Mamlakatimizda biznesni ro‘yxatga olish jarayonlari boshlandi
Bugun, 15-oktabrdan mamlakatimizda muhim statistik tadbir — biznesni ro‘yxatga olish jarayonlari boshlandi. Shu munosabat bilan Milliy statistika qo‘mitasida brifing o‘tkazildi.
Qo‘mita raisi o‘rinbosari Z.Ziyayev o‘z nutqida mazkur jarayonning mazmun-mohiyati, tartibi va mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatiga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi tegishli farmoniga muvofiq, joriy yilning 15-oktabridan 30-noyabriga qadar butun respublika bo‘ylab o‘tkaziladi.
Brifingda qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda minglab korxonalar, tadbirkorlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari, hunarmandlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar turli sohalarda faoliyat yuritib, iqtisodiyot rivojiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Biroq, iqtisodiyotni to‘g‘ri baholash va kelgusida uni yanada rivojlantirish bo‘yicha samarali qarorlar qabul qilish uchun ushbu faoliyatlar haqida to‘liq va ishonchli ma’lumotlar bo‘lishi zarur. Biznesni ro‘yxatga olishning asosiy maqsadi ham mamlakatimizda amalda qancha iqtisodiy birlik faoliyat yuritayotgani, qaysi sohalarda ishlayotgani, qancha fuqaroni ish bilan ta’minlayotgani va iqtisodiyotga qanday hissa qo‘shayotganini aniqlashdan iborat.
Ma’lum qilinishicha, ro‘yxatga olish jarayonida yirik, o‘rta va kichik korxonalar, mikrofirmalar, nodavlat notijorat tashkilotlari, xorijiy korxonalarning mamlakatimizdagi doimiy muassasalari va vakolatxonalari, yakka tartibdagi tadbirkorlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari, oilaviy tadbirkorlar, hunarmandlar hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar qamrab olinadi. Shuningdek, rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan iqtisodiy faoliyat yuritayotgan shaxslar faoliyati ham o‘rganiladi.
Jarayon davomida iqtisodiy birliklarning amaldagi faoliyat manzili, asosiy va qo‘shimcha faoliyat turlari, ish bilan band bo‘lganlar soni, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar, shuningdek, internet va elektron savdodan foydalanish, eksport-import faoliyati hamda boshqa muhim iqtisodiy ko‘rsatkichlar yig‘iladi.
Tadbir asosan yuzma-yuz suhbat shaklida o‘tkazilib, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan ro‘yxatga oluvchi xodimlar planshet qurilmalari orqali elektron savolnomalarni to‘ldiradi. Bozorlar, savdo majmualarida statistika organlari xodimlari, mahallalarda esa hokim yordamchilari jalb etiladi. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun census.stat.uz axborot tizimi orqali mustaqil ravishda onlayn ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati ham yaratilgan.
Mutasaddilar tadbirkorlar va fuqarolarning e’tiborini muhim bir jihatga qaratdi: biznesni ro‘yxatga olish — bu tekshiruv, nazorat yoki jarima qo‘llashga qaratilgan tadbir emas. To‘plangan ma’lumotlarning maxfiyligi qonunchilik bilan kafolatlangan bo‘lib, ular faqat rasmiy statistik ko‘rsatkichlarni shakllantirishda umumlashtirilgan holda foydalaniladi. Ro‘yxatga oluvchi xodimlarni maxsus kiyimi va xizmat beyjigi orqali tanib olish mumkin. Savollar yuzasidan 1851 qisqa raqamli call-markazga murojaat qilish mumkinligi belgilangan.
Brifing yakunida barcha tadbirkorlar, fermerlar, hunarmandlar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar ushbu muhim statistik tadbirda faol qatnashishga chaqirildi. Zero, bugungi aniq ma’lumotlar ertangi to‘g‘ri qarorlar va barqaror iqtisodiy taraqqiyot asosidir.
Mohigul Qosimova,
O‘zA