Mamlakatimizda xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda xotin-qizlarga ta’lim, ilm-fan bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan.
AOKAda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokida o‘tkazilgan brifingda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yillarda mamlakatimizda qizlarning oliy ta’limdagi qamrovi qariyb 53 foizga, magistraturada 62,7 foizga yetdi. Foizsiz ta’lim kreditlari, ehtiyojmand qizlarga grantlar ajratilgan.
Bundan tashqari mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, shuningdek, ehtiyojmand oilalardan bo‘lgan xotin-qizlar uchun alohida qabul kvotalari doirasida oliy ta’lim olish imkoniyatlari yaratilgan.
Mazkur imtiyozlardan foydalanish uchun talabgorlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega bo‘lishi kerak. Tavsiyanoma berish bilan bog‘liq jarayonlar belgilangan talablarga muvofiq tashkil etilmoqda.
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat staji mavjud, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, o‘rta maxsus yoki professional ta’lim muassasalarini tamomlagan talabgor xotin-qizlar tavsiyanoma olish uchun joriy yilning 31 may (shu kuni ham) kuniga qadar o‘zlari yashab turgan hududdagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga murojaat qilishi kerak bo‘ladi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tavsiyanoma berilishi uchun arizalar joriy yil 31 mayga qadar qabul qilinadi. Undan so‘ng arizalar qabul qilinmaydi.
Ushbu tavsiyanoma 3 yil muddatga beriladi. 2022 yida berilgan tavsiyanomalarning muddati tugagani sababli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinmagan xotin-qizlar qayta tavsiyanoma olish uchun ariza topshirishlari kerak bo‘ladi. 2023, 2024 yillarda berilgan tavsiyanomalar bu yil ham amal qiladi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining axborot tizimi (https://tavsiyanoma.ijro.uz ) orqali onlayn ariza qoldirishi lozim bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA