Maktablarni axborotlashtirish loyihasi
“O‘zbekiston Respublikasi umumta’lim maktablarini axborotlashtirish” loyihasi doirasida 1770 maktabga o‘quv-komputer sinflari uchun texnik jihozlar yetkazib berildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda yosh avlodni har jihatdan sog‘lom va barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularga puxta bilim va tarbiya berish borasidagi islohotlar samaralari jahon miqyosida e’tirof etilmoqda. Bu jihatlar ijtimoiy-ma’rifiy sohadagi xalqaro hamkorlikning yanada kengayishiga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda “O‘zbekiston Respublikasi umumta’lim maktablarini axborotlashtirish” loyihasining muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani buning yaqqol tasdig‘idir.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazida mamlakatimiz ta’lim sohasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislari hamda Janubiy koreyalik bank-moliya tizimi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda shular haqida so‘z yuritildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga keng joriy etilayotgan “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi mamlakatimizda jahon andozalariga mos ta’lim dargohlari barpo etish, o‘qitish sifati va mazmunini yuksaltirish, o‘quvchilarning zamonaviy bilim va kasb-hunar sirlarini egallashida muhim omil bo‘lmoqda. Navqiron avlodga bilim berishning o‘ziga xos modeli sifatida e’tirof etilayotgan mazkur islohotlar jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini sohaga tatbiq etishga qaratilgan loyihalar alohida ahamiyat kasb etadi.
“O‘zbekiston Respublikasi umumta’lim maktablarini axborotlashtirish” loyihasi doirasida 1770 maktabga o‘quv-komputer sinflari uchun texnik jihozlar yetkazib berildi. Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazida serverlar maydonchasi, multimedia studiyasi, kontent ishlab chiqaruvchilar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari muhandislari uchun maxsus xonalar tashkil etildi. Ayni paytda Janubiy koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda elektron axborot-ta’lim resurslarini ishlab chiqish ustida ish olib borildi.
– Har bir mamlakat kelajagida ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor muhim o‘rin egallaydi, – dedi Koreya Respublikasi strategiya va moliya vazirligi departament direktori Ko Je Myong. – O‘zbekistonda yosh avlod istiqboliga davlat tomonidan ulkan g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani diqqatga sazovor.