Malayziya islomni anglash instituti raisi Samarqandda
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Malayziya islomni anglash instituti (IKIM) va O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyat vakilligi bilan hamkorlikda “Islom sivilizatsiya tashabbuslarining tiklanishi” mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbari Shovosil Ziyodov, Malayziya Bosh vaziri huzuridagi Dinlararo totuvlik qo‘mitasi a’zosi, Malayziya islomni anglash instituti (IKIM) raisi Muhammad Nur Manuti, Samarqand viloyati bosh imom xatibi Zayniddin Eshonqulov va boshqalar muqaddas dinimiz va uning g‘oyalarini o‘rganish, targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ushbu yo‘nalishda ilmiy muassasalar faoliyati, hamkorlikdagi loyihalar haqida so‘z yuritdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Malayziya Islomni anglash instituti o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan yaqin hamkorlik natijasida birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Institutning “Islom va zamonaviy dunyo” (TAFHIM) ilmiy jurnali hamda markazning “Imom Buxoriy saboqlari” jurnalida har ikki tomon tadqiqotchi olimlarining ilmiy maqolalari e’lon qilib boriladi. Shuningdek, institut radiosi (Radio IKIM)da allomalarimiz merosi haqida ikki tomon olimlari ishtirokida eshittirishlar tashkil etiladi.
– Bugungi globallashuv sharoitida islom sivilizatsiyasining tarkib topishiga munosib hissa qo‘shgan movarounnahrlik allomalar ma’naviy merosini o‘rganish juda muhim, – dedi Malayziya islomni anglash instituti (IKIM) raisi Muhammad Nur Manuti. – Mamlakatingizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar ko‘lami va yorqin samarasi alohida e’tirofga loyiq. Bu Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimlarining yuqori ilmiy salohiyatida, nashr etilgan yuksak ma’rifiy qiymatga ega adabiyotlarda namoyon bo‘lib turibdi.
Davra suhbatida Markaziy Osiyo ulamolarining islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi va globallashuv sharoitida islom sivilizatsiyasining tashabbuslari yo‘nalishlarida turkum ma’ruzalar tinglandi. Ishtirokchilar Movarounnahrda hadis ilmining rivojlanishida bu ulug‘ zamindan yetishib chiqqan muhaddis olimlarning o‘rni, Alouddin Usmandiyning moturidiylik kalom maktabi rivojiga qo‘shgan hissasi bilan birga Malayziya Federal konstitutsiyasida islomning mavqei, islomda ilmning yuksak maqomi, ekstremizm va radikalizmning oldini olish bo‘yicha Malayziya tajribasini keng muhokama qildilar.
Qizg‘in munozaralar davomida diniy bag‘rikenglik tamoyillarini hayotga kengroq tatbiq etish, allomalar asarlaridagi ezgu g‘oyalar targ‘ibotini jadallashtirish, e’tiqod va vijdon erkinligini ta’minlash yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Malayziyalik mehmonlar Markaz va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Markaz kutubxonasidagi noyob kitob va tarixiy manbalar, muzey ashyolari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri