Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Mamlakatimiz qonunchiligi bilan solishtirma tahlil

Sotib oluvchi, buyurtma beruvchi, undan foydalanuvchilar-chi?


Ikkinchi maqola

Mamlakatimiz qonunchiligida iste’molchiga foyda chiqarib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan holda shaxsiy iste’mol yoki boshqa maqsadlarda tovar sotib oluvchi, ish, xizmatga buyurtma beruvchi yoxud shu niyatda bo‘lgan fuqaro (jismoniy shaxs) deb ta’rif beriladi. Sotib oluvchi, buyurtma beruvchi, undan foydalanuvchilar-chi? Siz telefon sotib olib, do‘stingizga sovg‘a qildingiz. Mantiqqa ko‘ra, do‘stingiz shu tovardan foydalanish jarayonida unda biror nuqson chiqsa ishlab chiqaruvchining kafillik majburiyatlarini ro‘kach qilib, o‘zining qonuniy huquqlarini ro‘yobga chiqarishi kerakmi yo yo‘qmi? Shu o‘rinda, Rossiya qonunchiligida mazkur tushuncha bizning qonunchiligimizdagi tushuncha matni bilan mos bo‘lib, unda foydalanuvchi so‘zlari ham mavjudligini eslatib o‘tish joiz.

Albatta, iste’molchi biror tovar yoki xizmatni tanlashi uchun unga nafaqat mazkur tovar yoki xizmat balki ma’lum ma’noda shu tovarni qanday ishlatish, xizmatdan qanday foydalanish borasida ham ma’lumot berish kerak. Bilimni esa ishlab chiqaruvchilar mahsulot qadog‘idagi yozuvlar, tovardan to‘g‘ri va samarali foydalanish uchun qo‘llanmalar, sotuvchilar esa tovarni ishlatib ko‘rsatish va boshqa vositalar bilan iste’molchilarga beradilar. Afsuski, yurtimizdagi iste’molchilik sohasiga oid ko‘pgina muammo va tushunmovchiliklar aynan bilimning yetishmasligidan kelib chiqmoqda.

Koreya iste’molchilarining asosiy huquqlari ko‘rsatib o‘tilgan moddaning 6-bandiga ko‘ra, iste’molchilar oqilona iste’molchilik hayotini olib borish uchun zarur bo‘lgan ta’lim (bilim)ni olish huquqiga egaligi ko‘rsatib o‘tilgan. Demak, iste’molchiga yoshligidan mazkur soha bo‘yicha yetarli darajada ta’lim va bilim berib boriladi. Bunday bilim berish faqatgina ta’lim muassasalari o‘quvchilari bilan cheklanib qolmasdan, iste’molchilarning keng doirasini qamrab oladi. Bunda ular keksalar, yoshlar, nogironlar, turmush qurgan muhojirlar, shimoldan qochqinlar (Shimoliy Koreyadan), boshqa zaif guruhlar kabiga bo‘lib, bilimni ularga qulay usul va vositalar yordamida berishga intilmoqdalar. Mazkur holat bizning qonunchiligimizda o‘z aksini topganmi? Yo‘q.

1996 yilda qabul qilingan qonunimizda iste’molchilarning 6 ta asosiy huquqi ko‘rsatib o‘tilib, iste’molchilarning ta’lim olish huquqi kiritilmasdan qolib ketgan. To‘g‘ri, qonundagi mazkur yetishmovchilikni, keyinchalik, ya’ni 2002 yil 28 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan to‘ldirishga muvaffaq bo‘lingan.
Koreya Respublikasi qonunining alohida to‘rtinchi bobi “Iste’molchilar tashkilotlari”ga bag‘ishlanib, to‘rtta moddani o‘z ichiga oladi (18, 19, 19-2 va 20-moddalar). Qonunning 18-moddasida iste’molchilarning tashkilotlarining qanday faoliyat turlarini amalga oshirishlari ham ko‘rsatib o‘tilib, 5 ta banddan iborat faoliyatning asosiy turlari sanab o‘tilgan. Jumladan, ular:

iste’molchilarni himoya qilish siyosati bo‘yicha davlat hokimiyati va mahalliy hokimiyat organlariga tavsiyalar berishlari; 

tovar va xizmatlarning standartlashtirilgan markasi yoki turi, sifati, xavfsizligi va ekologik xavfsizligini sinov va tekshirishdan o‘tkazishlari, bitim shartlari va usullarini (narxlariniyam o‘z ichiga oladi) tekshirishlari va tahlil qilishlari; 

iste’molchilarning muammolarini o‘rganishlari va tadqiq qilishlari; 

iste’molchilarni tarbiyalashlari; 

iste’molchilarning shikoyatlarini hal qilish va ko‘rgan zararlarining qoplanishi masalalarida maslahatlar berishlari hamda axborotlarni taqdim etishlari, shuningdek, manfaatdor tomonlar o‘rtasida kelishuv bo‘yicha tavsiyalar berishlari mumkin.

Bu iste’molchilar tashkilotlarining emin-erkin faoliyat yurita olishlari uchun keng imkoniyat desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mamlakatimiz qonunchiligida esa iste’molchilar jamoat birlashmalarining qonun ijrosini ta’minlashdagi o‘rni va roli vakolatlari ko‘rsatib o‘tilmagan.

Bu narsa esa, hattoki bir paytlar, ayrim vakolatli davlat idoralari iste’molchilarning jamoat birlashmalari iste’molchilarining murojaat (ariza, shikoyat, taklif)larini ko‘rib chiqa olmaydilar, deyilishigacha olib keldi. Shu o‘rinda, ko‘pgina davlatlarning iste’molchilik qonunchiligiga iste’molchilarni
ng jamoat birlashmalari yoki tashkilotlarining vakolatlari kiritib ketilganini, iste’molchilarning huquqlarini davlat tashkilotlari bilan bir qatorda jamoat tashkilotlari tomonidan ham himoya qilinishi bo‘yicha tegishli normalarning belgilanganini, bu narsa faqat va faqat iste’molchilarning foydasiga ishlashini aytib ketish joizdir.

Janubiy Koreya iste’molchilik qonunchiligida meni juda ham hayratga solgan narsa – iste’molchilarning huquqlari bilan birgalikda ularga ma’lum mas’uliyatlar ham yuklangani bo‘ldi. Qonunning tegishli moddasida bunday deyiladi:

“Iste’molchilar o‘z xavfsizligi va manfaatlari himoyasini oshirish uchun zarur bo‘lgan bilimlarga ega bo‘lishlari, ayni paytda mustaqil ravishda va samimiy tarzda toza ekologik hayot kechirishga intilishlari hamda shu bilan iste’molchilar sifatidagi hayotlarini yanada yaxshilash va rivojlantirishda ijobiy rol o‘ynashlari kerak”.

Demak, davlat qonun yo‘li bilan iste’molchilarga tegishli ta’lim va bilim berilishini kafolatlab, buni ta’minlab berishga intilar ekan, iste’molchi ham o‘z navbatida ana shu ta’limni olishga, bilimni o‘zlashtirishga intilishi kerak, albatta. Xo‘sh, amaldagi qonunchiligimizga, hozirgi holatida, ushbu normani joriy qilish to‘g‘ri bo‘ladimi? Yo‘q.

Sababi amaldagi qonunimizda “Iste’molchining tovar (ish, xizmat) haqidagi noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumot tufayli yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablari sotib olingan tovar (ish, xizmat)ning xossalari va jihatlari haqida iste’molchi maxsus bilimga ega emas, degan taxminga asoslanib qarab chiqiladi”, degan norma kiritilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimiz qonuni o‘zida iste’molchiga ta’lim va bilim olish huquqini kafolatlab qo‘ymagani oqibatida, ularning hammasi bilimsiz, deb hisoblab, ularni himoya qilishni ham to‘liq o‘z zimmasiga olmoqda. Bu yerda iste’molchini o‘z ustida ishlashga, bilim olishga va kelajakda adashib qolmaslikka intilishga rag‘batlantirish yo‘q, deyish mumkin. Ayrimlarda “Bu mening ishim emas”, “Meni himoya qiladiganlar bor, ular vazifasini bajarsin-da”, “Davlat qayoqqa qarayapti?” qabilidagi qarashlar shakllanib qolishiga ham shu narsalarning hissasi yo‘q emasmi? Kundalik ish faoliyati davomida, hattoki, muddati o‘tib ketgan tovarni ko‘ra-bila turib sotib olib, o‘zi iste’mol qilib yoki farzandiga berib, hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini xatarga qo‘yayotgan iste’molchilarni ham ko‘rayapmiz. Ularga “Opajon yoki akajon, ko‘ribsiz, tovar shubhali, muddati o‘tgan ekan, nega sotib oldingiz?”, desangiz, “Sottirmasinda bo‘lmasa”, deb sizni yengishadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, avvalabor amaldagi qonunimizga iste’molchilarga tovar (ish, xizmat)lar haqida zaruriy bilimlarni berish, shuningdek, iste’molchilik ta’limini berilishini kafolatlovchi qo‘shimchalarni kiritish zarur. Keyinchalik esa iste’molchilarga ma’lum mas’uliyatni yuklovchi normalarni ham kiritish mumkin bo‘ladi.

Koreyaliklarning iste’molchilik sohasida erishgan eng katta yutug‘i bu, albatta, mamlakat iqtisodiyotining barcha sohalarida sog‘lom raqobatni yo‘lga qo‘yganidir, deb baralla aytish mumkin. Mutaxassisga mamlakatingizda qaysi sohalarda monopolistlar bor, deb bergan savolimizga u hech ikkilanmasdan birorta sohada yo‘qligini bildirdi. Sog‘lom raqobat muhiti hukm surayotgani esa, o‘z-o‘zidan ma’lumki, aholi (iste’molchilar)ning yutug‘idir. Mutaxassis bo‘lmagan odamga ham ma’lumki, bunday muhitda narxlarning barqaror bo‘lishi, iste’molchi (xaridor) uchun kurashish orqasidan mahsulot sifatining ham yuqori bo‘lishi oydek ravshan. Shu o‘rinda, mamlakatda birgina yengil avtomobillar ishlab chiqarish sohasining o‘zida to‘rtta katta korxona faoliyat olib borayotganini, ular o‘rtasida kuchli raqobat mavjudligini aytib o‘tishning o‘zini yetarli deb hisoblayman.

Endi Janubiy Koreyada iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish vakolati berilgan ayrim tashkilotlar to‘g‘risida umumiy ma’lumotlarni berib o‘tsam, Koreyada Adolatli savdo komissiyasi - KFTC faoliyat olib boradi. Uning asosiy vazifasi mamlakatda raqobatni tartibga solishdan iborat (bizdagi Antimonopol qo‘mita). Komissiya 1981 yilda monopoliyalarni tartibga soluvchi qonun asosida Iqtisodiy rejalashtirish Kengashi doirasida tashkil etilgan. 1994 yilda Adolatli savdo komissiyasi va uning kotibiyati Iqtisodiy rejalashtirish Kengashidan Markaziy ma’mur
iy tashkilot darajasida ajratilib, mustaqil idoraga aylandi va uning rahbari vazir o‘rinbosari darajasiga ko‘tarildi. 1996 yilda Komissiya raisi maqomi vazir o‘rinbosari darajasidan vazir darajasiga ko‘tarildi.

Koreya iste’molchilar agentligining bosh ofisi Seulda joylashgan. Mamlakat bo‘yicha 10 ta ofisi faoliyat olib boradi, ular Seul, Inchon, Gyongi, Dayjeon, Gvangju, Gangvon, Tegu, Ulsan, Pulsan va Jeju ofislaridir. Tashkilotni Prezident boshqaradi.

KSA ning asosiy funksiyalari quyidagilar:

• Iste’molchilar huquq va manfaatlari siyosatini o‘rganish va tavsiya berish;

• Hajmi, sifati, xavfsizligi, atrof-muhitga ta’siri yuzasidan sinov va tekshirishlar o‘tkazish;

• Tranzaksiyalar shartlari va usullarini test va tahlil qilish;

• Iste’molchilar huquq va manfaatlarini rag‘batlantirish, iste’mol xavfsizligi va modellarini yaxshilash maqsadida axborot yig‘ish/taqdim etish va xalqaro hamkorlik;

• Iste’molchilar huquq va manfaatlarini rag‘batlantirish, xavfsizlikni ta’minlash va vakolatni rivojlantirish maqsadida ma’rifiy, piar va radioeshittirish faoliyati;

• Iste’molchilar huquq va manfaatlarini rag‘batlantirish va iste’mol modellarini ratsionalizatsiya qilish bo‘yicha umumiy o‘rganish va tadqiqotlar;

• Iste’molchilar huquq va manfaatlarini rag‘batlantirish maqsadida milliy yoki mahalliy hokimiyat organlari tomonidan talab qilingan tergov (surishtiruv);

• Iste’molchilar huquq va manfaatlarini hamda ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha boshqa ishlar.

Koreya iste’molchilar agentligida 1372 qisqa raqamli ishonch telefoni faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Iste’molchilarga maslahatlar beruvchi tarmoq ishchi guruhi (call center) iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlashda samaradorlikka erishish maqsadida turli yo‘nalishlarga bo‘lingan: Ta’lim, Sog‘liqni saqlash, Savdo sohasidan kelib tushayotgan murojaatlarga javob qaytaruvchi guruh va hokazolar.

2010 yildan buyon Koreya iste’molchilar agentligi, Iste’molchilar guruhlari va mahalliy hukumatlarning iste’molchilarga maslahatlar xizmatlari 1372 iste’molchilarga maslahatlar beruvchi yagona markazga o‘tkazilgan. Yagona markazga kelib tushgan murojaatlar esa yuqoridagi tartibda o‘rganib chiqiladi.

Iste’molchilar tashkilotlari

Janubiy Koreya Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish qonuni” (Consumer protection act)ning e’tiborli tomonlaridan biri unda “Iste’molchilarning tashkilotlari”, ularni tashkil qilish, faoliyatlari va boshqalar haqida alohida normalar belgilab qo‘yilganligidir (bu haqda yuqorida to‘xtalib o‘tildi). Qonunga ko‘ra, faoliyatni amalga oshirish niyatida bo‘lgan har qanday iste’molchilar tashkiloti Moliya va iqtisodiyot vazirligida yoki mahalliy hokimiyat organlarida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Faoliyat olib borishni istagan har qanday iste’molchilik tashkiloti o‘z faoliyati uchun mos bo‘lgan asbob-uskunalar va ishchi kuchiga ega bo‘lishi kerak. Agar ro‘yxatga olingan iste’molchi tashkilotlarining barqaror rivojlanishi va o‘sishi uchun zarur deb hisoblansa, davlat yoki mahalliy hokimiyat organlari subsidiya taqdim qilishlari mumkin. 

Koreya iste’molchilar tashkilotlari milliy kengashi

Asosiy maqsadi: Iste’molchilar guruhlari faoliyatini rag‘batlantirish va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish. Iste’molchilarni himoya qilish faoliyatida a’zo tashkilotlarga o‘z maqsadlariga yanada samarali erishishlari uchun yordam berishdir. U 11 ta a’zo tashkilot va butun mamlakat bo‘ylab tarqalgan 270 ta mahalliy guruhdan tashkil topgan.

Bosh assambleya – Auditorlar va Vasiylik Kengashiga rahbarlik qiladi.
Vasiylik Kengashi – Prezident va Nizolarni hal qilish komissiyasi faoliyatini boshqaradi.

Prezident – Ishchi qo‘mita va Bosh kotib faoliyatiga rahbarlik qiladi.
Bosh sekretar – Tahririyat komissiyasi va Dasturlash; Piar va publikatsiyalar; Rejalashtirish va tahlil; Axborot; Buxgalteriya, Xarajatlarni tahlil qilish guruhi ishini boshqaradi.
Koreyada quyidagi sertifikatlar keng qo‘llaniladi:

G‘ayrat MAMATQULOV, 
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Farg‘ona viloyati hududiy birlashmasi raisi o‘rinbosari