Vatanimiz tarixidagi 5 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1372 yil (bundan 653 yil oldin) – So‘fi (So‘fiy) sulolasining rahnamolaridan biri, qo‘ng‘irot qavmi vakili Husayn So‘fi vafot etdi. U 1359–1360 yillarda Shimoliy va Janubiy Xorazmni birlashtirib, Xiva hamda Qiyot shaharlarini o‘z tasarrufiga kiritgan. 1372 yilda Temurbekning bosib olgan yerlarni qaytarib berish to‘g‘risidagi talabini rad etgan. Bunga javoban Amir Temur Husayn So‘figa qarshi qo‘shin tortgan. Qiyot jangsiz taslim bo‘lgach, Husayn So‘fi Temurbekning barcha talablarini bajarishga so‘z bergan. Biroq Xutgalon hokimi Kayxusrav ig‘vosiga uchib, Amir Temurga qarshi jang boshlagan. Sohibqiron tomonidan berilgan birinchi hamladan mag‘lub bo‘lib, Urganch qal’asiga kirib jon saqlagan va qamal vaqtida vafot etgan.
1375 yil (bundan 650 yil oldin) – Amir Temur hijriy 776 yil sha’bon oyining birinchi kuni (milodiy 1375 yilning 5 yanvarida) Mo‘g‘uliston ustiga uchinchi marta yurish boshladi. Bu yurish, umuman olganda, muvaffaqiyatli tugadi. Tarixchi olim, akademik Bo‘riboy Ahmedovning yozishicha, Mo‘g‘uliston hukmdori Qamariddinning asosiy kuchlari Jorun, Ko‘k toma va Burka ruriyonda tor-mor keltirildi. Amir Temurning o‘n to‘qqiz yoshli o‘g‘li Jahongir mirzo bosh bo‘lgan ilg‘or qismlar esa Ili daryosining narigi tarafiga o‘tib, mo‘g‘ullarga qaqshatqich zarba berdi.
Bu yurishda Temur qo‘shini Qamariddinni Poyi toqqacha quvib bordi. Biroq shu yerga kelganda amir Qamariddin ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Amirzoda Jahongir uni tutib kelish uchun yuborildi. Amir Temur Poyi tog‘da ellik uch kun turdi. Shu vatq ichida amirzoda Jahongir Qamariddinni ko‘p qidirdi, topolmagach, oxiri Uch karmondan katta o‘lja va asirlar olib qaytdi.
1401 yil (bundan 624 yil oldin) – Amir Temurning kichik qizi Aka Begimning o‘g‘li Sulton Husayn qo‘lga tushirildi va Shohrux mirzo qarorgohiga keltirildi. Shohrux mirzo yoshlikdan takabbur, o‘zboshimcha, tabiatan fitna va ig‘voga moyil bo‘lgan ushbu 21 yoshli amirzodaga tayoq jazosini belgiladi. Buning sababi shundaki, Sohibqiron 1400 yilning 12 dekabrida Damashqni muhosara qilayotgan pallada bu amirzoda bir guruh fisq-fasodchilar bilan g‘anim tomonga qochib o‘tgan va o‘z safdoshlari hamda yurtdoshlariga qarshi kurashgan edi. Amir Temur Sulton Husayn mirzoning gunohlarini ko‘p bor kechirgan.
1810 yil (bundan 215 yil oldin) – Qo‘qon xoni Olimxon Buxoro amirligiga qarashli O‘ratepaga xujum qilib, ko‘plab odamlarni asir qilib olib ketdi. Unga javoban 15 yanvarda Buxoro qo‘shinlari qo‘qonliklardan 150 kishini asir olib, Buxoroga olib ketdilar. 20 va 24 yanvar kunlari Buxoro amiri Haydar Qo‘qon xonligiga qarshi 18 ming kishilik qo‘shin jo‘natdi. Ammo bu ko‘shin Jizzax yaqinida Olimxon kuchlari bilan to‘qnash kelib, unga hujum qilishga jur’at eta olmasdan orqaga qaytdi.
1894 yil (bundan 131 yil oldin) – birinchi o‘zbek energetik muhandisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi Saidoqil Saidxo‘jayev dunyoga keldi (vafoti 1968 yil). U 1904–1906 yillarda Toshkentdagi rus-tuzem maktabida o‘qigan. O‘ttiz uch yoshida Moskvadagi Plexanov nomidagi Xalq xo‘jaligi institutini tugatgan. O‘rta Osiyoni elektrlashtirishga katta hissa qo‘shgan. Bo‘rjar va Oqtepa GESlari qurilishiga boshchilik qilgan. 1951 yildan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida ishlagan.
1916 yil (bundan 109 yil oldin) – rassom, O‘zbekiston portret san’atining ustasi, pedagog, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Malik Nabiyev tavallud topdi (vafoti 2008 yil). U 2000 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan. Tadqiqotchi Ulug‘bek Mamatovning qayd etishicha, Malik Nabiyev tarixiy janrlardagi asarlarida milliy san’at an’analarini yevropacha realistik maktab yutuqlari bilan uyg‘unlashtirdi. Uning asarlarida buyuk olimlar, hukumdor va sarkardalar obrazi, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Bobur va Xorazmiy kabi buyuk shaxslar siymosi aks ettirildi.
Malik Nabiyev tomonidan yaratilgan Amir Temur obrazi ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. U Amir Temur portretini yaratishga ancha muddat tayyorgarlik ko‘rdi, o‘rta asrlar miniatyuralari bilan chuqur tanishdi, shu bilan birga tarixiy manbalarga ham tayandi: “Men Amir Temur va temuriylarga bag‘ishlangan ko‘plab tarixiy asarlar bilan tanishdim. Ularni imkon boricha qayerda bo‘lishidan qat’i nazar izlab topdim, hatto Amir Temur tasvirlangan miniatyuralar bilan ham tanishdim. Buning uchun Hindistondagi Kalkutta va Bombey muzeylariga, so‘ngra Eronga ham borib keldim. Tehron va Isfaxon muzeylari, Turkiyadagi Istambul, Ko‘nyo va Izmir shaharlarida bo‘ldim. Keyinchalik Angliyadagi Britaniya muzeyida Kamoliddin Behzod miniatyuralari bilan tanishdim, Amir Temur va temuriylarga bag‘ishlangan asl nusxa miniatyuralar saqlanayotgan Fransiya va Ispaniya muzeylariga ham bordim. Turli mamlakatlardagi asarlarda ular turlicha tasvirlangan. Turli mamlakatlar miniatyuralarini o‘rgandim, ammo eng avvalo ajdodlari ruhi poklaridan meni hamisha qo‘llashlarini so‘radim”.
Malik Nabiyev Amir Temurning ishonarli va haqqoniy obrazini yaratdi, o‘z navbatida, bu asar unga shuhrat va hurmat keltirdi. Portretda buyuk sarkarda oltin toj kiygan holatda tasvirlangan. Amir Temurning nigohi bir nuqtaga qadalgan. Qoshlari bir oz ko‘tarilgan, bu yuz ifodasini jiddiylashtirgan, hukmdor qandaydir muhim bir muammoni hal qilayotganligi ma’lum bo‘ladi. Hukmdor saroy xonalaridan birida o‘tiribdi, deraza ortida Samarqand shahri ko‘rinib turibdi. Xona devorlari mayolikali naqshlar bilan qoplangan, taxt naqshlar bilan bezatilgan. Hukmdor Amir Temurning kiyimi ham qimmatbaho toshlar va naqshlar bilan bezatilgan va o‘zining nihoyatda hashamdorligi bilan e’tiborni tortadi.
Yuzi bug‘doyrang, peshonasi chakkalarida, burni va og‘zi yonida tirishlar bor, bular uning keksaligidan darak beradi, shunga qaramay, uning tik qomati bu odamning qudratli va g‘ayratli ekanligini ko‘rsatib turibdi. Uning yuz ifodasi niyatlarining jiddiyligini ko‘rsatib turibdi va portretni mahobatli qilib ko‘rsatadi. Yelkalari keng, yirik qo‘llari qilich dastasiga qo‘yilgan. Rassom o‘z asarida o‘ziga ishongan, aqlli va qarori qat’iy hukmdor obrazini yaratdi va o‘zining tarixiy portretida katta muvaffaqiyatga erishdi. Rassom Malik Nabiyev 1994 yili yaratgan bu portret Amir Temur obrazining etaloni sifatida qabul qilindi.
1922 yil (bundan 103 yil oldin) – Xiva shahrida Xorazm Respublikasidagi birinchi iste’mol shirkatlari tashkil qilindi. Tarixchi B.Mamadaminovaning arxiv hujjatlariga tayanib qayd etishicha, unga Xorazm Respublikasi hukumati tomonidan 400 ming oltin aqcha miqdoridagi mablag‘ qaytarib bermaslik sharti bilan ajratildi.
1932 yil (bundan 93 yil oldin) – fizik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Muhammadjon Yunusov tavallud topdi (vafoti 2002 yil).
1935 yil (bundan 90 yil oldin) – qoraqalpoq tilshunosi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Husniddin Hamidov dunyoga keldi (vafoti 2019 yil).
1955 yil (bundan 70 yil oldin) – toshkentlik futbolchi, xalqaro miqyosdagi sport ustasi Vladimir Fyodorov dunyoga keldi (vafoti 1979 yil). U 1972–1979 yillarda “Paxtakor” jamoasida hujumchi bo‘lgan.
2018 yil (bundan 7 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2018–2022 yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA