Munosabat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga rasmiy tashrifi davomida bu haqiqat yanada yorqin namoyon bo‘ldi.
Ma’rifatga, ma’naviyatga asoslangan jamiyatlar mislsiz rivojlanmoqda, cheksiz yuksalmoqda, tobora taraqqiy etmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga tashrifini diqqat bilan kuzatib bordim.
Faqat ma’rifatli mamlakatdan bunday yuksak ehtirom, samimiy munosabat, ishonch, cheksiz mehr kutsa bo‘ladi.
O‘zbekiston va Malayziya...
Bu ikki ma’rifatli mamlakatlarning yakdilligi, bir-birini so‘zsiz tushunishi, qo‘llab-quvvatlashi, yaqinlashuvidan mo‘’jizalar sodir bo‘lishiga ishonaman.
Bunga Malayziya tomoni ham, O‘zbekiston ham tayyor.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining “Facebook” dagi sahifasida shunday yozadi:
" Bir necha daqiqa oldin O‘zbekiston Prezidentining Malayziyaga so‘nggi 20 yil ichidagi ilk rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. Diplomatik tajribam va matbuot kotibi sifatidagi faoliyatimga asoslanib aytishim mumkinki, ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi samimiy munosabat va norasmiy muloqot juda yorqin taassurot qoldirdi.
Ushbu go‘zal va mehmondo‘st mamlakat rahbariyati Prezidentimiz bilan samimiy uchrashuvlar o‘tkazish uchun qat’iy protokol qoidalaridan chekinib, yuksak hurmat va ishonch namoyish etganiga guvoh bo‘ldik.
Prezidentimizni kutib olishga Malayziya parlamenti spikeri chiqqani, malayziyalik hamkasblarimizning aytishicha, ushbu mamlakat protokol amaliyotida ilgari kuzatilmagan voqea bo‘ldi. Bundan tashqari, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga butun kun davomida, barcha rasmiy tadbir va uchrashuvlarda hamrohlik qildi. Hattoki, muloqotni davom ettirish uchun O‘zbekiston Prezidentiga ajratilgan qarorgohga shaxsan tashrif buyurdi…
Bunday norasmiy va samimiy munosabat ikki yetakchi o‘rtasidagi yaqin do‘stlikdan, O‘zbekiston va Malayziya xalqlarining bir biriga bo‘lgan yuksak hurmati, ikki tomonlama munosabatlarning porloq istiqbolidan dalolat beradi…"
Matbuot kotibining yozganlarini o‘qib, yuksak martabaga loyiq ko‘rilgan davlatning bir fuqarosi sifatida ko‘nglim faxr-iftixorga to‘ldi.
Bu yuksak ehtirom, nafaqat Prezident Shavkat Mirziyoyevga, balki uning ortida turgan, unga ishongan butun xalqimizga ko‘rsatilgan ehtirom ekanligiga iymonim komil.
Bugun butun dunyo eshiklari Yangi O‘zbekiston me’mori bo‘lgan Prezident Shavkat Mirziyoyevga ochiq.
Prezidentga ko‘rsatilgan bunday e’tibor va hurmat zamirida O‘zbekistonda yuz berayotgan, ortga qaytmas islohotlardan xabardorlik, xayrixohlik tuyg‘ulari mujassamlashgan.
Prezidentimizning Malayziyaga tashrifi kunlarida bu mamlakatda stajirovka o‘tayotgan yosh olimning mana bu fikrlariga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Umida Jo‘rayeva, Samarqand davlat universiteti doktoranti, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureati:
"Prezident Shavkat Mirziyoyevning Malayziyaga rasmiy tashrifi arafasida poytaxt Kuala-Lumpur ko‘chalarida O‘zbekiston bayroqlari, Prezidentimizning ulkan suratlari o‘rnatildi. Kuala-Lumpurdagi hashamatli binolar O‘zbekiston bayrog‘i rangida jilolandi. Men bundan juda faxrlandim, qalbim quvonchga to‘ldi. Hamkasblarim meni qutlashdi. O‘zbekiston Prezidentiga bo‘lgan juda katta hurmat va samimiy munosabatga shaxsan o‘zim guvoh bo‘ldim. To‘g‘risi, Vatanimni sog‘ingan ekanman. Mana shu kunlarda xuddi Malayziyaga O‘zbekiston kelganday bo‘ldi... 2025 yilning 17 yanvaridan Malayziyaning Putra universitetida stajirovka o‘tayapman. Putra universiteti QS reytingda 123-o‘rinda turadi. Professor Nik Mohd Asri Long rahbarligida ilmiy tadqiqot olib boryapman..."
Samarqand davlat universiteti Malayziyaning bir qator oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
Bu munosabatlar allaqachon amaliy natijalar berayotganini quyidagi fikr-mulohazalardan ham anglasa bo‘ladi.

Muhiddin Mo‘minov, Samarqand davlat universiteti professori:
"Men QS reytingida 181 o‘rinda turuvchi Malayziya texnologiya universitetida ishlaganman. 2 PhD va 4 nafar magistrga ilmiy rahbarlik qildim. Professor-o‘qituvchilar almashinuv dasturi doirasida 2024 yilda bir oy Malayziya Terengganu universitetida bo‘ldim va qo‘shma ilmiy seminarlar o‘tkazdik. MARA texnologiya universitetida stajirovka o‘tadim. “UiTM International Conferense on Mathematical Scienses” nomli xalqaro konferensiyada asosiy ma’ruzachi (Keynot speaker) sifatida ishtirok etdim. Bir yildan beri mazkur universitetda o‘tkazib kelinadigan onlayn xalqaro ilmiy seminarlarda qatnashmoqdaman. Ayni vaqtda Malayziya texnologiya universiteti olimlari bilan darslik tayyorlash va Terengganu universiteti professorlari bilan Ssopus bazasiga kiruvchi jurnallarda maqola nashr etish bo‘yicha izlanishlar olib bormoqdamiz. 2025 yilda Terengganu universiteti taklifiga binoan bir oylik stajirovka o‘tashni va talabalarga dars o‘tishni rejalashtirganman..."

Sahobiddin Axatqulov, Samarqand davlat universiteti boshqaruv nazariyasi va axborot xavfsizligi kafedrasi dotsenti:
"Men QS reytingida 150 o‘rinda turuvchi Malayziya Milliy universitetida tadqiqot olib borganman. Professor Muhammad Salmiy Muhammad Nuroniy ilmiy rahbarligida PhD dissertatsiyasini Malayziyada himoya qildim. Samarqand davlat universitetiga qaytganimdan so‘ng, xorijda top-300 talikka kiruvchi universitetning PhD diplomi DSc ilmiy darajasiga nostrifikatsiya qilindi. Shimoliy Malayziya universiteti talabalariga onlayn ma’ruzalar o‘tib kelmoqdaman. Malayziyalik olimlar bilan hamkorlikda 20 dan ortiq maqolam Scopus va Wyeb of Science ma’lumotlar bazasiga kiruvchi jurnallarda e’lon qilingan."
Bugungi kunda Samarqand davlat universiteti Malayziyaning MARA texnologiya, Putra, Visma Linkoln, Pendikan Sultan Idris, Terengganu va INTI xalqaro universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.
Buning natijasida bugungi kunda Samarqand davlat universiteti tadqiqotchisi Habibullo Axatqulov Shimoliy Malayziya universitetida dotsent lavozimida ishlamoqda. Mazkur universitet QS reytingida 554-o‘rindan joy olgan. O‘zbekistonlik olim shu kungacha 4 PhD va 15 magistrantga rahbarlik qilgan.
Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti o‘qituvchisi Sindor Pardayev Malayziyaning Putra universiteti doktoranturasida tahsil olmoqda. Unga professor Latifa Binti Abdumanaf rahbarlik qilmoqda. Sindor Pardayev ayni vaqtda dissertatsiyasini himoya qilish arafasida.
Samarqand davlat universitetining Malayziya oliy ta’lim muassasalari bilan munosabatlari o‘zaro tenglik asosiga qurilgan.
2024 yilda Samarqand davlat universiteti ehtimollar nazariyasi va amaliy matematika kafedrasida Malayziyaning Terengganu universiteti professorlari Zabidin Bin Salleh va Che Mohd Imran Bin Che Taiblar talabalarimizga dars o‘tishdi. Bu olimlar SamDUdagi faoliyati davomida Scopus bazasiga kiruvchi ilmiy jurnallarda bir necha maqolalar chop etdi.

Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti magistrantlariga Malayziyaning Putra universiteti professori Latifa Binti Abdumanaf dars berdi.

Samarqand davlat universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazida MARA texnologiya universiteti dotsenti Sharifah Binti Aliman tomonidan “Malayziya akademik markaz sifatida: uning oliy ta’lim tizimi haqida tushunchalar” mavzusida onlayn seminar tashkil etildi...
Prezidentimizning Malayziyaga rasmiy tashrifidan so‘ng, oliy ta’lim sohasidagi munosabatlarning ham yangi davri boshlanishiga ishonaman. Buni tashrif davomida imzolangan qo‘shma bayonot va qator hujjatlar ham tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim 2025-2026 yillarni O‘zbekiston – Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirish davri deb e’lon qilishga kelishib oldilar.
Prezidentimizning xorijga buyurgan har bir tashrifi zamirida Vatanimizni yanada yuksaltirish, xalqimiz hayotini, farovonlashtirish, mamlakatimiz nufuzini oshirish maqsadi mujassamlashgan.
Malayziya ma’rifatga, ta’limga birinchi darajada e’tibor berish natijasida shunday yuksak marralarni zabt etganiga ishonaman. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning ma’rifatli jamiyat g‘oyasiga hamohangdir.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,
Oliy Majlis Senati a’zosi.