Malikaning yana bir muvaffaqiyati
21–28 iyul kunlari Qirg‘izistonda o‘smirlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidan 14 yoshli Malika Jumayeva ham ishtirok etib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Yosh iqtidor egasi shaxmatga qiziqishini bolaligidan namoyon etgan. 2019 yilda, 8 yoshida, Blits, Rapid va Standart yo‘nalishlarida O‘zbekiston chempioni bo‘lib, ilk katta muvaffaqiyatga erishgan. Shundan beri mamlakat chempionatlarida 10 marta g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Malika 2022 yili Osiyo chempionatida Blits yo‘nalishida birinchi, 2023 yil BAAda 3-o‘rinni, 2025 yil Tojikistonda o‘tgan G‘arbiy Osiyo chempionatida esa 2-o‘rinni egalladi. Qirg‘izistonda olgan kumush medali esa uning xalqaro miqyosda erishgan yana bir katta muvaffaqiyati hisoblanadi.
– Qizimning bu natijasi oilamiz a’zolarini g‘oyatda xursand qildi. Hozircha kumush va bronza. Yaqin kelajakda albatta oltin medalni ham qo‘lga kiritadi. Bunga ishonchim komil,– deydi Malikaning otasi Barot Jumayev.
Yosh sportchilarning bunday yutuqlari mamlakatimizda bolalar va o‘smirlar sportini, xususan intellektual sport turlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy samarasidir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri