Malayziya ham 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarga kirishni chekladi
Malayziya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni himoya qilish uchun ijtimoiy tarmoqda qat’iy choralar ko‘rmoqda. Yangi qoida kimga va qanday ta’sir qiladi?
Malayziya raqamli muhitda yosh foydalanuvchilar himoyasini kuchaytirish bo‘yicha global sa’y-harakatga qo‘shildi, deya xabar bermoqda “Kazinform” agentligi.
1-iyundan mamlakatda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqda shaxsiy akkaunt ochishni taqiqlovchi yangi qoida kuchga kirdi.
Yangi talab foydalanuvchilar soni 8 milliondan ortiq bo‘lgan ijtimoiy platformalarga nisbatan qo‘llaniladi. Qoida yosh tekshiruvini talab qilib, 16 yoshdan kichik foydalanuvchiga ro‘yxatdan o‘tishni taqiqlaydi.
Mavjud foydalanuvchilar uchun yoshni tekshirish keyingi olti oy davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Ma’lum qilinishicha, 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchiga o‘zining fotosurat va videosini saqlash yoki uzatish uchun bir oy vaqt beriladi. Belgilangan muddat tugagach, uning hisobi cheklanishi, to‘xtatilishi yoki boshqa chora ko‘rilishi mumkin.
Qonunga rioya qilmagan kompaniya 10 million ringgit (2,5 million AQSH dollari)gacha jarimaga tortiladi.
Xabarda texnologiya kompaniyalari Malayziyaning yangi talablariga qanday amal qilishlari haqida hozircha batafsil ma’lumot bermagan.
Hukumatning ta’kidlashicha, bu chora-tadbirlar bolani zararli kontent, kiberbulling va ortiqcha foydalanishni rag‘batlantirishga qaratilgan platforma xususiyatidan himoya qilishga qaratilgan.
Biroq soha vakillari 16 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun ijtimoiy tarmoqni to‘liq taqiqlash teskari natija berishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Ularga ko‘ra, bunday chora o‘smirlarni kamroq xavfsiz va tartibga solinmagan internet platformalaridan foydalanishga undashi mumkin. Mutaxassislar voyaga etmaganlar uchun muloqot, ekran vaqti va nomaqbul kontentga kirish cheklovi kabi himoya usullarni taklif qilyapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari uchun yosh cheklovini ko‘rib chiqayotgani ma’lum qilingan edi. Shuningdek, Turkiya parlamenti ijtimoiy tarmoqlarda 15 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatishni taqiqlovchi qonunni qabul qilgani haqida ham xabar berilgandi.
G.Sattorova, O‘zA