Malakali mutaxassislar tayyorlash davr talabi (+video)
Prezident topshirig‘i amalda
Sanoat, ishlab chiqarish va muhandislikka ixtisoslashgan oliygohlar va professional ta’lim muassasalarida yoshlarni o‘qish bilan birga korxona va tashkilotlarda ishlash imkonini beruvchi dual ta’lim tizimida ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
E’tiborlisi, amaliyotchi talaba o‘qish payti korxona va tashkilotlarda ishga jalb qilinganida malakali mutaxassisga biriktiriladi va oylik maosh to‘lanadi. Mazkur jarayonda u zamonaviy texnologiya va dastgohlarni o‘rganib, nazariy bilimini amalda qanday bo‘lishini ham kuzatadi.
Ma’lumki, 2024 yil 20 iyun kuni Prezidentimiz rahbarligida muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, muhim vazifalar yuklatilgan edi.
Berilgan topshiriqlar asosida Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida 2024-2025 o‘quv yilidan boshlab yuqori kurs talabalari uchun dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tizim doirasida mazkur oliygoh tomonidan “Olmaliq KMK” AJ bilan hamkorlikda kelishuv shartnomalari imzolandi. Unga ko‘ra, “Konchilik ishi”, “Texnologik mashinalar va jihozlar”, “Mashinasozlik texnologiyasi”, “Mashinasozlik ishlab chiqarishini jihozlash va avtomatlashtirish” kabi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 18 nafar talaba tanlov asosida saralab olindi.
[gallery-21362]
Talabalar hozirda oylik maosh asosida kombinatga qarashli 3-Mis boyitish fabrikasining turli bo‘linmalarida ishlab, amaliyot mashg‘ulotlarini muvaffaqiyatli o‘tamoqda. Bu jarayon talabalarning ota-onalari tomonidan ham mamnuniyat bilan qarshi olindi. Ular oliygohni bitirganidan so‘ng korxonada o‘z ish faoliyatini davom ettirishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, filial hududida “Muhandislik maktabi” tashkil etilgan bo‘lib, talabalar va professor-o‘qituvchilar muntazam amaliy-tajriba mashg‘ulotlarini o‘tishda foydalanmoqda.
– Aytib o‘tish lozimki, hozirgi vaqtga qadar aksariyat professor-o‘qituvchilar ishlab chiqarishdan uzilib qolgan edi, – deydi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Orifjon Abdiyev. – Endilikda ular sanoat ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. 2024 yil iyul-avgust oylarida mutaxassislik kafedralarining 44 nafar professor-o‘qituvchilari “Olmaliq KMK” AJning turli korxonalarida stajirovka o‘tadi. Ularga kombinat tomonidan sertifikatlar berildi.
Shuningdek, “tarmoq-korxona-oliygoh” zanjiri asosida kafedralar tomonidan Toshkent viloyatidagi sanoat korxonalari hamkorligini kengaytirish bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab olindi. Hozirda hamkor korxonalarda tegishli kafedra filiallarini ochish va dual ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 martdagi “Professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish chora-tadbirlari haqida”gi qaroriga asosan O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan 2-sonli kasb-hunar maktabida ham to‘qish-tikish jihozlari operatori va mebel ishlab chiqarish yo‘nalishlari bo‘yicha dual ta’lim tashkil etilgan. Unda 90 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
– 2024-2025 o‘quv yilida mazkur ta’lim muassasasining birinchi bosqichdagi 30 nafar o‘quvchisi hududdagi “Qorasuv mebel” korxonasiga biriktirildi, – deydi 2-son kasb-hunar maktabi Kasbiy ta’lim bo‘yicha direktor o‘rinbosari Zulfiya Karimova. – Yoshlar bilan tadbirkor o‘rtasida dual shartnoma mavjud. Unga ko‘ra, o‘quvchilar bir million besh yuz ming so‘mdan to‘rt million so‘mgacha oylik maosh olmoqda. To‘qish-tikish jihozlari operatori yo‘nalishi bo‘yicha birinchi bosqich 30 nafar o‘quvchi “ECO SOFT TEXTILE” korxonasiga shartnoma asosida yuborildi. Bu yerda qizlar oyiga bir million ikki yuz ming so‘mgacha maosh olmoqda.
Aslida barcha ta’lim yo‘nalishlarida nazariy olingan bilimlarni amaliy jihatdan mustahkamlashda malakaviy amaliyot o‘rni muhim hisoblanadi. Talaba nazariy bilimlarni olsayu, uni amaliyotda qo‘llamasa har jihatidan yetuk mutaxassis bo‘lolmaydi. Shu tufayli ishlar real sharoitlarda, tarmoq korxonalarining talabidan kelib chiqqan holda sifatli tashkil etilsagina bundan ham yaxshi natijaga erishish mumkin.
Mutaxassislar uzluksiz amaliyotlarning tashkil etilish jarayonlari nafaqat oliy ta’lim tashkilotining vazifasi, balki tarmoq korxonasi uchun birday manfaatli bo‘lishini ta’kidlamoqda. Asosiysi, bu jarayonda yoshlarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish, malakaviy amaliyotning har bir daqiqasini samarali tashkil etish tarmoq korxonasi uchun tayyorlanayotgan kadrlar sifatining oshishiga ko‘mak beradi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/RcyIWhC25qM" title="Prezident topshirigʻi amalda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, A.Alijonov (surat, +video), O‘zA.