FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrining qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegara hududida joylashgan “Polmon” MFY ahli tomorqa mirishkorligi hamda bog‘dorchilik sohasidagi yutuqlari bilan tanilgan.
Ayni paytda bu yerda 4500 nafar qirg‘iz millatiga mansub hamyurtlarimiz istiqomat qiladi. Mahalladagi hokim yordamchisi Dostonbek Nazirov ko‘magida keyingi uch yilda qariyb 100 ta oilaga 2,5 mlrd. so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Shaxsiy tomorqa yer egalariga 40 ta motokultivator olib berildi hamda 20 ga yaqin xonadon tomorqasida issiqxona barpo etildi.
Bu yil mahalla ahli farovonligini yuksaltirish maqsadida bog‘dorchilik, chorvachilik va yilqichilik yo‘nalishida 40 ta mikroloyiha ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda.
Mehnat faxriysi Mamanboy Maksitov 14 sotix yerda Niderlandiya lolalarini parvarishlash orqali yiliga ikki marotaba mo‘may daromad oladi. Kuzda lola guli ko‘chati, bahor faslida esa tayyor gul sotiladi. Mamanboy otaning lolalari juda ham xaridorgir.
[gallery-22920]
— Hozirda lolaning qizil, sariq va pushtisini yetishtiramiz, joriy yildan oq ranglisini ham ekishni maqsad qilganmiz, - deydi tajribali tomorqachi. — Shu tarzda gullarimizni viloyat bo‘ylab sotish bilan birga, qo‘shni Qirg‘izistonga ham eksport qilish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, olma, nok va gilos mevalari yetishtirish hamda asalarichilik oilaning yana bir daromad manbai hisoblanadi.
— Besh nafar farzandim uyli-joyli va barchasining o‘z daromadi bor, - deya davom etadi otaxon. — Cholu kampir ushbu yumushlarni sog‘lom va jismonan faol bo‘lish maqsadida bajaramiz.
Aytish joiz, bugungi kunga qadar Mamanboy ota 10 nafarga yaqin mahalladoshlariga lola yetishtirish sir-asrorini o‘rgatdi. Shu tarzda yaqin istiqbolda Niderlandiya lolalarini yetishtirish ham mahallaning asosiy drayverlaridan biriga aylansa, ajab emas.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA