O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy sud, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman, tumanlararo va shahar sudlari raislari, sudyalari va xodimlar ishtirok etdi.
Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xalqparvar davlat barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi maqsadlar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy makonni yaratish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
O‘tgan davr mobaynida jamiyatimizning siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Bu esa Bosh qomusimizda “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyillarini mustahkamlash, turli islohotlar jarayonida inson manfaatlari bosh mezon bo‘lishini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligini, yerga egalik qilish huquqini, fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rnini Konstitutsiyaviy darajaga ko‘tarish, davlat hokimiyati asoslarini takomillashtirish dolzarbligini ko‘rsatmoqda.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan aholi fikr va takliflarini qabul qilish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Pirovardida yurtimizda olib borilayotgan Konstitutsiyaviy islohotlarda nafaqat olimlar, huquqshunoslar, mutaxassislar, balki fuqarolarning o‘zi ham bevosita ishtirok etmoqda. Bildirilgan takliflarning tahlili xalqimizning mamlakatda bo‘layotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga befarq emasligini, fuqarolar islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lishga intilayotganligini ko‘rsatmoqda.
Xalqimiz tomonidan berilgan takliflar, shuningdek davlatimiz rahbarining komissiya a’zolari bilan uchrashuvda insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak, degan tamoyil asosida bergan takliflaridan kelib chiqib “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi tayyorlandi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Asosiy qonunning 60 dan ortiq moddasiga 200 dan ortiq tuzatish kiritilmoqda. Konstitutsiyaga o‘zgartishlar “inson-jamiyat-davlat” prinsipiga asoslangan bo‘lib, milliy konstitutsiyaviy o‘zlikni aks ettiradi va amaldagi Konstitutsiyamizning barcha bo‘limlariga tub o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi.
Qayd etilganidek, Konstitutsiyaviy tuzatishlar, avvalambor, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo‘lgan fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga, himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalarga aylanadi.
O‘zbekiston huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat ekanligi belgilab qo‘yilmoqda. Inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi ekanligi belgilanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi, degan norma kiritilmoqda. Ushlab turishga, hibsga olishga va hibsda saqlashga yoki erkinlikni boshqacha tarzda cheklashga faqat sudning qaroriga binoan yo‘l qo‘yilishi, sudning qarorisiz shaxs 48 soatdan ko‘p muddatga ushlab turilishi mumkin emasligi Konstitutsiyada aks ettirilmoqda. Aybdorlik borasidagi barcha gumonlar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi kerak. Qonunning qo‘llanilish chog‘ida yuzaga keladigan gumonlar ham gumon qilinuvchining, ayblanuvchining yoki sudlanuvchining foydasiga hal etilishi kerak, degan konstitutsiyaviy kafolat kiritilmoqda.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi belgilanmoqda. Ushlab turilishi chog‘ida shaxsga o‘ziga tushunarli bo‘lgan tilda huquqlari va uning ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi kerakligi mustahkamlanmoqda.
Keyingi taklif zahmatkash xalqimizning ko‘p yillar davomida boshiga tushgan tashvish, ya’ni zarracha aybi bo‘lmagan shaxsga aybdor sifatida qarash kabi sobiq tuzumdan qolgan sarqitlardan holi etishga qaratilgan. Ya’ni, Konstitutsiya bilan shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lmasligi belgilanmoqda. Shuningdek, har kim Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan erkin foydalanish huquqiga egaligi, shaxsga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi kafolatlanmoqda.
Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga egaligi, sudning qarorisiz uy-joydan mahrum etilishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy o‘rnatilmoqda. Insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida qonunchilikda yuzaga keladigan, bartaraf etib bo‘lmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi degan qoida kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Konstitutsiyamizga har bir inson o‘z shaxsini erkin rivojlantirish, qonun bilan taqiqlanmagan hamda boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini buzmaydigan bo‘lsa, har qanday harakatni amalga oshirish huquqiga ega degan inqilobiy qoida kiritilmoqda.
Muloqot jarayonida uchrashuv ishtirokchilari Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA