Mamlakatimiz hududlarida ilmiy-loyiha markazlari ish boshladi
O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda «O‘zinvestloyiha» respublika injiniring kompaniyasi hamkorligida hududlarda ilmiy-loyiha ishlab chiqarish markazlari tashkil etildi.
O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda «O‘zinvestloyiha» respublika injiniring kompaniyasi hamkorligida hududlarda ilmiy-loyiha ishlab chiqarish markazlari tashkil etildi.Mamlakatimiz azaldan o‘zining ajoyib ta’mi, ekologik tozaligi bilan ajralib turadigan meva va sabzavotlari, poliz mahsulotlari bilan mashhur. Ekspertlarning ma’lumotlariga ko‘ra, bizning iqlimimizda yetishtirilgan meva-sabzavotlar bebaho iste’mol xususiyatlari, ya’ni tarkibida tabiiy shakar, amino va organik kislotalar, salomatlik uchun eng muhim bo‘lgan mikroelementlar va oziq-ovqat ratsionida o‘rnini almashtirib bo‘lmaydigan turli biologik moddalarga boyligi bilan boshqa davlatlarda yetishtirilgan ana shunday mahsulotlardan sezilarli ravishda yuqori turadi.
Mustaqil taraqqiyotimizning o‘tgan qisqa davrida amalga oshirilgan ulkan islohotlar qishloq xo‘jaligini tubdan diversifikatsiya qilish va aholimizni asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlash, ularni katta miqdorda eksport qilishni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.
O‘zbekistonning ko‘plab mintaqalari qisqa muddatda jahon bozorlarida xaridorgir bo‘lgan meva va sabzavot mahsulotlari yetishtiradigan va eksport qiladigan hududlarga aylandi. Yurtimizda yuqori hosil beradigan intensiv bog‘lar tashkil qilindi, tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi.
Bu borada erishilayotgan yutuqlarni yanada mustahkamlashda “O‘zinvestloyiha” injiniring kompaniyasi qoshida tashkil etilgan ilmiy- loyiha ishlab chiqarish markazlarining o‘rni beqiyosdir. Ular, xususan, ishlab chiqaruvchilar hamda qayta ishlovchi korxonalarga eksportbop meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha ilg‘or jahon tajribasini o‘rganish, xalqaro va xorijdagi yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni rivojlantirishda yaqindan ko‘mak beradi. Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlarining eksportbop, hosildor navlarini aniqlash, bu navlarni qaysi hududlarda yetishtirish, urug‘ va ko‘chatlarni qayerdan xarid qilish, kimyoviy o‘g‘it va kasallikka qarshi dori vositalaridan qanday foydalanish borasida ham maslahatlar beriladi.
– Biz tadbirkorlarga meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilishda xorijiy bozorlarda talab etiladigan sertifikat, litsenziya va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni tayyorlashni ham o‘rgatamiz, – deydi Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik su’bektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Marat Jo‘rayev. – Mutaxassislarimiz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zamonaviy xorijiy texnologiyalar asosida qayta ishlash, ularni saralash va qadoqlash bo‘yicha mahalliy tadbirkorlarga tavsiyalar bermoqda.
O‘zbekiston seleksionerlari tomonidan sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning 170 dan ortiq, meva va rezavor ekinlar, uzumning 175 yangi navi yaratilgan. O‘zbekistonning noyob tuproq-iqlim sharoiti, to‘rt faslning izchil almashinuvi keng turdagi yuqori sifatli meva va sabzavotlarning asosiy navlarini yetishtirish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi. Shuning uchun ham saxovatli o‘zbek zaminida yetishtiriladigan meva va sabzavotlar yuqori nufuzga ega bo‘lgan haqiqiy brendga – tovar belgisiga aylanib, bu mahsulotlarni sotib oladigan mamlakatlarda ular yuksak raqobatbardoshligi bilan ajralib turadi.
Ayni vaqtda yangi tashkil etilgan ilmiy-loyiha ishlab chiqarish markazlarida xorijiy bozorlar kon’yunkturasini chuqur o‘rganish, talab va taklifni tahlil qilish natijasida mahalliy meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti uchun yangi imkoniyatlarni aniqlash, xorijiy bozorlarni o‘zlashtirish choralari ko‘rilmoqda.