O‘zbekiston Qahramoni
Anatoliy Nikolayevich Panin
Butun mehnat faoliyati davomida Navoiy kon-metallurgiya kombinatida fidokorona xizmat qilgan mohir ekskavatorchi-mashinist, mehnat faxriysi, O‘zbekiston Qahramoni Anatoliy Nikolayevich Panin shu yil 21 oktyabrda 72 yoshida vafot etdi.
A.Panin 1949 yil 12 mart kuni Rossiya Federatsiyasining Tula viloyatidagi Uzlov tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatib, dastlab Don shahridagi kasb-texnika maktabida, keyinchalik Navoiy kasb-hunar texnikumida tahsil oldi.
Butun hayoti va mehnat faoliyatini O‘zbekiston tog‘-kon sanoati rivojiga bag‘ishlagan A.Panin Navoiy kon-metallurgiya kombinatining Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli “Sharqiy” karerida ish boshlab, ko‘p yillar davomida ekskavator mashinisti, mashinistlar brigadiri, uchastka ustasi vazifalarida samarali xizmat qildi.
O‘z kasbining haqiqiy jonkuyari bo‘lgan A.Panin boy bilim va tajribasi, barchaga ibrat bo‘ladigan mehnatsevarlik, mardlik va matonat, jonajon Vatanimizga muhabbat singari yuksak insoniy fazilatlari bilan nafaqat konchilar jamoatchiligi, balki ko‘p millatli xalqimizning hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘ldi.
U Qizilqum sahrosi bag‘ridagi noyob qazilma boyliklarini o‘zlashtirishda jonbozlik ko‘rsatdi.
A.Panin ayniqsa mustaqillik yillarida sharafli mehnati, shaxsiy ibrati, jamoatchilik ishlaridagi faol ishtiroki bilan iqtisodiyotimizning muhim strategik yo‘nalishi bo‘lgan tog‘-kon sanoati rivojini yangi bosqichga olib chiqish, ushbu tarmoqda yangicha ishlab chiqarish munosabatlari va an’analarini shakllantirishga munosib hissa qo‘shdi.
Ayni paytda yosh konchilar avlodini tarbiyalash, o‘zi istiqomat qilgan Uchquduq tumanini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, ishlab chiqarishda yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishishda uning xizmatlari katta bo‘ldi.
Keyingi yillarda xalq deputatlari Uchquduq tumani Kengashi deputati sifatida hududda islohotlarni amalga oshirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, sport va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishda alohida faollik ko‘rsatdi.
A.Paninning davlatimiz va xalqimiz oldidagi ulkan xizmatlari yuksak darajada e’tirof etilib, 1995 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” oliy unvoni hamda “Oltin yulduz” medali bilan mukofotlangan edi.
Mamlakatimiz kon-metallurgiya sohasining chinakam fidoyisi va muhtaram faxriysi, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Anatoliy Nikolayevich Paninning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, Q.Tursunov, Q.Sanaqulov