Bir necha kundan so‘ng o‘quv yili ham yakunlanadi.
Ta’lim maskanlarida keyingi o‘quv yili oldidan ta’mirlash ishlari boshlanadi. Ota-onalarda esa “Bu yil ham remont uchun pul yig‘ilarmikan?”, degan haqli savol tug‘iladi.
Xo‘sh, sinflarni ta’mirlash uchun o‘quvchilardan pul yig‘ish qanchalik to‘g‘ri?
– Umumiy ta’lim muassasasi xarajatlarini qoplash uchun ota-onalardan pul yig‘ib olish amaliyotining qonuniyligini muhokama qilishda, eng avvalo, yurtimizda umumiy ta’lim olish huquqi konstitutsiyaviy huquq darajasiga ko‘tarilganligi va bepul ekanligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim, – deydi Ishtixon tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti Bekzod Normurodov. – Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, (41-moddasi), “Ta’lim to‘g‘risida” gi qonun (4-moddasi), shuningdek, Umumta’lim maktabi to‘g‘risidagi nizom (2-bandi)da ham har kim bepul bilim olish huquqiga egaligi, bepul umumiy ta’lim kafolatlangani ta’kidlangan.
Bepul umumiy ta’limni kafolatlash davlatning umumiy ta’lim bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy sarf-xarajatlarni o‘z zimmasiga olishini anglatadi. Davlat ta’lim muassasalarini moliyalash respublika va mahalliy (“Ta’lim to‘g‘risida” gi qonunning 31-moddasi) byudjetlar mablag‘lari, shuningdek, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Davlat tomonidan maktablarning moddiy-texnik, moliyaviy va boshqa ehtiyojlari ta’minlanib, maktabda qo‘shimcha o‘quv predmetlari va rejadan tashqari kurslar joriy qilinganda, tajriba-eksperiment ishlari olib borilganda, eksperimental pedagogik maydonchalar tashkil etilganda, yangi turdagi maktablar ochilganda, shuningdek, boshqa hollarda hokimliklar maktabni zarur moddiy-texnika bilan ta’minlash uchun qo‘shimcha moliyaviy mablag‘ ajratishi mumkin.
Hokimliklar maktablarga zarur inshootlar va binolar, muhandislik kommunikatsiyalari, yer maydonlari, o‘quv qurollari, inventarlarni yetkazib beradi hamda maktab binolari va inshootlarini o‘z vaqtida asosli va joriy tuzatib berishni, maktablarni asbob-uskunalar bilan ta’minlashni o‘z zimmasiga oladi. Ota-onalar tomonidan to‘lanadigan badallar va boshqa ko‘rinishdagi xayr-ehson harakatlari ixtiyoriy bo‘lishi kerak. Ota-onani turli yo‘llar bilan pul to‘lashga majbur qilish noqonuniy hisoblanadi.
O‘zA