Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat xizmatida adolat va shaffoflik tamoyillarini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan filiali tashabbusi bilan viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘rtasidagi hamkorlik kadrlarni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Filial rahbari Shuhrat To‘xtaboyev va boshqarma boshlig‘i A’zamjon Isoqov imzolagan memorandumda o‘qituvchilarni ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish, ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar orqali maktab muhitini chuqur o‘rganish, iqtidorli pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish va yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash nazarda tutilgan.
Kelishuvga muvofiq, viloyat shahar va tumanlaridan tanlab olingan 14 ta ta’lim maktabida o‘qituvchilarni ishga olishning ochiq va adolatli tizimini yo‘lga qo‘yish orqali sohada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish, sohaga munosib, malakali pedagoglarni jalb etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, o‘quvchilar bilan davlat xizmatining mohiyati, vazifalari va imkoniyatlari yuzasidan uchrashuvlar, seminarlar, ochiq eshiklar kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu orqali maktab davridan boshlab yoshlarda Vatanga sadoqat, mas’uliyat va xizmat qilish tuyg‘ulari shakllantiriladi. Chunki bugungi global sharoitida raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash har qanday taraqqiyot poydevoridir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA