Vatanimiz tarixidagi 2 mart sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1389 yil (bundan 636 yil oldin) – mashhur avliyo, naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband vafot etdi. Bu voqea haqida Saloh ibn Muborak Buxoriyning “Anis at-tolibin” (“Toliblarning suhbatdoshi”) asarida quyidagicha qayd etilgan: “Alouddin Attor aytmishlar: Hazrat Bahouddin Nakshbandning o‘limlari oldidai men Qur’oni karimning Yosin surasini o‘qirdim. Suraning yarmiga yetganda (Bahouddin Naqshband vujudlaridan) nurlar shu’la socha boshladi. Bir ozdai so‘ng jonlari uzildi. Yoshlari yetmish to‘rtda edi, dushanba kechasi rabiulavval oyining uchinchi kuni, (hijriy) yetti yuz to‘kson birinchi yil (milodiy 1389 yil 2 mart)”.
Bahouddin Naqshbandning qabri azaldan ziyoratgoh hisoblanadi. Ilgari amirlar taxtga o‘tirishdan oldin, safarga chiqayotganda va qaytayotganda albatta Bahouddin Naqshband daxmasini ziyorat qilishgan. Bahouddin Naqshband vafotidan keyin naqshbandiya tariqati keng yoyildi. O‘n beshinchi asrda Xo‘ja Ahror Ubaydulloh Valiy bu tariqatning eng yirik rahnamosi sifatida maydonga chiqdi. Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab kabi shoirlar ham naqshbandiya tariqatida edilar.
1865 yil (bundan 160 yil oldin) – Orenburg general-gubernatorligi tarkibida Orol dengizidan Issiqko‘lgacha bo‘lgan O‘rta Osiyo xonliklari bilan chegaradosh hududlarda Turkiston viloyatini tashkil qilish to‘g‘risidagi Rossiya imperiyasi senatining farmoni e’lon qilindi.
1945 yil (bundan 80 yil oldin) – matematik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Shavkat Alimov tavallud topdi. U 1990–1991 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, 1994–1995 yillarda Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘lgan. 1995–1998 yillarda O‘zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida faoliyat yuritgan.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi jahon hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ga qabul qilindi. O‘zbekiston BMTga a’zo bo‘lgan 179-davlat bo‘ldi. O‘zbekistonni BMTga qabul qilish to‘g‘risidagi qaror BMT Bosh Assambleyasining 46-sessiyasida yakdillik bilan ma’qullash asosida, ovozga qo‘yilmagan holda qabul qilindi. Bu mustaqil O‘zbekiston uchun o‘ta muhim tarixiy voqea edi.
Shu bois, O‘zbekiston Oliy Kengashi Hay’ati mazkur voqea munosabati bilan “Bizning avlodlar 1992 yil 2 mart bahor kunini tarixiy kun deb ataydilar. O‘zbekiston BMTga a’zo qilindi va BMT binosi oldida yosh mustaqil respublikaning bayrog‘i ko‘tarildi”, deb bayonot berdi. O‘zbekistonning BMTga azo bo‘lishi mamlakatda katta xursandchilik bilan kutib olindi. Shu munosabat bilan 1992 yil 6 aprel kuni “Jahon Millatlar Hamjamiyatiga a’zo bo‘lganlik munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida” farmon ham e’lon qilindi.
Mamlakatimizning BMTga a’zo bo‘lishi nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham qizg‘in nishonlandi. 1992 yil 2 mart kuni Nyu-Yorqdagi BMT shtab-kvartirasi oldida mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilganda ushbu bayroqni ko‘rish uchun AQSHdagi o‘nlab shahar va shtatlardan ming-minglab o‘zbeklar (turkistonliklar) Nyu-Yorkka keladilar. BMT binosi oldida O‘zbekiston bayrog‘iga ta’zim bajo keltirish uchun erkaklar o‘zbek milliy kiyimlarida, ya’ni chopon va do‘ppilarda, ayollar atlas ko‘ylaklarda borishgan.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – Namangan viloyatining Mingbuloq qishlog‘i yaqinida burg‘ulash ishlari olib borilayotgan paytda 5237 metr chuqurlikdan kuchli neft favvorasi otilib chiqdi – nodir neft koni ochildi.
1999 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “9 mayni Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2001 yil (bundan 24 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Temir yo‘l transportini monopoliyadan chiqarish va aksiyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.
2015 yil (bundan 10 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Magistratura to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Xalqaro xususiy xuquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasi Ustavini (Gaaga, 1951 yil 31 oktyabr) ratifikatsiya qilish xaqida”gi Qonuni qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Unga muvofiq, 22 mart Mahalla tizimi xodimlari kuni etib belgilandi.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “«Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA