Mamlakatimiz taraqqiyoti va qudratining timsoli
Yo‘llar mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishida beqiyos ahamiyat kasb etadi. Zero, yo‘l borgan joyda taraqqiyot bo‘ladi, farovonlik, madaniy va ma’rifiy yuksalish bo‘ladi. Aynan shu bois manzillardan-manzillarga eltuvchi zamonaviy, qulay va xavfsiz yo‘llarni barpo etish hamisha dolzarb vazifa bo‘lib kelgan.
Yo‘llar mamlakatimizning iqtisodiy rivojlanishida beqiyos ahamiyat kasb etadi. Zero, yo‘l borgan joyda taraqqiyot bo‘ladi, farovonlik, madaniy va ma’rifiy yuksalish bo‘ladi. Aynan shu bois manzillardan-manzillarga eltuvchi zamonaviy, qulay va xavfsiz yo‘llarni barpo etish hamisha dolzarb vazifa bo‘lib kelgan.O‘zbekiston transport tizimining muhim bo‘g‘ini – temir yo‘llar bunga yorqin misol bo‘la oladi. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida iqtisodiyotimizning asosiy qon tomiriga aylangan temir yo‘l tarmog‘ini rivojlantirishga mustaqillikning ilk kunlaridan alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Har yili mamlakatimiz temir yo‘l transporti qariyb 19 million yo‘lovchining uzog‘ini yaqin qilmoqda. Yuk tashish hajmi ham muttasil oshib borayotir. Bugungi kunda barcha transport turlarida yuk tashish va import-eksport tashishlar jami hajmining katta qismi temir yo‘l tarmog‘i ulushiga to‘g‘ri keladi.
Buyuk Ipak yo‘lidagi po‘lat izlar
Davlatimiz rahbari o‘z nutq va ma’ruzalarida asrlar davomida dunyo xalqlari madaniyatining o‘zaro boyishi, ular o‘rtasida savdo-sotiq munosabatlarining rivojlanishiga xizmat qilib kelgan Buyuk Ipak yo‘lining ahamiyati haqida ko‘p bor ta’kidlagan. Hozirgi temir yo‘llar uzoq o‘tmishdagi yo‘nalishlar orqali o‘tgani ham diqqatga sazovordir. Bugun mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida sohani rivojlantirish va modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Yaqin o‘tmishga nazar tashlar ekanmiz, aytish mumkinki, temir yo‘lchilarimiz murakkab sharoitlarda ham yuzlab kilometr po‘lat izlar yotqizib, katta to‘siqlarni muvaffaqiyat bilan yengib o‘tayotganiga guvoh bo‘lamiz. Temir yo‘llarimiz mustahkam va tejamkor ekanini xorijiy mutaxassislar ham e’tirof etmoqda. Sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va izchil islohotlar samarasida mamlakatimiz temir yo‘llari yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy transport tizimiga aylandi. Bunda yirik loyihalarni hayotga tatbiq etayotgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasining alohida o‘rni bor.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda mamlakatimiz temir yo‘llarining uzunligi 6 ming kilometrdan oshadi. Mustaqillik yillarida 700 kilometrdan ortiq temir yo‘l qurib foydalanishga topshirildi.
Navoiy – Uchquduq – Miskin – To‘rtko‘l – Sulton Uvaystog‘ yangi temir yo‘l liniyasining qurilishi shahar va qishloqlarimizni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega yirik loyihalardan biridir. Ushbu yangi liniyaning ishga tushirilishi nafaqat tabiiy boy mineral zaxiralardan foydalanish, qo‘shni mamlakatlar hududini aylanib o‘tadigan transport xarajatlarini kamaytirish, balki mamlakatimiz mustaqilligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Amudaryo orqali o‘tgan mahobatli ko‘prikning bunyod etilishi esa mamlakatimiz temir yo‘l tizimini rivojlantirishda, ayniqsa, muhim loyiha bo‘ldi. Ushbu ulkan muhandislik inshooti Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini bog‘lab, poytaxtimizga keladigan masofani sezilarli darajada qisqartirish imkonini berdi. Uzunligi qariyb 700 metr bo‘lgan ushbu ko‘prik Urganch – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qatnaydigan poyezdlar harakati vaqtini 5,5 soat, masofani 300 kilometrga qisqartirdi. Bundan tashqari, ko‘prikdan foydalanish samarasida mamlakatimiz shimoliy hududlarida katta miqdordagi foydali qazilma konlarini o‘zlashtirish, ko‘plab ish o‘rinlari yaratish, shuningdek, davlatlararo va mahalliy poyezdlar harakatini samarali yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. Mustaqilligimizning 20-yilligi arafasida ko‘prik orqali barcha sharoitlar muhayyo etilgan zamonaviy poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l liniyasi Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarini jadal rivojlantirish, hududdagi foydali qazilma boyliklarini samarali o‘zlashtirish, mamlakatimiz janubida ijtimoiy infratuzilmani taraqqiy ettirishga xizmat qilayotir. Ushbu zamonaviy murakkab loyiha yangi muhandislik yechimlari asosida amalga oshirildi. Markaziy Osiyoda ilk bor dengiz sathidan 1800 metr balandlikdagi Hisor tog‘ tizmalarini kesib o‘tgan temir yo‘l yotqizildi. Bu yo‘lda 48 ko‘prik, 560 dan ortiq inshoot barpo etildi.
Mustaqillikka erishgunimizga qadar bunday loyihalar haqida o‘ylash xayolimizga ham kelmagan. Zero, ularning hayotga tatbiq etilishi temir yo‘l magistrallarini rivojlantirish borasidagi yuksalishning amaldagi yana bir tasdig‘idir. Bugun o‘sha orzular ko‘z o‘ngimizda haqiqatga aylandi. Bunyod etilayotgan ushbu zamonaviy transport qon tomirlari iqtisodiyotimizga sarmoya kiritayotgan chet ellik investorlar e’tiborini ham jalb etayotgani yanada ahamiyatlidir.
Temir yo‘llarni modernizatsiya qilish va elektrlashtirishga ham alohida e’tibor berilmoqda. Chunonchi, so‘nggi yillarda elektrlashtirilgan Toshkent – Samarqand va Toshkent – Xo‘jakent temir yo‘l liniyalari qatoriga To‘qimachi – Angren yo‘nalishi ham qo‘shildi. Bu esa Toshkent viloyati temir yo‘l liniyalarini zamonaviy texnologiyalarga o‘tkazishning mantiqiy davomi bo‘ldi. Shuningdek, yuqori tezlikda harakatlanishni yo‘lga qo‘yish maqsadida elektrlashtirilgan ikki yo‘nalishli Yangiyer – Dashtobod va Dashtobod – Jizzax, G‘allaorol – Bulung‘ur temir yo‘l uchastkalari qurib bitkazildi. Endi o‘n minglab yo‘lovchilar yangi yo‘nalishlardan bemalol foydalanishi mumkin.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 21-dekabrda qabul qilingan “2011-2015-yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi qarori temir yo‘l transportini rivojlantirishda navbatdagi bosqichni boshlab berdi. Ushbu hujjatga muvofiq mamlakatimiz temiryo‘lchilari Markaziy Osiyoda birinchi bor soatiga 270 kilometr tezlikda harakat qiladigan zamonaviy poyezdlardan foydalanish uchun mo‘ljallangan Toshkent – Samarqand temir yo‘lini barpo etdi.
Uzunligi 140,8 kilometrni tashkil etadigan Maroqand – Qarshi uchastkasining elektrlashtirilishi “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning davomi bo‘ldi. Mazkur loyihada Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasida foydalanilayotgan poyezdlar uchun Qarshi shahridagi lokomotiv deposini rekonstruksiya qilish nazarda tutilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihaning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizning ko‘plab yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilayotgan janubiy hududlarida yo‘lovchi va yuk tashish oqimini 20 foiz oshirish imkonini beradi.
Ta’kidlash joizki, 2021-yilga qadar “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi umumiy uzunligi 1000 kilometrdan ziyod bo‘lgan yana to‘rtta uchastkani elektrlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu, o‘z navbatida, elektrlashtirish darajasini qariyb uch barobar oshirish imkonini yaratadi.
XXI asr poyezdlari
Bundan 10-15-yil ilgari Toshkent va Samarqand shaharlari o‘rtasidagi temir yo‘llarda yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdining paydo bo‘lishini ko‘pchilik tasavvur ham etmagan. Ushbu poyezd nafaqat yurtdoshlarimiz, balki chet ellik sayyohlar e’tiborini ham tortmoqda. Buning sababi oddiy. Negaki, bunday zamonaviy poyezdlar o‘zining texnologik taraqqiyoti bilan dunyoga mashhur bir necha mamlakatdagina qatnamoqda. Shuningdek, Toshkent – Buxoro va Toshkent – Qarshi yo‘nalishlarida qatnayotgan “Sharq” hamda “Nasaf” tezyurar poyezdlarida ham yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.
– O‘zbekistonning qadimiy tarixi va boy madaniy merosi haqida ko‘p o‘qiganman, – deydi Buyuk britaniyalik sayyoh Greg Dods. – Bu yerga kelgunimga qadar afsonaviy mamlakatingiz haqida ko‘p marotaba eshitganman. Ammo, dunyoning qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Samarqandga barcha qulayliklarga ega zamonaviy poyezdda kelaman, deb sira xayolimga keltirmagan edim. Haqiqatan ham, bu naqd ertakning o‘zginasi.
Lokomotiv – temir yo‘llarda harakatlantiruvchi asosiy kuchdir. Bu borada “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi istiqbolli ishlarni amalga oshirmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz lokomotiv xo‘jaligida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Katta hajmdagi yuklarni kam mablag‘ sarflangan holda tashish imkonini beradigan yangi yuk elektrovozlari xarid qilindi.
Masalan, kompaniya Dalyan elektrovozsozlik zavodida (Xitoy Xalq Respublikasi) mamlakatimiz uchun maxsus ishlab chiqarilgan O’ZEL rusumidagi 38 elektrovozni sotib oldi. Mazkur elektrovozlar tog‘li hududlarda foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy xalqaro ekologik xavfsizlik talablariga javob beradi.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi mutaxassislarining ta’kidlashicha, O’ZEL rusumidagi elektrovozlarning xarid qilinishi kompaniyaga sezilarli texnik-iqtisodiy samara keltirmoqda. Bu elektrovozlarni ta’mirlashda mehnat sarfini 25 foiz, materiallar va resurslar sarfini 40 foiz, rekuperativ tormozlashdan foydalanish hisobiga elektr energiyasi sarfini 10 foiz kamaytirish, tashilayotgan yuk vaznini 12 foiz oshirish imkonini bermoqda.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik kompaniyasi lokomotiv xo‘jaligini modernizatsiya qilish bo‘yicha ulkan rejalarni amalga oshirishni mo‘ljallamoqda. Mamlakatimiz po‘lat izlarida qatnaydigan ushbu lokomotivlar yangi turdagi vagonlarni o‘z ortidan ergashtiradi. Zero, vagonlar parkini yangilash ham temir yo‘l sohasidagi texnik taraqqiyotning muhim shartidir.
Aynan shu maqsadda 2001-yil Yaponiya hukumati kreditini jalb etgan holda Toshkent yo‘lovchi vagonlar qurish va ta’mirlash zavodi barpo etildi. Bu yerda xalqaro sifat standartlariga javob beradigan qulay va shinam yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Rekonstruksiya qilingan Quyuv-mexanika zavodi yuk vagonlari parkini to‘ldirishga yordam berayotir. Davlatimiz rahbarining o‘tgan yili zavod ochilishida ishtirok etgani ham uning nechog‘li ahamiyatga ega ekanidan dalolat beradi. Yiliga 26,5 ming tonna quyma mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega ushbu zavodda ayni paytda 167 turdagi sanoat mahsulotlari tayyorlash mahalliylashtirildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yuk va yo‘lovchi vagonlari MDH davlatlari yo‘llarida ham harakat qilmoqda, mamlakatimiz temir yo‘l tarmog‘ining texnologik yutuqlarini namoyish etmoqda.
Yangi ufqlar...
Elektrlashtirilgan yangi Angren-Pop temir yo‘lining qurilishi mamlakatimiz temir yo‘l tarmog‘ini yanada rivojlantirishda katta ahamiyat kasb etadi. O‘zbekistonning markaziy qismini Farg‘ona vodiysi viloyatlari bilan bog‘laydi va Yevropani Osiyo bilan bog‘laydigan transmilliy transport koridorining muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi.
O‘tgan yili mamlakatimiz temiryo‘lchilari transport kommunikatsiya sohasidagi ushbu loyihani xitoylik sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshirishga kirishdi. Uzunligi qariyb 124 kilometrlik elektrlashtirilgan Angren – Pop temir yo‘l liniyasi dengiz sathidan 2,2 ming metr balandlikda joylashgan Qamchiq dovoni orqali 19 kilometrlik temir yo‘l tunnelini qurishni ko‘zda tutadi.
Ushbu temir yo‘l, hech mubolag‘asiz, istiqbolda iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirish uchun strategik ahamiyatga egadir. Uning ishga tushirilishi mamlakatimiz hududida yagona temir yo‘l transporti tizimini shakllantirish imkonini beradi. Ayni paytda yo‘lning 60 kilometrdan ko‘prog‘i qurildi. Yo‘l qurilishi 2016-yilda nihoyasiga yetkaziladi. Yurtdoshlarimiz va chet ellik mehmonlar Toshkentdan Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlariga hech bir qiyinchiliksiz borish imkoniga ega bo‘ladi.
“Temir yo‘l – tirik organizm”, deydi mamlakatimiz temiryo‘lchilari. Ularning gapida jon bor. Zero, O‘zbekiston temir yo‘l tarmog‘i tarixan qisqa vaqt ichida yangi qiyofaga ega bo‘ldi, Vatanimiz taraqqiyoti va qudratining o‘ziga xos timsoliga aylandi.