So‘nggi yillarda mamlakatimizda sport sohasida erishilgan yutuqlar faqatgina sportchilarning mahorati yoki jismoniy tayyorgarligi bilan emas, balki tuzilmaviy islohotlar, ilmiy asoslangan yondashuvlar va samarali boshqaruv natijasida ham yuzaga keldi.
Mazkur jarayonda sport mutaxassislarining roli alohida o‘rin tutadi. Shunday sport mutaxassislaridan biri – Sherzod Toshmatovning faoliyati mamlakatimiz sport tarixida muhim burilish nuqtalaridan biri sifatida baholanishi mumkin.
Sherzod Toshmatov 1979 yil Toshkentda tug‘ilgan. Sport sohasidagi faoliyatini muaytay yo‘nalishida boshlagan. 2010-2014 yillarda O‘zbekiston havaskor va professional muaytay assotsiatsiyasi raisi sifatida nafaqat milliy, balki mintaqaviy miqyosda ham muaytay sport turini ommalashtirishga hissa qo‘shdi. Uning tashabbusi bilan 2010 yilda Osiyo chempionati, 2011 yilda esa jahon chempionati Toshkentda yuqori darajada tashkil etildi. Poytaxtimizda o‘tgan ushbu yirik sport anjumanlari Xalqaro va Osiyo muaytay federatsiyalari tomonidan alohida e’tirof etildi. Shuningdek, 2013 yili Samarqand shahrida professional sportchilar o‘rtasida muaytay bo‘yicha “Buyuk ipak yo‘li” sovrini uchun xalqaro turnirining final bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, muaytay bo‘yicha xalqaro musobaqalarda sportchilarimizning uzluksiz ishtiroki ta’minlandi.

Shundan so‘ng, mutaxassis Shark yakka kurashchilari va jang san’atlarini rivojlantirish Respublika markazi raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyatini davom ettirdi. 23 ta federatsiya birlashtirilgan markazda u “Sharq yakka kurashlari” festivali, “To‘maris” ayollar tanlovi kabi bir qator tadbirlarni tashkil etishga bosh-qosh bo‘ldi.
Mutaxassis 2014 yilda O‘zbekiston boks federatsiyasining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi va 2019 yilga qadar ushbu federatsiyada faoliyat olib bordi.
Sherzod Toshmatov boks federatsiyasidagi faoliyatining ilk kunlaridanoq asosiy e’tiborni sportchilarning jismoniy, ruhiy holatini o‘rganish asosida terma jamoalar zaxirasini shakllantirish, hududlardan iqtidorli yoshlarni izlab topish, seleksiya ishlarini yuksaltirish, istiqbolli yosh bokschilarning elektron ma’lumotlar bazasini yaratish, yuqori natijalarga erishayotgan bokschilarni rag‘batlantirish, malakali murabbiylar tayyorlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro darajada malaka oshirishiga ko‘maklashish, ayollar boksini rivojlantirishga qaratdi va mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘ydi.
Natijada, mamlakatimizda boks sport turini yanada rivojlandi, o‘zbek boks maktabi yana o‘zining maqomini tiklab oldi.
Jumladan, 2015-2018 yillar mobaynida charm qo‘lqop ustalarimiz jahon va qit’a chempionatlarida zafar quchdi. Yurtimizda "Uzbek Tigers" boks jamoasi tashkil etildi va WSB (World Series of Boxing) seriyasidagi qator tadbirlarga Toshkent va Termiz shaharlari mezbonlik qildi. Shuningdek, bokschilarimiz 2017 yilda Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 10 ta medal, 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida 7 ta medal jamg‘arib, tengsiz bo‘ldi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Sherzod Toshmatov faoliyati davomida boksimiz tarixida yangi sahifa ochildi. Jumladan, 2016 yili Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida bokschilarimiz 3 oltin, 2 kumush va 2 bronza medalini qo‘lga kiritdi va Kuba, AQSH, Buyuk Britaniya va Rossiya kabi boks eng rivojlangan davlat sportchilarini ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi.
Ushbu muvaffaqiyatga erishishda Hasanboy Do‘smatov, Fazliddin G‘oyibnazarov, Shahobiddin Zoirov, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziyev, Rustam To‘laganov va Murodjon Ahmadaliyev kabi charm qo‘lqop ustalarimizning hissasi katta. Darvoqe, “Rio-2016” Olimpiadasida Hasanboy Do‘smatov Olimpiya o‘yinlarida eng yorqin janglar o‘tkazgani uchun eng yaxshi bokschi sifatida “Vel Barker” kubogi bilan taqdirlandi.
Albatta, har bir ishda shaffoflik, halollik prinsiplarini ilgari suruvchi Sherzod Toshmatov o‘zbek boksi obro‘sini tikladi va ushbu sport bo‘yicha oltin avlodni shakllantirdi. Ushbu sohada to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan ishlar bugungi kunda ham o‘z samarasini berayotganini charm qo‘lqop ustalarimizning professional va havaskor boksda erishayotgan natijalarida ko‘rishimiz mumkin.
5 yil davomida mamlakat boks qudratini yanada yuksaltirgan mutaxassis 2019 yilga kelib O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi etib saylandi. Uning qo‘l ostida mazkur assotsiatsiyada ham ulkan islohotlar amalga oshirildi. Natija esa uzoq kuttirmadi. Ya’ni, taekvondo bo‘yicha mamlakatimiz sport tarixida yana bir ulkan muvaffaqiyat qayd etildi. Xususan, Ulug‘bek Rashitov 19 yoshida Olimpiada chempioni bo‘ldi va bu medal Olimpiya o‘yinlarida o‘zbek taekvondochilari qo‘lga kiritgan ilk oltin medal sifatida tarix zarvaraqlariga oltin harflar bilan bitildi.
Shuningdek, bugunga qadar taekvondo WT bo‘yicha yurtimizda hamda dunyo uzra o‘tkazib kelinayotgan barcha nufuzli musobaqalarda taekvondochilarimiz shohsupaga ko‘tarilishi oddiy holga aylanmoqda.
Shu o‘rinda, o‘tgan yili o‘tkazilgan “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida taekvondo bo‘yicha qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni yodga olsak. Aniqrog‘i, “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlarining taekvondo WT bo‘yicha vazni 68 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida Ulug‘bek Rashitov barcha raqiblarini taslim etgan holda oltin medalga ega bo‘ldi. Shuningdek, u mamlakatimiz taekvondo WT tarixida ilk marotaba ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan sportchiga aylandi.
Olimpiya o‘yinlarining 67 kilogrammdan ortiq vazn toifasida ishtirok etgan hamyurtimiz Svetlana Osipova kumush medalga sazovor bo‘ldi va mamlakatimiz taekvondo WT tarixida Olimpiya o‘yinlarida bunday natija qayd etgan ilk ayol sportchi sifatida tarixga kirdi.
Ayni damda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari va O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi sifatida faoliyat olib borayotgan Sherzod Toshmatov sportchilarimizni kompleks musobaqalarga tayyorlash bo‘yicha yangicha tizimni joriy etdi va bu xalqaro arenalarda o‘z natijasini berib kelmoqda.
Jumladan, Sh.Toshmatov 2022 yilda bo‘lib o‘tgan Islom birdamlik o‘yinlari, “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlari, “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari va joriy yilda Xitoyning Harbin shahrida o‘tgan IX qishki Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasining musobaqadagi missiya rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Ushbu yirik sport tadbirlarida qayd etilgan tarixiy natijalarda sportchi va murabbiylar qatorida sport mutaxassisi Sherzod Toshmatovning ham o‘rni beqiyos.
O‘z faoliyati davomida mamlakatimiz sportini yuksaltirish va ulkan marralarni zabt etishda jonbozlik ko‘rsatayotgan Sherzod Toshmatov “Mehnat shuhrati”, “Do‘stlik” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA