Malayziya Xalqaro islom universiteti 1983 yil 23 mayda islom tamoyillari asosida tashkil etilgan. 1987 yildan beri universitet dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan 70 ming nafardan ortiq bitiruvchini tayyorladi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi jamoasi va Malayziyaning Xalqaro islom universiteti Boshqaruv kengashi a’zosi Doktor Sed Husseyn boshchiligidagi delegatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish yuzasidan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot jarayonida bo‘lajak hamkorlarga Jamg‘arma faoliyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Jamg‘arma stipendiatlari ushbu universitetda ta’lim olishini ta’minlash va davlat xizmatchilari uchun stajirovka dasturi masalasi batafsil muhokama qilindi.
Xususan, ushbu stajirovka dasturida barcha vazirlik, idoralarning xodimlari ishtirok etishi mumkinligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berildi.
Suhbat davomida universitet va Jamg‘arma hamkorligida o‘zbek yoshlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etishga kelishildi.
Shuningdek, Jamg‘arma mutasaddilari tomonidan o‘zbekistonlik talabalarning o‘qishga topshirish xarajatlarini bepul qilish va har bir Jamg‘arma stipendiatlarining “tution fee” xarajatlaridan chegirmalar ajratish taklif qilindi.
Universitet vakillari ham chegirmalar yuzasidan kelishuv asosida o‘z takliflarini bildirishini ma’lum qildi. Yaqin kunlar ichida o‘zbekistonlik talabalar va maktab bitiruvchilari uchun butun respublikamiz bo‘ylab universitet mas’ullari bilan birgalikda onlayn vebinarlar tashkil etilishi rejalashtirildi.
Uchrashuv so‘ngida stipendiatlarni ushbu universitetda ta’lim olishini yo‘lga qo‘yish va ko‘plab ijobiy masalalarni o‘z ichiga olgan hamkorlik memorandumini imzolashga kelishildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA