Ma’lumki, uchuvchisiz uchar qurilma, ya’ni dronlardan so‘nggi yillarda keng foydalanilmoqda. Xususan, qishloq xo‘jaligi sohasida. Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasiga innovatsion texnologiyalarni jalb qilish orqali nafaqat mehnat unumdorligiga, balki sifatli va yuqori hosil olishga ham erishish mumkin.
Ilgari qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish holati monitoringini o‘tkazishga juda ko‘p vaqt va mablag‘ sarflangan bo‘lsa, bugungi kunda zamonaviy texnologiyalardan biri bo‘lgan uchuvchisiz uchish qurilmalari qishloq xo‘jaligi ekinlari bilan band bo‘lgan yerlarni nazorat qilish va kuzatishda qo‘l kelmoqda. E’tiborlisi, dronlardan yer o‘lchash, havodan fotoga olish, dalaning holatini, hosildorlik va sug‘orish darajasini kuzatish, tuproqni o‘g‘itlash, dori purkash va ekinni boshqarishda foydalaniladi.
Shu bois, davlatimiz rahbarining 2018 yil 29 martdagi “Iqtisodiyot tarmoqlarida fuqaro aviatsiyasining uchuvchisiz uchish qurilmalaridan maqsadli va samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Kadastr agentligining “Geoinnovatsiya markazi” davlat unitar korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunda ushbu Markaz uchuvchisiz uchish qurilmalarini (UUQ) ishlab chiqarish va foydalanishda eng yangi texnologiyalarni va xorijiy tajribani joriy etmoqda. Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot va tajriba, konstruktorlik ishlarini tashkil etish, iqtisodiyot tarmoqlarida UUQlarni qo‘llash va ulardan foydalanish bo‘yicha metodik tavsiyalar ishlab chiqish kabi vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.
– Bugungi kunda yer maydonlarini kuzatish ishlari ikki soatda amalga oshiriladi, – deydi “Geoinnovatsiya markazi” DUK direktor o‘rinbosari Talat Abduazizov. – Vaholanki, avvallari bu ishlar uchun 3 kun vaqt sarflanardi. Innovatsion texnologiya orqali maydonlarni nafaqat kuzatish, balki suratga olish, xaritasini tuzish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Markaz tomonidan o‘tgan yil davomida uchuvchisiz uchish qurilmalarini boshqarish uchun jami 255 ta boshqaruvchi operator mutaxassis o‘qitildi. Agentlik hududiy boshqarmalarining 42 dona hamda vazirlik va idoraning 17 dona uchuvchisiz uchish qurilmasiga qisman ta’mirlash va texnik xizmatlar ko‘rsatildi. Topografiya, fotogrammetriya va geofazoviy ma’lumotlarni yangilash bo‘yicha ishlar amalga oshirildi.
Uchuvchisiz uchish qurilmalari, mitti dronlar bilan 15 marotaba “dron-shou” tadbirlari o‘tkazildi. Uchuvchisiz uchish qurilmalarining akkumulyator batareyalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Korxona mutaxassislari tomonidan qurilmalarning akkumulyator batareyalariga sovuq mavsumda isitadigan “transport qutisi” yaratildi.
Shuningdek, samolyot va geksokopter turidagi uchuvchisiz uchish qurilmalar loyihasi yaratildi. Markazda uchuvchisiz uchish qurilmalariga texnik xizmat ko‘rsatish, ulardan samarali foydalanish, uchuvchisiz uchish qurilmalari orqali geodeziya ishlari amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, uchuvchisiz uchish qurilmalarini loyihalash va boshqa faoliyatlar olib borilmoqda. Bugungi kunda markazda 1000 ga yaqin turli xil vazifalarni bajaruvchi dronlar mavjud.
Prezident qaroriga asosan kadastr tizimi yo‘nalishi bo‘yicha doktorantura faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Geodeziya va kartografiya sohasida ishlatiladigan jihozlarni tekshirish va kalibrlash laboratoriyasini tashkil etish va ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.
Qayd etish joiz, Markaz davlatimiz rahbarining “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq energiya tejovchi quyosh panellarini o‘rnatish ishlarini o‘z zimmasiga olgan. Bugungi kunga qadar Kadastr agentligi tizimida jami 21 ta ob’ektda quyosh panellari o‘rnatish ishlari amalga oshirildi.
Bundan tashqari Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 6 ta kam ta’minlangan xonadonga energiya tejovchi quyosh panellari bepul, ya’ni xayriya qilinib, o‘rnatib berildi. Har bir xonadonga 2 kVli 4 tadan panel o‘rnatildi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA