Maktablarning reyting natijalari tahlil qilindi
Buxoroda viloyat umumta’lim maktablarining reyting natijalari, tizimdagi mavjud muammolar va ularning yechimlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, Ta’lim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi viloyat bo‘limi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi mas’ullari, xalq ta’limi bo‘limlari mudirlari, mudir o‘rinbosarlari va umumta’lim maktablari direktorlari qatnashdi.
Dastlab, 2021 yilda tizimda sodir etilgan jinoyatlar va ularni keltirib chiqargan omillar xususida so‘z bordi.

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tayyorlangan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va ular asosida tuman(shahar) hamda viloyat hokimlari reytingi natijalari batafsil tahlil qilindi. Natijalarga ko‘ra, hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarni Navoiy, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahri egalladi.
Tuman va shaharlar reytingida esa barcha indikatorlar ko‘rsatkichlari natijalariga asosan yuqori o‘ntalikdan Qorovulbozor tumani 8-o‘rindan joy olgan. Bitiruvchilar soniga nisbatan oliy ta’limga o‘qishga kirganlarlarning ulushi bo‘yicha respublika tuman va shaharlari miqyosida eng yuqori TOP-10 talikda Qorovulbozor, Qorako‘l, Shofirkon tumanlari va Buxoro shahri kiritilgan.

Respublika tuman (shahar)lari miqyosida o‘qishga kirish natijalariga asosan bitiruvchilarning o‘rtacha to‘plagan ballariga nisbatan TOP-10 talikda Qorovulbozor tumani 4-, Buxoro tumani 10-o‘rinni egallagan.
Viloyatda bitiruvchilarni o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha Qorovulbozor, Qorako‘l va Shofirkon tumanlari peshqadam o‘rinlarda turgan bo‘lsa, Olot, Jondor va Romitan tumanlari oxirgi o‘rinlarni qayd etgan.
Yig‘ilishda reyting ko‘rsatkichlarida qayd etilgan past natijalar tahlil qilindi.
Ta’lim sifatini ta’minlashda e’tiborsizlik va loqaydlikka yo‘l qo‘ygan bir qator maktab direktorlariga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘rilishi belgilandi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan qaror qabul qilinib, qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Zarif Komilov, O‘zA