O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Buxoro viloyati Shofirkon o‘quv ishlab chiqarish korxonasi yangi loyiha asosida qayta qurib o‘tgan yili foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy binoda mavjud sharoitlarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi Buxoro viloyati bo‘linmasi tomonidan press-tur tashkil etildi. Press-turda respublika hamda viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

O‘tgan 2023 yilda O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Buxoro viloyat bo‘limining “Ezgulik ramzi” ijtimoiy loyihasi hamda Shofirkon tumani hokimligining davlat ijtimoiy buyurtmasi asosida tumandagi ko‘rishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy va mehnat sharoitlarini yaxshilash maqsadida bu yerdagi mavjud bino-inshootlarni rekonstruksiya qilishga kirishildi.

Buning uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 1 milliard 400 million so‘m miqdorida davlat subsidiya mablag‘i ajratildi. Natijada “O'rikzor Ipak yo'li tesktil” MCHJ qurilish tashkiloti tomonidan 225 metr kvadratdan iborat ishlab chiqarish sexi, 200 metr kvadratdan iborat ikki qavatli ma’muriy bino yangilandi. Ma’naviyat zali va savdo do‘koni uchun mo‘ljallangan ob’ekt qurildi. Yana ikkita ishlab chiqarish sexi rekonstruksiya qilindi. E’tiborli tomoni, umumiy hisobda 25 nafar ishchi-xodimga zamonaviy mehnat sharoiti yaratildi.

– Mazkur davlat subsidiya mablag‘i asosida Shofirkon tumanidagi 360 nafar ko‘zi ojiz fuqarolarning ijtimoiy, iqtisodiy ahvoli yaxshilandi, –deydi O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Jalil Rahmatov. – Ularning bandligini ta’minlash, qulay shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqarishni rivojlantirishni maqsad qilgan edik. Jamiyatda ishlab chiqarish, ma’muriy binolari yangilandi va obodonlashtirish, Ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Jamiyatimiz a’zolari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosi yo‘lga qo‘yildi. Yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Mazkur korxona imkoniyati cheklangan, ayniqsa, ko‘rishda nuqsoni bor shaxslarning bandligini ta’minlash, ularning jamiyat hayotida yanada faol bo‘lishi uchun juda muhim maskanga aylandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.