Hozirgi global dunyoda davlatning barqarorligi, jamiyatda adolat va ishonch muhitini ta’minlashda korrupsiyaga qarshi samarali kurashish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Korrupsiya faqat iqtisodiy yo‘qotishlargagina emas, balki fuqarolarning davlat va huquq-tartibot organlariga nisbatan ishonchini ham izdan chiqaradi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
2025 yil 21 aprel kuni qabul qilingan PF-71-sonli Farmon – “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” – mazkur sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Farmon va unga ilova qilingan 1-2-jadvallar asosida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi faoliyatiga ham taa’luqli aniq vazifalar belgilab olinishi mumkin. Quyida ushbu vazifalar to‘liq tahlil qilinib, ularning mazmun-mohiyati va amalga oshirish mexanizmlari bayon etiladi.
I. Sudyalar oliy maktabi jamoasida korrupsiyani oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borish
Oliy maktab rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, ma’muriy xodimlari, shuningdek o‘quvchilar o‘rtasida korrupsiyaga qarshi ichki profilaktika choralarini ko‘rish muhim vazifadir. Bu yo‘nalishdagi asosiy ishlarni quyidagicha guruhlash mumkin:
- Etika va xolislik tamoyillarini mustahkamlash: Oliy maktabda ichki etika kodeksini qabul qilish, xodimlar va o‘quvchilarning odob-axloq normalari yuzasidan muntazam seminarlar o‘tkazish.
- Korrupsiya xavfini baholash va monitoring qilish: Ichki audit va nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, xatarlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rish.
- Murojaatlarni erkin qabul qilish tizimi: Xodimlar va o‘quvchilar uchun maxsus ishonch qutisi va onlayn platformalar orqali shikoyat va murojaatlarni qabul qilish, ularni shaffof ko‘rib chiqish.
- Moliyaviy ochiqlik: Xarjatlar, tenderlar, taqdimotlar, xizmat safarlari va boshqa moliyaviy jarayonlarda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash.
II. Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash jarayonida korrupsiyaga qarshi bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish
Farmon talablaridan kelib chiqib, bir yillik o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish va unda korrupsiyaga qarshi madaniyatni shakllantirishga qaratilgan maxsus modullar va mashg‘ulotlarni joriy etish talab etiladi:
- Maxsus fanlar joriy etish: “Korrupsiyaga qarshi huquqiy asoslar”, “Manfaatlar to‘qnashuvini oldini olish”, “Sudya odobi va xolislik” kabi fanlar joriy etilishi zarur.
- Interaktiv o‘qitish usullari: Keyc-tahlil, voqelikka yaqin simulyatsiyalar, axloqiy muammolar bo‘yicha munozaralar, rol o‘yinlaridan foydalanish.
- Xalqaro tajriba va qiyosiy tahlil: AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Singapur, Yaponiya kabi davlatlarda korrupsiyaga qarshi kurashdagi sudyalar tayyorlovi tajribasini o‘rganish va qiyosiy tahlil qilish.
- Xolis baholash: Imtihonlar, testlar va muloqot jarayonlarini raqamlashtirish, nazorat kameralari yordamida shaffoflikni ta’minlash.
III. Amaldagi sudyalar uchun ikki haftalik onlayn malaka oshirish kurslarida korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusini joriy etish
Amaldagi sudyalar ham korrupsiyaga qarshi bilim va ko‘nikmalarni muntazam yangilab borishlari kerak. Bu maqsadda Oliy maktab tomonidan har yili o‘tkaziladigan ikki haftalik malaka oshirish kurslari quyidagicha boyitilishi maqsadga muvofiq:
- Mazmun jihatidan yangilangan kurslar: “Korrupsiya va sudya xolisligi”, “Mansab vakolatini suiiste’mol qilish holatlari”, “Fuqarolar ishonchini oshirish” kabi mavzularni qamrab olgan kurslar tashkil etish.
- Interaktiv onlayn platformalar: ZOOM, Moodle va boshqa vositalar orqali video-leksiyalar, forum muhokamalari, onlayn test va topshiriqlar.
- Hayotdan olingan misollar: Real sud amaliyotidan misollar asosida tahlillar o‘tkazish.
- Natijaga asoslangan baholash: O‘quv yakunida malaka oshirish sertifikatlari berish, test natijalari asosida ishtirokchilarning darajasini baholash.
IV. Doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish
Korrupsiyaga qarshi samarali siyosat, birinchi navbatda, ilmiy yondashuvga asoslangan bo‘lishi zarur. Shu maqsadda Oliy maktabdagi doktorantlar va mustaqil tadqiqotchilarga quyidagi sharoitlar yaratilishi lozim:
- Ilmiy mavzular tanlovida ustuvorlik berish: Korrupsiya huquqshunoslik, sud amaliyoti, psixologiya, iqtisodiyot va boshqa sohalar kesimida o‘rganilishi zarur.
- Tadqiqotni qo‘llab-quvvatlash: Grantlar, ilmiy rahbarlik, xalqaro jurnallarda maqolalar chop etish uchun maslahat va yordam ko‘rsatish.
- Ilmiy seminar va konferensiyalar tashkil etish: Oliy maktabda korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida milliy va xalqaro ilmiy anjumanlar o‘tkazish.
- Tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish: Ilmiy xulosalar asosida sud amaliyotini takomillashtirish, o‘quv dasturlarini boyitish.
Prezidentimizning PF-71-sonli Farmoni korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim huquqiy hujjat bo‘lib, u Sudyalar oliy maktabi faoliyatiga ham tubdan ta’sir ko‘rsatadi. Maktabning ta’lim, tarbiya, ilmiy tadqiqot va ichki boshqaruv sohalarida korrupsiyaga qarshi tizimli yondashuvni joriy etishi jamiyatda adolat va ishonch muhitini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Sudyalar oliy maktabi nafaqat sudyalarni tayyorlash, balki ularni yuksak axloqiy va huquqiy madaniyat sohibi etib tarbiyalash orqali yurtdagi adolatli huquqiy muhitni shakllantirishda yetakchi o‘rin tutadi. Korrupsiyasiz kelajakni ta’minlashda har bir professor, tadqiqotchi, tinglovchi va rahbar shaxsiy mas’uliyatni his qilishi, ushbu vazifalarni vijdonan ado etishi lozim.
D.Israilov,
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi
Sudyalar oliy maktabi direktorining o‘rinbosari,
Yuridik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent