Atrof-muhitni muhofaza qilish, biologik xilma-xillikning barqarorligini ta’minlash, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va kengaytirish hamda ekotizimlarni qayta tiklash dolzarb ahamiyatga ega. BMTning Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan 2015 yildan buyon dunyoda Markaziy Osiyo mintaqasi maydoniga teng sog‘lom yer tanazzulga uchragan. Bu ko‘rsatgich 4,2 million kvadrat kilometrga tengdir.
Poytaxtimizda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot Dasturi va “IUCN”ning Global ekologik jamg‘armasi (GEF) bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda o‘ta muhim landshaftlarni muhofaza qilish va tiklashni samarali kompleks boshqarish” mavzusida xalqaro tadbir tashkil etildi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekistonda o‘ta muhim landshaftlarni muhofaza qilish va tiklashni samarali kompleks boshqarish” nomli loyiha yerlarni boshqarish bo‘yicha tartib-qoidalarning izchilligi, tarmoqlararo hamkorlik va landshaft darajasida integratsiyalashgan barqaror harakatlar uchun innovatsion moliyalashtirish va texnologiya yondashuvlariga asoslanadi.

Ushbu loyihada O‘zbekistonning xavf ostida bo‘lgan ko‘plab hududlari va hamjamiyatlari iqlim o‘zgarishi va ofatlarga chidamli bo‘lishi ko‘zda tutiladi. Tabiiy resurslar va infratuzilmani barqaror va genderga bog‘liq holda samarali boshqarish, iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash bo‘yicha samarali chora-tadbirlar, inklyuziv atrof-muhitni boshqarish va muhofaza qilishda ushbu loyiha manfaatli bo‘ladi.

Ma’lum qilinishicha, cho‘llanish va o‘rmonlarning kesilishiga qarshi tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, joylarda 1 milliard tup ko‘chat ekish ishlari olib borilmoqda. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektardan ortiq maydonda chang-tuz bo‘ronlari paydo bo‘lishining oldini olish maqsadida ommaviy o‘rmonzorlar ekish ishlari boshlab yuborilgan. Mamlakatimizda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni 6 million gektargacha kengaytirildi va respublika umumiy maydoniga nisbatan 14 foizga yetkazildi.

Tadbir so‘ngida O‘zbekistonda yerlarning degradatsiyasi, chorva mollarini haddan ziyod o‘tlatish, yaylovlar to‘g‘risida xabardorlik va tashkiliy imkoniyatlarning cheklangani, degradatsiyaga oid masalalar va yondashuvlar tufayli butun o‘zbekistonning tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yerlarni tiklash, barqaror boshqaruv va bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha tizimli yondashuvlar zarur ekani qayd etildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA