Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 22-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi.

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 22-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi 

Qadrli do‘stlar!

Muhtaram yurtdoshlar!

Shu kunlarda Vatanimiz uchun mustaqil, erkin hayot kechirish, uni taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga ko‘tarish yo‘lining asosiy prinsip va qoidalarini muhrlab bergan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilganimizning 22-yilligini bayramona nishonlamoqdamiz. 

Tariximizda chuqur iz qoldirgan ana shu buyuk sana bilan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan samimiy tabriklash, barcha-barchangizga chuqur hurmat-ehtiromimni izhor etish men uchun katta baxtdir.

Konstitutsiyamizda belgilab berilgan asosiy maqsadlarimiz barchamizga yaxshi ma’lum. Ya’ni, Bosh qomusimiz bozor iqtisodiyotiga asoslangan mustaqil demokratik davlat qurish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligi va mamlakatimiz barcha fuqarolari uchun qonun oldida tenglik tamoyili ta’minlanadigan fuqarolik jamiyatini shakllantirishning mustahkam poydevorini yaratib berdi.

Sobiq Ittifoq, SSSR degan imperiya parokanda bo‘lib, tarqalib ketganidan so‘ng, o‘ta tahlikali bir zamonda biz “shok terapiyasi” kabi modellarning nomaqbul shakllaridan butunlay voz kechganimiz – shuni ta’kidlashimiz zarur – o‘ta muhim va hal qiluvchi qadam bo‘ldi.

O‘zbekistonimizga mos tarixiy, milliy, an’anaviy va iqtisodiy vaziyat va xususiyatlarni inobatga olmasdan turib, “bozor iqtisodiyotining shiddatli girdobiga o‘zingni tashlasang, uning o‘zi ko‘zlangan manzilga olib chiqadi” degan xomxayollardan butunlay voz kechdik. Va bugungi kunda butun dunyoda tan olingan, “o‘zbek modeli” deb nom olgan jamiyatimizni tubdan isloh etish, erkinlashtirish, demokratik yangi davlat qurish, uni modernizatsiya qilish bo‘yicha puxta o‘ylangan taraqqiyot yo‘limizni tanlab oldik. 

Taqdirimiz hal bo‘layotgan o‘sha og‘ir paytda qancha soxta dohiylar maydonga chiqqani, qanday keskin tortishuvlar bo‘lgani, tazyiq va zo‘ravonlik ishlatilgani, yosh davlatimiz kemasini ag‘darishga turli urinishlar sodir etilgani sizlarga yaxshi ma’lum, deb o‘ylayman. 

Lekin bunday urinishlar, harakat va xurujlarning puchga chiqqanini, biz tanlagan taraqqiyot strategiyasining naqadar to‘g‘ri bo‘lganini hayotning o‘zi yana va yana bir bor tasdiqlab bermoqda. 

Shu fursatdan foydalanib, siz, azizlar, sizlarning timsolingizda butun xalqimiz aynan o‘zimizga xos, o‘zimizga mos bo‘lgan, “o‘zbek modeli” deb e’tirof etilgan rivojlanish yo‘limizni keng qo‘llab-quvvatlagani uchun yana bir bor o‘zimning chuqur minnatdorligimni bildirish, sizlarning oldingizda, el-yurtimiz oldida ta’zim qilishni o‘zim uchun ham qarz, ham farz, deb bilaman. 

Biz tanlagan va mashhur besh tamoyilga asoslangan taraqqiyot modelining naqadar haqqoniy va samarali ekani biz qurayotgan yangi demokratik tizimda, iqtisodiyotimiz rivojlanishining barqaror, barchani hayratda qoldirayotgan sur’atlarida, xalqimizning hayot darajasi va sifati ortib borayotganida o‘zining amaliy tasdig‘ini topmoqda. 

O‘tgan davrda biz duch kelgan og‘ir sinov va muammolarga qaramasdan, mustaqillik yillarida O‘zbekiston iqtisodiyoti qariyb 5 barobar, aholi daromadlari jon boshiga o‘rtacha 8,7 barobar o‘sganini, mamlakatimiz aholisi bu davrda 1,5-marta ko‘payib, 2015-yilning 1-yanvarida 31 million 500 ming kishini tashkil etishini inobatga oladigan bo‘lsak, bunday ulkan natijalarga erishganimizni, ochig‘ini aytganda, ba’zan tasavvur qilishning o‘zi ham qiyin. 

Bugungi kunda mamlakatimizning tashqi qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 15 foizdan oshmasligi, ichki qarzimiz umuman yo‘qligi, eksport hajmi, oltin-valyuta zaxiralarimiz barqaror sur’atlar bilan oshib borayotganida ham erishgan ulkan natijalarimiz isbotini ko‘rish, kuzatish qiyin emas. 

Jahon miqyosidagi global iqtisodiy inqiroz hali-beri davom etayotganiga qaramasdan, dunyoning sanoqli davlatlari qatorida O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish sur’atlari so‘nggi 10-yil davomida 8 foizdan ziyod bo‘lib kelmoqda. Yangi – 2015-yilda ham ana shunday yuksak o‘sish sur’atlari ko‘zda tutilmoqda.

Qadrli vatandoshlarim!

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan olamshumul o‘zgarishlar, shahar va qishloqlarimizning qiyofasi tobora chiroy ochib, aholimizning farovonligi yuksalib borayotgani haqida gapirganda, bunday yangilanishlarning g‘oyat muhim manbalari – avvalo, odamlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi va kayfiyati tubdan o‘zgarib, ularning yon-atrofimizda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga daxldorlik hissi, ertangi kunga munosabati va ishonchi tobora mustahkamlanib, siyosiy saviyasi va huquqiy madaniyati o‘sib borayotgani haqida alohida to‘xtalishni o‘rinli deb bilaman. 

Shular haqida so‘z yuritar ekanmiz, biz bundan 17-yil oldin qabul qilgan, qo‘lga kiritayotgan barcha yutuq va marralarimizning omili va zamini bo‘lgan, hammamizni, avvalo, bolalarimizning ongu tafakkurini, hayotga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirgan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va istiqbolli maktab dasturi haqida alohida to‘xtalib o‘tishimiz zarur, deb o‘ylayman. 

Eski tizimning qolip va aqidalaridan xoli bo‘lgan, mustaqil fikrlaydigan va hayotga qaraydigan, Vatanimiz taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir kuch sifatida maydonga chiqayotgan bugungi yosh avlodimiz ayni shu dasturlarning, biz amalga oshirayotgan tarbiyaviy ishlarimizning mahsuli, desam, hech qanday xato bo‘lmaydi. 

Aziz yurtdoshlar, esingizda bo‘lsa kerak, bu dasturni qabul qilayotgan paytda biz vaqti-soati kelib u albatta ijobiy ma’nodagi “portlash effekti”ga sabab bo‘ladi, deb ishonch bildirgan edik. Ming shukrki, haqiqatan ham, hayotimizni butunlay o‘zgartirgan mana shunday dasturimizning, unda mujassam bo‘lgan ezgu maqsadlarimizning ro‘yobga chiqqanini ko‘rish bizga nasib etdi va bu barchamizga katta g‘urur va xursandchilik bag‘ishlab, ko‘nglimizni tog‘dek ko‘taradi, ertangi kunga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlaydi. 

Muhtaram do‘stlar!

Jahon tarixi barchamizga bir haqiqatni doimo eslatib turadi – hayotimiz taraqqiyoti hech qachon bir joyda to‘xtab turmaydi, xuddi shu kabi jamiyatimizni isloh etish va demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiya qilish va yangilash bir muddatlik ish emas, balki muntazam davom etadigan uzluksiz jarayondir.

Ayniqsa, bugun biz XXI asrda – intellektual mehnat birlamchi ahamiyat kasb etayotgan globallashuv va internet asrida yashayotganimizni hisobga oladigan bo‘lsak, jahon bozorida raqobat kurashining miqyosi va keskinligi tobora ortib borayotgani bu haqiqatni yana tasdiqlab bermoqda. 

Bundan qanday xulosa chiqarish kerak?

Javob bitta: bunday sharoitda faqat erishgan yutuqlari bilan cheklanib qolmasdan, jadal o‘zgarib borayotgan davr bilan hamnafas bo‘lib qadam tashlaydigan mamlakatgina o‘z ezgu maqsadlariga erishishi mumkin.

Hayotning ana shunday qat’iy talabini qayd etgan holda, biz tanlagan maqsad, ya’ni taraqqiy topgan davlatlar qatoriga kirish, xalqimiz va kelajak avlodimiz uchun munosib hayot darajasi va sifatini ta’minlash, xalqaro hamjamiyatda yuksak obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lish yo‘lida biz amalga oshirgan ishlarimiz ezgu niyatlarimizga erishishning faqatgina bir qismi ekanini anglab olishimiz darkor. 

Shuning uchun ham qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan chegaralanmasdan, xotirjamlik va havolanish kayfiyatiga berilmasligimiz, aksincha, yangi marralar sari intilishimiz, doimo izlanib yashashimiz, taraqqiyot va yangilanish yo‘lidan izchillik bilan yanada ilgarilab borishimiz zarur.

Ana shu fikr va xulosalardan kelib chiqqan holda, 2010-yilning noyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma yig‘ilishida Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini, boshqacha qilib aytganda, o‘zimizning uzoq va davomli muddatga mo‘ljallangan strategiyamizni qabul qildik, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. 

O‘tgan davr mobaynida Konsepsiyada belgilab berilgan 27 ta qonun, o‘nlab me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, hayotimizga tatbiq etilmoqda. 

Shular qatorida, avvalo, har qanday demokratiyaning asosiy sharti bo‘lmish hokimiyatlar bo‘linishining konstitutsiyaviy prinsipi asosida tub demokratik o‘zgarishlarni chuqurlashtirish bo‘yicha o‘zining ko‘lami va ma’no-mazmuniga ko‘ra ulkan ishlar amalga oshirildi. Natijada Konstitutsiyamizga davlat hokimiyatining asosiy subyektlari – mamlakat Prezidenti, parlamenti, hukumati va sud hokimiyati o‘rtasida vakolatlar taqsimotini optimallashtirishni ta’minlashga qaratilgan tuzatish va o‘zgartirishlar kiritildi. 

Ushbu tuzatishlar va ular asosida qabul qilingan qonunlar davlat hokimiyati organlari tizimida Oliy Majlisning roli va ahamiyatini sezilarli darajada kuchaytirdi, davlatimizning ichki va tashqi siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda mamlakatimiz oliy qonunchilik organining imkoniyatlarini kengaytirdi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi, ijro hokimiyati organlari faoliyatini tashkil etishning prinsip va tartibi o‘zgartirildi, hukumatning vakolatlari yanada kengaytirildi, uning parlament oldida, joylardagi davlat boshqaruvi organlarining Xalq deputatlari kengashlari oldidagi mas’uliyati oshirildi. 

Konstitutsiyaviy qonunchilikka Bosh vazir lavozimiga nomzodni Oliy Majlisning Qonunchilik palatasida eng ko‘p deputatlik o‘rnini olgan siyosiy partiya tomonidan taklif etilishi kabi muhim institutlar kiritildi. 

Konstitutsiyada parlamentning hukumatga nisbatan ishonchsizlik votumini bildirish huquqi, barcha hokimiyat tarmoqlarining huquqlari tengligi va mutanosibligini ta’minlashga qaratilgan boshqa ko‘plab qoidalarga aniqlik kiritildi. 

Bosh qomusimizda parlament va jamoatchilik nazorati instituti, uni amalga oshirish mexanizmlarining mustahkamlangani ham hokimiyatni demokratik modernizatsiya qilishda ulkan ahamiyat kasb etdi. 

Siyosiy partiyalarning yetuklik darajasi, fuqarolarimizning huquqiy ongi, siyosiy va huquqiy madaniyati tobora yuksalib borayotgani, hech shubhasiz, ushbu konstitutsiyaviy islohotlarning eng muhim asosi, ularni amalga oshirishning hal qiluvchi sharti va garoviga aylanmoqda. 

Dastlabki tergov va surishtiruv jarayonida fuqarolarning protsessual huquqlariga rioya etilishi ustidan sud nazoratini kuchaytirishga doir kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Sudda jinoiy ishlarni ko‘rib chiqishda qonuniylik, adolatni ta’minlashning ushbu samarali mexanizmini izchil rivojlantirgan holda, “Xabeas korpus” institutini qo‘llash doirasi kengaytirildi. 

Ilgari bu institut faqat qamoqda saqlash kabi protsessual majburlov choralariga nisbatan qo‘llanganini eslatib o‘tmoqchiman. Endilikda shaxsni lavozimdan chetlashtirish va tibbiy muassasaga joylashtirish ham faqat sudyaning sanksiyasi asosida amalga oshirilishi mumkin. 

Umumiy yurisdiksiya sudlarining tarkibiy tuzilmasi va faoliyatining tashkiliy asoslarini takomillashtirish, ularning kadrlar salohiyatini mustahkamlash, sud xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga doir chora-tadbirlar ham muhim ahamiyat kasb etdi. Ishlarni ko‘rib chiqish sifatini oshirish va muddatlarini qisqartirish maqsadida fuqarolik sudlari soni ko‘paytirildi, sudya lavozimiga nomzodlarga qo‘yiladigan talablar kuchaytirildi.

Axborot sohasini isloh qilish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan demokratik o‘zgarishlar fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish borasidagi huquq va erkinliklarini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini mustahkamlashga, mamlakatni demokratlashtirish jarayonlarida ularning rolini oshirishga xizmat qilmoqda. 

Keng miqyosda o‘tkazilgan huquqiy tajriba yakunlari asosida joriy 2014-yilda qabul qilingan, xalqaro ekspertlar hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otgan va yuksak baholangan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun, hech shubhasiz, qabul qilinayotgan qarorlar sifati uchun hokimiyat va boshqaruv organlari mas’uliyatini oshirganini ta’kidlashni istardim.

Yurtimizda ommaviy axborot vositalari soni jadal o‘sib bormoqda. Bugungi kunda ularning soni 1991-yilga nisbatan 3,5 barobar, jumladan, gazetalar 2,5-marta, jurnallar esa 3,5 karra ko‘paydi. 

Saylov tizimini shakllantirish va rivojlantirish sohasida ham chuqur demokratik o‘zgarishlar amalga oshirildi. 

Asosiy qonunimizning 117-moddasiga kiritilgan so‘nggi tuzatishlarga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasini demokratik asosda shakllantirish tizimi va shuningdek, uning asosiy faoliyat prinsiplari konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlandi, hokimiyatning vakillik organlariga saylovlarni tashkil etish uchun mas’ul bo‘lgan saylov organlarining butun tizimi mustaqilligining kafolatlari kuchaytirildi. 

Ishonchim komil, saylov qonunchiligiga kiritilgan, saylash erkinligi va o‘z xohish-irodasini erkin bildirish borasidagi konstitutsiyaviy tamoyilni amalga oshirishga qaratilgan ana shunday va boshqa qator o‘zgartish va qo‘shimchalar shu yil 21-dekabr kuni Oliy Majlisga hamda mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan deputatlar saylovini Konstitutsiyamiz va saylov qonunchiligi va o‘z-o‘zidan ravshanki, xalqaro demokratik qonunchilik talablariga to‘la mos tarzda o‘tkazish imkonini beradi. Bunga hech kimda hech qanday shubha bo‘lmasligi kerak.

So‘nggi yillarda qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar nodavlat notijorat tashkilotlarini ro‘yxatga olish, ularning faoliyatini tashkil etish tartibini tubdan soddalashtirishni ta’minladi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirdi. 

Fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish, ularning siyosiy ongi va tafakkurini yuksaltirish, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash, ishga joylashtirish, aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va boshqa sohalarda ularning roli yanada oshdi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda jamiyatimiz hayotining turli sohalarida 8 ming 100 dan ziyod nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu 2010-yilga nisbatan 1,6-marta ko‘pdir.

Iqtisodiyotni demokratlashtirish va erkinlashtirish sohasiga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”, “Raqobat to‘g‘risida”, yangi tahrirdagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun zarur ruxsat berish tartib-taomillarining ro‘yxati va turlari izchil qisqartirildi. 

Keyingi yillarda ruxsat berishga oid tartib-taomillarning 160 dan ortig‘i yoki 44 foizi, litsenziyalash talab qilinadigan faoliyatning 19 turi yoki 25 foizi bekor qilinganini aytishning o‘zi kifoya, deb o‘ylayman. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat organlariga taqdim etiladigan statistika, soliq va moliyaviy hisobotlarning shakli va davriyligi 1,5-2-marta kamaytirildi. 

Tadbirkorlikning milliy an’ana va urf-odatlarimizga to‘la mos keladigan yangi shakli – oilaviy biznesni rivojlantirish uchun keng shart-sharoitlar yaratildi.

Hurmatli majlis qatnashchilari!

Bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarni xolisona baholar ekanmiz, keskinlik va xavf-xatarlarning tobora o‘sib, geosiyosiy qarama-qarshiliklar, o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga qaratilgan kurashning kuchayib borayotgani, radikalizm, terrorizm va ekstremizm kabi tahdidlar bizni tashvishga solmasdan qo‘ymaydi, albatta.

Global makonda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz hamon davom etayotgani, tovar bozorlarida talabning keskin kamayib borayotgani va kon’yunkturaning beqarorligi ko‘pgina davlatlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayishiga, investitsiya faolligining susayishi va chetga kapital chiqib ketishining kuchayishiga olib kelmoqda. 

Mana shunday keskinlashuv va jahon bozoridagi noaniq vaziyat keyingi yillarda ham davom etishi mumkin. O‘z-o‘zidan ayonki, kutilayotgan barcha salbiy holatlarning oldini olish, ularni bartaraf qilish uchun barchamizdan hushyorlik, sezgirlik, safarbarlik va rejalarimizga, avvalo, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish talab qilinadi. 

Bugungi kunda yaqin va uzoq atrofimizda, butun jahon miqyosida siyosiy, iqtisodiy vaziyat tobora keskinlashib borayotganini inobatga olgan holda, eng muhim ustuvor vazifalarimiz qatorida iqtisodiyotimizda tarkibiy o‘zgarishlarni izchil chuqurlashtirish, ishlab chiqarishni uzluksiz texnik va texnologik yangilab borish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimlarini keng joriy etishni asosiy maqsadimiz sifatida ko‘rishimiz kerak. 

Albatta, O‘zbekistonda mustaqil taraqqiyotimizning dastlabki kunlaridan boshlab ishlab chiqarishni tarkibiy yangilash, uni zamonaviy va yuqori texnologiyalar asosida jadal rivojlantirish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilganini qayd etish o‘rinlidir.

Biz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan tarmoqlar va yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish korxonalari butunlay yangitdan tashkil etildi. Hozirgi kunda bu korxonalarning tayyor mahsulotlari jahon bozorida munosib o‘rin egallamoqda.

Bu borada gap avtomobilsozlik sanoati, jumladan, yengil avtomobillar, yuk va maxsus mashinalar, dvigatellar va asosiy butlovchi qismlar ishlab chiqarish haqida, shuningdek, yangi modeldagi xorijiy texnikalarni o‘zlashtirish negizida zamonaviy qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, neft-kimyo va neft-gaz sanoatini rivojlantirish, temir yo‘l vagonlari, maishiy elektronika, farmatsevtika va mikrobiologiya tarmoqlari haqida bormoqda.

Aynan tub tarkibiy o‘zgarishlar, yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi va zamonaviy korxonalarni barpo etish, faoliyat ko‘rsatayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini keng miqyosda yangilash va modernizatsiya qilish borasida puxta o‘ylangan strategiya tufayli mamlakatimizning yalpi ichki mahsulotida sanoatning ulushi 1991-yildagi 14 foizdan bugungi kunda qariyb 25 foizga o‘sdi. Ayni paytda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining ulushi 34 foizdan 17 foizga kamaydi.

Hech shubhasiz, biz bu ishlarni aslo susaytirmasligimiz, investitsiya siyosati va dasturlarimizni ham ana shu maqsadlarga mos holda amalga oshirishimiz darkor.

Ishlab chiqarayotgan mahsulotlari bugun xalqaro bozorda, ertaga esa ichki bozorda hech qanday qiziqish uyg‘otmaydigan eski ishlab chiqarish quvvatlaridan voz kechish, iqtisodiy taraqqiyotimizning lokomotivlari bo‘lgan zamonaviy korxonalar va yuqori texnologiyalarga asoslangan komplekslarni barpo etish bilan birga, yetakchi tarmoq va zarur infratuzilmalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha chuqur va puxta o‘ylangan dasturlarni izchil amalga oshirish kerak. 

Bizning jahon eksport bozorida mustahkam o‘rin olishimiz uchun, mamlakatimizda moliyaviy va iqtisodiy barqarorlikni, aholining turmush darajasi va sifatini ta’minlash uchun ishonchli zamin yaratib beradigan, bugun hayotning o‘zi talab qilayotgan eng zarur siyosat ana shundan iborat.

Bir so‘z bilan aytganda – sifati past, narxi baland mahsulotga yo‘l qo‘ymaslik kerak. 

Bizning e’tiborimiz markazida turishi kerak bo‘lgan eng muhim masalalardan yana biri – bu Konstitutsiyamizga muvofiq ko‘p tarmoqli iqtisodiyotimizning ustuvor sohalari bo‘lmish xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni tez sur’atlar bilan rivojlantirish yo‘lidan barcha g‘ov va to‘siqlarni yo‘q qilish, ularning erkinligini ta’minlashdir. 

Hozirgi vaqtda ayni mana shunday o‘ta dolzarb masalaning kun tartibiga keskin qo‘yilishi, hech shubhasiz, shu zalda o‘tirgan mulkdorlar, kichik biznes egalari va xususiy tadbirkorlar, umuman, butun xalqimizning ruhini ko‘tarishga, ertangi kunga yanada katta ishonch bilan qarashiga asos beradi, desam, sizlar bunga qanday qaraysiz? 

O‘tgan yillar davomida xususiy mulk va investitsiyalar daxlsizligini himoya qilishga qaratilgan ishonchli me’yoriy-huquqiy asoslar yaratish, xususiy mulkdorlar uchun zarur sharoit va kafolatlar tug‘dirib berish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi.

Shu yillar mobaynida iqtisodiyotimizning turli tarmoqlaridagi davlat mulki hisoblangan – shunga e’tibor bering – 31 mingdan ziyod korxona xususiy mulkdorlar va aksiyadorlar ixtiyoriga berildi.

Qishloq xo‘jaligi, savdo, xizmat turlarining barchasi va boshqa ko‘plab tarmoqlar deyarli to‘liq xususiy mulk sohasiga o‘tkazildi.

Xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarayotgan to‘qimachilik, trikotaj, charm-poyabzal, oziq-ovqat, farmatsevtika, mebel sanoati, uy-joy sektorida davlat mulkining ulushi keskin kamaydi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishning aynan ana shunday soha va tarmoqlarida o‘sish sur’atlari va mehnat unumdorligi boshqa tarmoqlarga qaraganda barqaror ravishda yuqori bo‘lib kelmoqda.

Xususiy sektorning ulushi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xizmatlari, mobil aloqa tarmoqlari, qurilish ishlari va boshqa sohalarda ham yuqoridir. Bu esa, o‘z navbatida, ko‘p narsadan dalolat beradi. 

Shundan yana bir xulosa chiqishi darkor. Ya’ni, biz iqtisodiyotimizda davlatning ulushi va o‘rni qanday bo‘lishini tanqidiy ko‘z bilan baholab, uni strategik hamda iqtisodiy asoslangan darajaga qadar qisqartirishimiz lozim. 

Bu borada ma’muriy-buyruqbozlik tizimining hamon saqlanib qolayotgan har qanday shakllaridan voz kechib, davlat organlari, biznes va xususiy sektor o‘rtasidagi vazifalarni aniq belgilab qo‘yishimiz, savdo operatsiyalarini asosan birja orqali amalga oshirish tizimiga o‘tishimiz zarur.

Korporativ yoki aksiyadorlik birlashmalari faoliyati samaradorligini tanqidiy baholash ham g‘oyat jiddiy e’tiborni talab qilmoqda. Rivojlangan davlatlarda, ayniqsa, sanoat ishlab chiqarish sohasida, mulkchilikning ana shu shakli asosiy o‘rin egallaydi.

Bu boradagi amaliy tajribamiz shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonda mahalliy aksiyadorlar bilan birga chet ellik investorlarning ham aksiyalarga ega bo‘layotgani mulkchilikning eng maqbul va o‘zini oqlayotgan shaklidir.

Hozirgi vaqtda yurtimizda 90 dan ortiq mamlakatning xorijiy kapitali ishtirokida tashkil etilgan 4 mingdan ziyod korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Bunday samarali loyihalar haqida gapirganda, mashinasozlik sohasida AQShning “Jeneral motors”, Germaniyaning “MAN”, “Klaas”, Yaponiyaning “Isuzu” kompaniyalari, neft-gaz sohasida Janubiy Koreyaning “Lotte kemikal” va “Kogaz” kompaniyalari, kimyo sanoatida Ispaniyaning “Maksam” kompaniyasi, to‘qimachilik sanoatida Singapurning “Indorama”, Janubiy Koreyaning “Deu tekstil”, “Yang von”, Shveytsariyaning “Riter” kompaniyalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida Xitoyning “Xuavey” va “ZTE”, oziq-ovqat sanoatida Shveytsariyaning “Nestle” kompaniyasi, qurilish materiallari ishlab chiqarishda Germaniyaning “Knauf”, Xitoyning “Peng Sheng”, farmatsevtika sanoatida Shveytsariyaning “Nobel” kompaniyalari va shuningdek, boshqa ko‘plab xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etilgan qo‘shma korxonalar haqida so‘z yuritish mumkin. 

Dunyoda nom qozongan bunday kompaniyalar bilan olib borayotgan hamkorligimiz qisqa vaqt ichida iqtisodiyotimiz tarmoqlarini tubdan modernizatsiya qilish, mahsulot ishlab chiqarishni kengaytirish va uning turini ko‘paytirish, jahon bozorlariga raqobatdosh yangi mahsulotlar bilan chiqish imkonini bermoqda.

“Navoiy”, “Angren” va “Jizzax” maxsus iqtisodiy zonalarini tashkil etish hisobidan chet ellik investorlar bilan yo‘lga qo‘ygan hamkorligimiz o‘zining yuksak samarasini ko‘rsatmoqda.

Eng muhimi, O‘zbekistonda mahalliy va chet ellik investorlar nafaqat mablag‘ sarflab, daromad olmoqda, balki korxonalarni birgalikda boshqarmoqda, xorijlik muassislar qo‘shma korxonaga, avvalo, ilg‘or texnologiyalarni olib kirmoqda, ishlab chiqarishni zamonaviy asosda tashkil etish va boshqarishni joriy qilmoqda.

Bu boradagi tajriba hamkorlikning aynan mana shu shakli eng ko‘p samara berayotgani va eng yaxshi istiqbolga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Biz bunday korxonalar faoliyatini imkon qadar kengaytirishga tayyormiz.

Yuqorida bayon qilingan fikrlarni umumlashtirgan holda, shuni ta’kidlash kerakki, iqtisodiyot tarmoqlarida davlat ulushining mavjudligi va samaradorligini, boshqacha aytganda, “iqtisodiyotdagi davlat”ning rolini keng miqyosda tanqidiy tahlil qilish va shu asosda xususiy sektorning iqtisodiyot tarmoqlaridagi ishtirokini sezilarli ravishda kengaytirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni belgilash vaqti keldi.

Bunday korxonalardagi davlat ulushini xususiy sektorga, jumladan, yangi investorlarga, ular tomonidan ana shu korxonalar negizida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish majburiyatini qabul qilish sharti bilan nol qiymatida sotish maqsadga muvofiqdir.

Xulosa qilib aytganda, demokratik va bozor islohotlari yo‘lidagi izchil harakatlarimizning mantiqi bizdan doimo ilgarilab borishni talab etayotganini ta’kidlash lozim. Bu borada jahon bozorida keskin raqobat kuchayib borayotgani ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Chunki bunday vaziyat O‘zbekistonda xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun ularning yo‘lidagi, shuni yana ta’kidlash kerak, har qanday qarshilikni olib tashlashni dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda.

Bu vazifalarni amalga oshirish, o‘z navbatida, biz mamlakatimizda barpo etilayotgan fuqarolik jamiyatining ishonchli tayanchi va poydevori deb biladigan o‘rta sinf – mulkdorlar sinfini shakllantirish va uning mavqeini mustahkamlash uchun yangi rag‘batlantiruvchi omillar va istiqbollarni yaratib beradi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. 

Hurmatli yurtdoshlar! 

Sog‘lom bola yili deb nom olgan joriy 2014-yilimiz ham o‘z yakuniga yetmoqda. Barchamiz uchun, butun xalqimiz uchun chuqur amaliy ma’no-mazmunga ega bo‘lgan maqsadlarni, sog‘lom avlodni tarbiyalashdek ezgu va pok niyatlarimizni o‘ziga qamrab olgan ana shu yil munosabati bilan qabul qilgan umummilliy Dasturimizning bajarilishi bo‘yicha qisqacha to‘xtalib o‘tsak, ayni muddao bo‘lar edi. 

Dastur doirasida sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan amaldagi huquqiy-me’yoriy bazani yanada takomillashtirish bo‘yicha 3 ta qonun loyihasi ishlab chiqilganini qayd etish lozim.

Shular qatorida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2014-2018-yillarda O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish borasidagi Davlat dasturi to‘g‘risida” qabul qilingan qarori mohiyat e’tibori bilan bolalarimizni jismoniy va ma’naviy jihatdan kamol toptirish va yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Sog‘lom bola – avvalo, sog‘lom va ahil oilaning mevasidir, degan hayotiy hikmatdan kelib chiqqan holda, yil davomida oilada o‘zaro hurmat muhitini, uning iqtisodiy va ma’naviy asoslarini mustahkamlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni himoyalash, opa-singillarimizning og‘irini yengil qilish, ularning qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. 

Sog‘lom va mustahkam oilalarni barpo etish sog‘lom kelajak poydevori ekanini nazarda tutib, turmush qurayotgan yoshlarning nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan to‘liq o‘tishlarini ta’minlash, shu asosda irsiy va tug‘ma kasalliklarning oldini olish bo‘yicha sezilarli ishlar qilindi. Jumladan, bo‘lajak kelin-kuyovlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadigan poliklinikalar zamonaviy tibbiyot va diagnostika asbob-uskunalari bilan jihozlandi. Eng muhimi, yangi oila qurayotgan 2 mingdan ortiq yoshlarda turli kasalliklar aniqlanib, ular ambulator va statsionar sharoitda davolandi. 

“Sog‘lom ona – sog‘lom bola” loyihasi doirasida jami 13 million 600 mingdan ziyod ayollar va bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Buning natijasida 2 million 800 ming ayol va 2 million 500 ming bola sog‘lomlashtirilgani bu yo‘ldagi katta qadam bo‘ldi.

Muhim amaliy masalalardan biri – ayollarimizni tadbirkorlik sohasiga jalb etish va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida kamida 50 foiz ishchi-xizmatchilari xotin-qizlardan iborat bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari tomonidan 770 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi.

Aholimiz, avvalo muhtaram opa-singillarimizning talabiga muvofiq, yurtimizda, shu jumladan, chekka qishloqlarda "Go‘zallik salon"lari, ta’mirlash va tikuv sexlari, maishiy texnikalarni tuzatish shoxobchalaridan iborat 150 dan ortiq xizmat ko‘rsatish kompleksi barpo etilgani turmush madaniyatini oshirishga katta hissa bo‘lib qo‘shildi. 

Bizning e’tiborimiz markazida turgan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari orasidan o‘z biznesini tashkil qilishga intilayotgan yigit-qizlarga 170 milliard 700 million so‘m miqdorida kreditlar ajratib berilgani va ular o‘z xususiy ishini ochish imkoniga ega bo‘lganining o‘zi, hech shubhasiz, ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan o‘ta muhim muammolarni yechishga imkon berdi. 

Shu bilan birga, yosh oilalarga uy-joy sotib olish, uni qurish va rekonstruksiya qilish, uzoq muddat foydalanishga mo‘ljallangan tovarlarni xarid qilish uchun qariyb 215 milliard so‘mlik imtiyozli ipoteka kreditlari va 57 milliard so‘mlik foizsiz qarz mablag‘lari ajratildi. Ana shunday tadbirlar qatorida Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 1 milliard 500 ming so‘m qiymatidagi maishiy elektr texnika vositalari kam ta’minlangan oilalarga bepul tarqatilganini qayd etish lozim.

Aziz do‘stlar!

Sog‘lom bola yili davomida o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash borasida 137 ta tibbiyot muassasasida, jumladan, Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlari ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazlari, Andijon shahridagi tug‘ruq kompleksi, Toshkent shahridagi bolalar sanatoriysi, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining bolalar xirurgiyasi bo‘limi va boshqa sog‘liqni saqlash maskanlarida qariyb 410 milliard so‘mlik qurilish, rekonstruksiya va jihozlash ishlari amalga oshirilganini ta’kidlash zarur. 

Shuningdek, xorijiy moliya institutlarining 28 million 500 ming dollarlik kredit va grant mablag‘lari hisobidan tuman tibbiyot birlashmalari, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi, onkologiya muassasalari, viloyat shifoxonalari zamonaviy davolash asbob-uskunalari bilan jihozlandi.

Shu bilan birga, yana bir o‘ta muhim masalaga e’tiboringizni jalb etmoqchi edim. 

Bugungi kunda yurtimizdagi yetakchi klinika va tibbiyot markazlarida eng ilg‘or texnologiyalar yordamida noyob operatsiyalar amalga oshirilmoqda. Masalan, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan murakkab operatsiyalar tufayli 100 nafar bolaning eshitish qobiliyati tiklandi. Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya markazining kardioxirurgiya majmuasida esa so‘nggi ikki yilda 5 ming 200 nafardan ortiq bemor jarrohlik operatsiyalarini bajarmasdan turib davolandi.

O‘ylaymanki, mana shu fursatdan foydalanib, katta bilim va malaka talab etadigan ayni shunday o‘ta nozik operatsiyalarni amalga oshirayotgan, noyob iste’dodga ega bo‘lgan, o‘zimizdan chiqqan mohir xirurglarga, boshqa mutaxassislarimizga minnatdorlik bildirishimiz, ularga kerak bo‘lgan yordamimizni yanada kuchaytirish, yangi imkoniyatlarni ochib berish uchun hech qanday mablag‘larni ayamasligimiz zarur, desam, barchamizning fikrimizni bildirgan bo‘lar edim. 

Farzandlarimiz o‘rtasida yuqumli kasalliklarning oldini olish maqsadida bu yil milliy emlash kalendariga rotavirus vaksinasi kiritilib, qariyb 300 ming bola ushbu vaksina bilan emlandi.

Mamlakatimizda nogiron bolalar tug‘ilishining oldini olishdek oliyjanob maqsadni amalga oshirishda respublikamizning barcha hududlarida faoliyat ko‘rsatayotgan, nufuzi va samarasi tobora ortib borayotgan skrining markazlarining rolini alohida ta’kidlashni xohlardim. 

Bugungi kunda ana shunday o‘ta muhim muammoni yechishda bu markazlar katta o‘rin tutmoqda. Birgina joriy yilning o‘zida ushbu markazlar tomonidan 20 mingdan ortiq nuqsonli bola tug‘ilishining oldi olinganini hech narsa bilan o‘lchab-qiyoslab bo‘lmaydi, desam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrga qo‘shilasiz.

Shu yo‘lda amalga oshirayotgan ishlarimiz, sarflangan mablag‘, kuch va imkoniyatlarimiz natijasida qanchadan-qancha go‘daklarning benuqson dunyoga kelishi, sog‘lom va baquvvat bo‘lib voyaga yetishi, avvalo, shu bolaning o‘zi, ota-onasi va oilasi uchun, butun jamiyatimiz uchun qanday quvonch va baxt keltirishini tasavvur qilishning o‘zi qiyin, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. 

Fursatdan foydalanib, sog‘lom bola, sog‘lom avlodni kamol toptirishdek ezgu ishga o‘zini bag‘ishlagan va shu yo‘lda fidokorona mehnat qilayotgan barcha tibbiyot xodimlariga samimiy minnatdorlik bildiraman. 

Ana shunday yuksak maqsadlar yo‘lida eng ilg‘or, eng zamonaviy asbob-uskuna va texnologiyalar, davolash usullarini yurtimizga olib kelish, bu borada chet davlatlar bilan samarali hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan ishlarimizni alohida ta’kidlash o‘rinlidir.

Toshkent shahrida to‘rtinchi, ya’ni eng yuqori darajali ko‘p tarmoqli zamonaviy bolalar shifoxonasini qurish va jihozlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Koreya Respublikasi Iqtisodiy hamkorlik jamg‘armasi o‘rtasida kredit shartnomasi imzolangani buning yaqqol dalilidir. Qariyb 103 million dollar hisobidan barpo etish ko‘zda tutilayotgan, har jihatdan noyob ushbu tibbiy markazni, nasib etsa, 2017-yilda ishga tushiramiz.

Qadrli vatandoshlar!

O‘tgan davr mobaynida zamonaviy axborot-kommunikatsiya tizimidan, Internetdan keng foydalanish hisobidan ta’lim-tarbiya samarasini kuchaytirish, bolalar, ayniqsa, qiz bolalar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamdagi ishlarimiz davom ettirildi. 

Dunyodagi turli-tuman nufuzli bellashuvlarda Vatanimiz shuhratini tarannum etib kelayotgan yoshlarimiz safi tobora kengayib bormoqda. Misol uchun, bu yil yurtimiz o‘quvchilaridan 10 nafari xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan yirik xalqaro musiqa va san’at festivallarida “Gran pri” deb ataladigan eng yuqori sovrinni, 60 nafari esa birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani buning yaqqol tasdig‘idir. 

Sport sohasini oladigan bo‘lsak, futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo chempionatining chorak finalida g‘alaba qozonib, qit’amizdagi to‘rtta davlatdan biri sifatida kelgusi yili Yangi Zelandiyada bo‘ladigan jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani barchamizni albatta quvontiradi.

Xitoy Xalq Respublikasining Nankin shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi ikkinchi Olimpiya o‘yinlarida 28 nafar yosh sportchimiz 4 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza, jami o‘nta medalga erishgani ham yil davomidagi katta sport yutuqlarimiz qatoriga kiradi. Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida esa yurtimiz farzandlari 9 ta oltin, 14 ta kumush, 21 ta bronza, jami 44 ta medalga sazovor bo‘lib, yuksak shohsupaga ko‘tarildi. 

Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin.

Bunday yutuqlar zamirida, birinchi navbatda, mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga berilayotgan doimiy e’tibor mujassam ekani barchamizga yaxshi ayon.

Dastur doirasida qizlarimizni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish maqsadida ularga 6 milliard so‘mlik sport kiyimlari to‘plami bepul berilgani ana shunday g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy namunasidir.

Shular qatorida maktab o‘quvchilari uchun 34 million 500 ming nusxadagi darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar yurtimizdagi ta’lim olib boriladigan 7 tilda nashr qilinganini alohida qayd etish lozim.

Hammamizga ma’lumki, mamlakatimizda ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yadigan o‘g‘il-qizlarimizni darslik va boshqa o‘quv qurollari bilan bepul ta’minlash yaxshi an’anaga aylangan. Joriy yilda ham qariyb 587 ming 1-sinf o‘quvchisi salkam 28 milliard so‘m qiymatidagi darslik va o‘quv anjomlari bilan ta’minlandi.

Shuningdek, umumta’lim maktablaridagi chet tili fani, avvalo, ingliz tilini o‘rganish uchun mo‘ljallangan o‘quv xonalari 45 milliard so‘mlik zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, texnik vositalar bilan jihozlangani farzandlarimizning bilim va ko‘nikmalarini yanada chuqurlashtirishga puxta zamin yaratmoqda. 

Aziz yurtdoshlar! 

Biz uchun eng ustuvor va ulug‘vor vazifa bo‘lgan barkamol va yetuk, hech kimdan kam bo‘lmaydigan yosh avlodni tarbiyalash borasida joylarda nafaqat davlat, balki nodavlat va jamoat tashkilotlari, biznes tuzilmalari ishtirokida katta-katta ijtimoiy obyektlar qurilayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etamiz.

Avvalambor, “Mehribonlik” uylarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularning tarbiyalanuvchilariga har tomonlama yordam berish maqsadida amalga oshirgan ishlarimiz, ayniqsa, e’tiborga loyiqdir. 

Shu o‘rinda xalqimiz o‘rtasida keng tarqalgan “Savob ishni har kim qilishi kerak, savob ishni har kun qilish kerak” degan shiorimizni yana bir bor eslab o‘tishni istardim. Chunki, bu dunyoda hech bir narsa izsiz ketmaydi. Yaxshilik qilgan odamga albatta yaxshilik qaytadi. O‘ziga qaytmasa, bolalari, nabiralariga qaytadi. Muqaddas kitoblarimizda aytilganidek, yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir.

Albatta, «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturi doirasida amalga oshirgan ishlarimiz haqida yana uzoq gapirish, ko‘pgina raqam va misollarni olib kelish mumkin. Lekin ularning barchasini muxtasar qilib ifoda etadigan bo‘lsak, ana shu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 4 trillion 795 milliard so‘m va 260 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘ sarflanganining o‘zi, o‘ylaymanki, bu boradagi faoliyatimizning ko‘lami va miqyosi naqadar ulkan ekanidan dalolat beradi.

Fursatdan foydalanib, mana shunday ezgu ishda faol qatnashgan yurtimizdagi davlat va nodavlat tashkilotlarga, xorijiy va xalqaro tuzilmalarga, mana shu zalda o‘tirgan chet davlatlarning muhtaram elchilariga, bu savobli ishga hissa qo‘shgan, xolis xizmat qilgan barcha-barcha insonlarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz. 

Qadrli do‘stlar!

Endi mamlakatimizda yaxshi an’ana va odatga aylanib qolgan tajribamiz asosida kirib kelayotgan yangi – 2015-yilga nom berish haqida siz, azizlar bilan maslahatlashib olsak, ayni muddao bo‘lardi. 

Barchamizga yaxshi ma’lumki, o‘tgan davr mobaynida yurtimizda yillarga qanday nom bermaylik – bu “Oila” yoki “Ayollar” yili bo‘ladimi, “Sog‘lom avlod” yoki “Sog‘lom bola” yili bo‘ladimi, “Obod mahalla” yoki “Obod turmush” yili bo‘ladimi – bularning barchasi, hech shubhasiz, chuqur ma’no va mazmunga ega. 

Boshqacha aytganda, bu kabi oliyjanob maqsadlarni ko‘zda tutib amalga oshirgan tadbirlarimiz avvalo jamiyatimizni yanada erkinlashtirish, hayotimizni yanada obod va farovon qilish, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlashda, Vatanimizning obro‘-e’tiborini xalqaro maydonda yuksaltirish yo‘lida muhim amaliy qadam bo‘lganini hech kim inkor etolmaydi.

Shu bilan birga, mana shunday ezgu tadbirlarni o‘tkazish tufayli xalqimizni yanada jipslashtirish, mehr-oqibat va hamjihatlikni, oilani yanada mustahkamlash, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, ayol zotiga, avvalambor, onalarga cheksiz mehr va ehtirom singari qadriyatlar aholimiz, xususan, yoshlarimizning qalbi va shuuridan chuqur o‘rin olayotganini hisobga oladigan bo‘lsak – bularning barchasining ahamiyati va mohiyatini baholash o‘zi qiyin, deb o‘ylayman. Lo‘nda qilib aytganda, bizning e’tiborimiz markazida turgan ayni shu xususiyat va fazilatlar, bugungi zamon va hayotimizning o‘zi talab qilayotgan o‘tkir va dolzarb masalalar kirib kelayotgan yangi yillarga nom berish bo‘yicha bizning ro‘yxatimizda tursa, hech shubhasiz, xalqimizning xohishi va talabiga javob beradigan ish bo‘lar edi. 

Ayni shu shartlarni hisobga olgan holda, men kirib kelayotgan 2015-yilga mamlakatimizda Keksalarni e’zozlash yili, deb nom berishni taklif etaman.

Aziz yurtdoshlar!

Har qanday jamiyatning yoshi ulug‘ odamlarga bo‘lgan e’tibori va g‘amxo‘rligi uning madaniy darajasini belgilaydi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Soddagina, o‘zbekona qilib aytganda, keksalarga hurmat-ehtirom, mehr-oqibat ko‘rsatish ma’naviy hayotimizning tom ma’noda ajralmas qismiga aylangan.

Bir o‘ylab ko‘raylik, “Qarisi bor uyning parisi bor”, “Qariyalar – xonadonlarimizning fayzi va farishtasi” degan maqol va hikmatli so‘zlarimizda qanday chuqur ma’no bor. 

Haqiqatan ham, qaysi xonadonda nuroniy otaxon yoki onaxon bo‘lsa, bu oilada albatta fayzu baraka, farovonlik, ahillik bo‘lishini barchamiz yaxshi bilamiz.

Shu bois bugun turli sohalarda erishayotgan yutuqlarimizda ota-onalarimiz, mo‘tabar qariyalarimizning unutilmas va ulkan xizmati borligini, biz ular oldida umrbod qarzdor ekanimizni unutmasligimiz, qo‘limizdan kelganicha ularning og‘irini yengil, umrini uzoq qilishni o‘zimizning insoniy burchimiz, deb bilishimiz lozim.

Vatanimizning musaffo osmonini asrashda, har qanday ofatlarni ostonamizga yo‘latmaslik, ona yurtimizni fashizm balosidan himoya qilishda keksa avlod vakillarining qanday jasorat ko‘rsatgani, front ortida mehnat qilib, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgani, mamlakatimizni tiklash, uning ham harbiy, ham iqtisodiy, ham madaniy-ma’naviy salohiyatini oshirishda nuroniy keksalarimiz namoyon etgan fidoyilikni biz hamisha katta minnatdorlik bilan eslaymiz.

Bugun faxriylarimizning hurmatini joyiga qo‘yish, har qaysi keksa odamning yuragiga yetib borish, ko‘nglini ko‘tarish, shu bilan birga, ularning hayotini mazmunli qilish yo‘lida olib borayotgan ishlarimizni kuchaytirish, samarasini oshirish zarur. 

Xalqimizning qadimiy va shonli tarixini uzviy davom ettirishga, shu tarixning o‘chmas sahifalarini, ajdodlarimizning buyuk merosini, qadriyat va urf-odatlarini yoshlarimizga yetkazish, hayotimizni tobora poklash va fayzu barakali qilishda, bir so‘z bilan aytganda, uni ma’naviy yuksaltirishda, bugun Yaratganning bizga bergan har bir kunini ma’noli va sermazmun o‘tkazishda beqiyos hissa qo‘shayotgan ota-bobolarimizga har tomonlama hurmat, e’zoz va ehtirom ko‘rsatish barchamiz uchun ham qarz, ham farz, deb o‘ylayman.

Bugungi kunda mamlakatimizda 60 yoshdan oshganlar soni 2 million 873 mingdan ko‘proq kishini tashkil etadi. Mustaqillik yillarida xalqimizning o‘rtacha yoshi 1990-yildagi 67 yoshdan 73,5 yoshga, ayollar o‘rtasida esa 75,8 yoshga yetdi. 

Ayni paytda yurtimizda 225 ming nafar 80 yoshdan, 44 ming nafar 90 yoshdan, 8 ming 700 nafar – shunga e’tibor bering – 100 yoshdan oshgan tabarruk qariyalar yashamoqda. Ular orasida 3 ming 109 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 69 ming 994 nafar front ortida mehnat qilgan insonlar borligini alohida ta’kidlash lozim.

Bu nimaning isboti? Bu avvalo, istiqlol davrida xalqimizning turmush darajasi va sifati tobora ortib borayotganidan, yoshi ulug‘ odamlarimiz yaxshi niyat, ertangi kunimizga katta umid bilan yashayotganidan, ularning qalbi sofligidan dalolat beradi. 

Xonadonlarimiz ko‘rki bo‘lgan piri badavlat keksalarimizni har tomonlama qadrlash maqsadida mamlakatimizda katta ishlar amalga oshirilmoqda. Shu yilning o‘zida ularga davlat byudjeti hisobidan 11 trillion 618 milliard so‘mdan ortiq pensiya, 105 milliard so‘mdan ziyod nafaqalar to‘langani buning amaliy tasdig‘idir.

Dunyodagi kamdan-kam davlatlar qatorida bugungi kunda davlatimiz pensiyaga ajratadigan mablag‘ning miqdori o‘rtacha oylikning 41 foizdan ziyodini tashkil etishi ham shundan dalolat beradi. 

Bu borada 2014-yil 13-oktabrda qabul qilingan “1941-1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga asosan ularni ijtimoiy himoyalash, xususan, yilda bir marta o‘zlari uchun maqbul muddatlarda sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida davlat hisobidan davolanish imkoni yaratilgani sizlarga yaxshi ma’lum, deb o‘ylayman.

Ayni vaqtda keksa avlod vakillariga nodavlat tashkilotlar, ijtimoiy tuzilmalar tomonidan ham moddiy va ma’naviy ko‘mak berilayotgani va bunday yordamning miqyosi kengayib borayotgani e’tiborga sazovor. Xususan, 2013-yilda “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan shu maqsadda 610 million so‘m, joriy yilning 9 oyida esa 553 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilgani, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan 2013-yilda 1 milliard 597 million so‘mdan ziyod, shu yilning o‘tgan 9 oyida esa 1 milliard 614 million so‘mlik yordam ko‘rsatilgani ham bunga misol bo‘la oladi.

Tabiiyki, an’anaga aylanib qolgan tartib bo‘yicha, 2015-yilga Keksalarni e’zozlash yili deb nom berishimiz munosabati bilan davlat dasturi qabul qilinadi va bu dasturni amalga oshirish uchun maxsus hukumat komissiyasi tuziladi. 

Mazkur dasturni ishlab chiqishda bugungi kunda keksa avlod vakillarining hayotiga daxldor bo‘lgan, hali-beri yechilmagan muammolarni hal qilish, bir so‘z bilan aytganda, yilga shunday nom berganimiz o‘zini amalda oqlashini dasturning asosiy maqsadi sifatida ko‘rish kerak. 

Aziz vatandoshlar! 

Barchamizni oq yuvib, oq taragan, ona yurtimizning og‘ir yukini, uning quvonch va tashvishini umr bo‘yi yelkasida ko‘tarib kelgan mo‘tabar bobolarimiz va momolarimizni, ota-onalarimizni rozi qilish, ularning duosini olish – dunyodagi eng ulug‘, eng savobli ish desam, o‘ylaymanki, barchangizning fikringizni ifoda etgan bo‘laman. 

Kirib kelayotgan yangi yilga Keksalarni e’zozlash yili deb nom berib, uni mana shunday pok niyat va harakatlar bilan boshlayotganimiz 2015-yilning tinchlik va osoyishtalik, farovonlik va to‘kinlik yili bo‘lishiga, uning yanada mazmunli o‘tishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi, inshoollo. 

So‘zimni yakunlar ekanman, barchangizga, mana shu go‘zal zalda to‘plangan siz, azizlarimga, sizlar orqali butun el-yurtimizga qarata aytmoqchiman: asrlar sinovidan o‘tgan mana shunday o‘lmas qadriyatlarga tayanib, o‘z kuchi va qudratiga ishonib-inonib yashayotgan xalqimizni o‘z tanlagan yo‘lidan hech kim, hech qachon qaytara olmaydi. Biz o‘z maqsadlarimizga albatta erishamiz va ko‘zlagan marralarimizga albatta yetamiz. 

Aziz va qadrli vatandoshlarim! 

Sizlarni Konstitutsiyamizning 22-yillik bayrami bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimizni demokratik yangilash va modernizatsiya qilishga qaratilgan taraqqiyot yo‘limizni qat’iyat bilan davom ettirish – bosh maqsadimizdir