatidir. Bu ommaviy kommunikatsiya, ommabop va yuksak madaniyat, ta’lim xizmatlari ko‘rsatish, qulay iqtisodiy muhit, jozibali gumanitar va siyosiy ideallarni tarqatish orqali bir davlatning boshqalarga ta’sirini tarqatish bilan bog‘liq bo‘lgan tashqi siyosiy faoliyatning alohida turi, xalqaro sub’ektlarning o‘ziga xos qadriyatlar tizimi.
Biror bir davlatning "yumshoq kuchi"ni amalga oshirishning eng samarali usuli, bu boshqa mamlakatlarning elitasi va jamiyati bilan o‘zaro aloqada bo‘lishga qaratilgan va o‘z mamlakatining jozibali qiyofasini yaratishga qaratilgan madaniy, ma’rifiy, sport, ommaviy axborot vositalari, ilmiy va boshqa loyihalarni o‘z ichiga olgan xalq diplomatiyasi hisoblanadi. Keng ma’noda, xalq diplomatiyasi – bu ma’lum bir davlatning xorijda jamoatchilik fikrini o‘rganish, ularni xabardor qilish va ijobiy imijini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir. Xalq diplomatiyasi ishtirokchilari nafaqat hukumatlar va davlat hokimiyati organlari, balki madaniyatlararo aloqalar ishtirokchilari sifatida nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, biznes tuzilmalari, xususiy guruhlar va shaxslar bo‘lishi mumkin.
Qo‘shma Shtatlarning asoschilaridan biri Tomas Jefferson 1785 yilda Parijda elchi sifatida faoliyat yuritar ekan, J.Madisonga madaniyat va san’at yordamida "vatandoshlarimizning didini rivojlantirish, ularning dunyodagi obro‘sini oshirish, hurmat va sharafini ta’minlash" mumkinligini yozgan edi. Bugun madaniyatning xalqaro munosabatlardagi o‘rni yanada qadrlandi. "Yumshoq kuch" tushunchasining paydo bo‘lishi bilan madaniyat davlat manfaatlarini ilgari surish, ijtimoiy-madaniy hamkorlikni kengaytirish va mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni yaxshilash uchun foydalaniladigan diplomatiyaning muhim manbaiga aylandi. Madaniy diplomatiya doirasida mehmondo‘stlikning o‘ziga xos texnikasi alohida ahamiyatga ega edi.
Ba’zi zamonaviy tadqiqotchilar madaniy diplomatiyani madaniyat, fan va san’at orqali xalqaro maydonda davlat manfaatlarini ilgari surish va targ‘ib qilish nuqtai nazaridan ko‘rib chiqmoqda.
Madaniy diplomatiya G‘arb mamlakatlari tomonidan faol qo‘llanila boshlandi va bu atama madaniy aloqalarni rivojlantirish va mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni yaxshilash uchun xalqaro munosabatlarda foydalanishni anglatuvchi mutlaqo ijobiy talqinni oldi. Ushbu yondashuv "madaniyat" tushunchasini kengroq talqin qilishni nazarda tutadi. Ta’kidlash joizki, adabiyotida "madaniy diplomatiya" atamasi bilan bir qatorda "tashqi madaniy siyosat" tushunchasi ko‘pincha sinonim sifatida ishlatiladi.
Amerikalik tadqiqotchi Milton Kammings madaniy diplomatiyani "o‘zaro tushunishni yaxshilashga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan g‘oyalar, ma’lumotlar, qadriyatlar, urf-odatlar, e’tiqodlar va madaniyatning boshqa jihatlari almashinuvi” deya atagan edi. Shu bilan birga, madaniy diplomatiya xalq diplomatiyasining ajralmas qismi bo‘lib, davlatlar, xalqaro tashkilotlar va boshqa institutlar o‘rtasidagi madaniy hamkorlik sohasida strategik va taktik maqsadlarga ega amaliy harakatlar majmuini ifodalaydi.
Tadqiqotchilar zamonaviy dunyoda elita (siyosatchilar, elchilar va jamoat arboblari) diplomatiyasi bilan bir qatorda oddiy odamlar o‘rtasida keng ko‘lamli madaniy almashinuvni nazarda tutuvchi “xalq diplomatiyasi” tobora muhim ahamiyat kasb etayotganiga qo‘shiladilar. Shunday qilib, globallashayotgan dunyoda madaniyat xalqaro siyosatning muhim tarkibiy qismiga va davlatning "yumshoq kuchiga" aylanmoqda.
Britaniyalik tadqiqotchi Mark Leonard o‘zining "Diplomatiya boshqa vositalar bilan" asarida 21-asrda xalq diplomatiyasining eng muhim maqsadlarini ta’kidlab o‘tgan edi. Ularning barchasi madaniy siyosatni ishlab chiqish bilan bog‘liq:
mamlakat haqida xabardorlikni oshirish;
xorijda mamlakat va uning qadriyatlari to‘g‘risida ijobiy g‘oyalarni shakllantirish, mamlakat g‘oyalari va qarashlarini tushunishlarini ta’minlash;
– mamlakatga odamlarni turizm va o‘qish uchun jalb qilish, uning tovarlarini chet elda targ‘ib qilish;
xorijiy investitsiyalar va siyosiy ittifoqchilarini jalb qilish.
Aytish mumkinki, madaniy diplomatiya xalq diplomatiyasining o‘ziga xos yadrosidir, chunki madaniyat orqali millat o‘zligini dunyoga ochib beradi, o‘z qadriyatlari va g‘oyalarini taqdim etadi. Bu yerda davlatning madaniy diplomatiyasiga ta’sir qiluvchi bir necha omillar mavjud:
tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari;
ijobiy imijni shakllantirish istagi;
mamlakat tarixi;
madaniy siyosatni moliyalashtirish va moliyalashtirish;
mamlakat rasmiy tilining mashhurligi va dunyoda tarqalishi;
davlatning tijorat manfaatlari.
Madaniy diplomatiyada quyidagilar muhim:
– san’at, shu jumladan teatr, kino, musiqa, raqs, rasm, haykaltaroshlik; – ko‘rgazmalar, shu jumladan xalqaro ko‘rgazmalar;
– chet elda ta’lim va ilmiy va ilmiy almashinuv dasturlari, til dasturlari;
– xorijda kutubxonalar yaratish va milliy asarlarni chet tillariga tarjima qilish;
– chet elda yangiliklar va madaniy dasturlarni translyatsiya qilish;
diniy diplomatiya, shu jumladan dinlararo muloqot tashabbuslari.
Madaniy diplomatiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri madaniy va akademik almashinuv dasturlari, grantlar va stipendiyalar, treninglar, konferensiyalar, shuningdek, axborot kanallariga kirish orqali oddiy odamlar bilan uzoq muddatli munosabatlarni o‘rnatishdir.
Shunday qilib, madaniy aloqalar davlatning xalq diplomatiyasining samarali vositasiga aylanishi va mamlakatning qulay imijini shakllantirishga hissa qo‘shishi mumkin.
Hozirgi bosqichda "yumshoq kuch" xalq diplomatiyasi tizimiga ega davlatlarda, birinchi navbatda, AQSH, Yevropa Ittifoqi davlatlari, Yaponiya tomonidan qo‘llaniladi. Shuningdek, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar ham "yumshoq kuch"dan faol foydalanmoqda (shu o‘rinda Xitoyning “Panda diplomatiyasi”, Yaponiyaning sakura daraxtining gullashiga e’tibor qaratishi, hind kinolarini aytishimiz mumkin).
Madaniy diplomatiya bugungi kunda butun dunyodagi odamlarning ongi, qalbi uchun kurash maydonidir. Mojarolar va xalqaro beqarorlik davrida madaniyatning "yumshoq kuch" vositasi sifatidagi rolini ortiqcha baholab bo‘lmaydi. Yangi O‘zbekiston oldida ham AQSH, Fransiya, Italiya va boshqa mamlakatlar kabi munosib imijini yaratish vazifasi turibdi. Chunki rivojlangan har bir mamlakat o‘z oldida turgan milliy vazifani anglagan holda o‘zining madaniy diplomatiyasiga katta e’tibor qaratmoqda. Shu sababli ham mamlakatimizda o‘tkazilayotgan xalqaro uchrashuvlar, turli festivallar, ilmiy-amaliy anjumanlar O‘zbekistonning jahondagi obro‘si oshishiga xizmat qiladi, deya ochiq ayta olamiz.
Sharofiddin To‘laganov