Maktablarda “Kundalik” elektron jurnallarini joriy etish qay ahvolda?
Bugun shiddat bilan rivojlanayotgan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hayotimizga tezkor kirib kelayotgan bir davrda yosh avlod har tomonlama ildamlab ketyapti. Shunday davrda pedagoglar ham oʻz bilimini boyitishi, qoʻshimcha bilim olishi uchun turli rasmiyatchilik va qogʻozbozlikdan qutilishi kerak.
Bugun shiddat bilan rivojlanayotgan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hayotimizga tezkor kirib kelayotgan bir davrda yosh avlod har tomonlama ildamlab ketyapti. Shunday davrda pedagoglar ham oʻz bilimini boyitishi, qoʻshimcha bilim olishi uchun turli rasmiyatchilik va qogʻozbozlikdan qutilishi kerak.
Ayni maqsadda mamlakatimizdagi umumtaʼlim maktablarida elektron kundalikni joriy etish ishlari jadal olib borilyapti.
Elektron kundalik sinf rahbarlariga ham katta yordam berishi maʼlum. Xoʻsh, bu tizim qanday ishlaydi? Hozirgacha qancha elektron kundaliklar yaratildi va bu qachon amalga oshirila boshlandi?
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligidan olingan maʼlumotlarga koʻra, Kundalik tizimi dunyoning internetga kirish imkoniyati mavjud boʻlgan istalgan joyidan 24/7 rejimida foydalanish imkoniyatini beruvchi dasturiy taʼminotga asoslangan. Kundalik raqamli taʼlim platformasini sinash ishlari 2018-yil noyabr oyida Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 235-maktabda boshlangan edi. Muvaffaqiyatli sinovdan soʻng joriy yil aprel oyida Toshkentda tizimni sinov tariqasida joriy qilish uchun yana 53 ta maktab tanlab olindi. Avvaliga oʻqituvchilar Kundalik bilan ishlashga oʻrgatildi, soʻngra ular amalda elektron jurnalni toʻgʻri toʻldirish, baholash va uy vazifalarini tekshirish, maxsus vositalardan foydalangan holda ota-onalar bilan onlayn aloqani oʻrnatish, maktabdagi muhim voqealar, oʻquvchilarning yutuqlari haqida maʼlumot berish kabilarni oʻrgana boshladi.
Savol tugʻiladi. Tizimning oʻqituvchilar, oʻquvchilar uchun qanday afzalliklari bor?
Kundalik – oʻquvchilar, oʻqituvchilar va ota-onalar uchun raqamli taʼlim platformasidir. Tizim pedagoglarga onlayn rejimida avtomatlashtirilgan tartibda dars jadvallarni, har bir dars boʻyicha rejalar tuzish, jurnal va kundalikning elektron shakllarida darslarga qatnashishni kuzatish va oʻzlashtirishini hisoblab borish, taʼlim tashkiloti va taʼlim organlari uchun statistik hisobotlarni shakllantirish imkonini beradi.
Kundalik oʻquvchilar va ularning ota-onalari uchun baholar va uy vazifalarini kechayu kunduz koʻrish imkoniyati, samarali aloqa uchun xavfsiz tarmoq, qoʻshimcha taʼlim resurslaridan foydalanish imkoniyatini taklif etadi.
Oʻzbekiston taʼlim tizimida byurokratiya, maktablarning texnik jihozlar bilan yetarlicha taʼminlanmaganligi, oʻqituvchilarning haddan tashqari koʻp ishlashi, taʼlim organlari uchun maʼlumot va tahlil vositalarining yagona manbasi yoʻqligi, qoʻl mehnatining hajmi kattaligi kabi muammolar mavjud. Kundalik ushbu muammolarni bartaraf etish, mamlakatda taʼlim darajasini oshirish maqsadida joriy etilmoqda.
Tizim oʻqituvchilarni qogʻoz ishlari, koʻplab hisobotlarni qoʻlda toʻldirish kabilardan xalos qiladi. Ularga vaqtni tejashga va oʻquvchilarga koʻproq eʼtibor qilishga yordam beradi. Oʻqituvchilar davomat yuritish va maʼlumotlarni qogʻozga qayd etib borishlari kerak boʻlmaydi. Agar oʻqituvchi kasal boʻlib qolsa, darslarni almashtirish daftarchasini toʻldirishning hojati yoʻq, chunki barcha oʻzgarishlar elektron jurnalda aks etadi.
Platforma bolalarga oʻquvchilar doimo yashiradigan darslarda qatnashmaslik, past baholar olish va uy vazifasini bajarmaslik singari eski muammolarni hal etishga imkon beradi. Oʻqish uchun zarur boʻlgan barcha maʼlumotlar bir joy – Kundalikda toʻplangani sababli, bolalarga oʻqish osonroq boʻladi. Bu orqali ular “muammoli” fanlarni oʻz vaqtida kuzatib boradi va vaziyatni oʻnglaydi, masofadan turib shugʻullanadi, tanlov va olimpiadalarda qatnashadi.
Ota-onalar uchun taʼlim platformasida bolaning maktab hayoti haqida batafsil maʼlumotlar mavjud. Unda baholar va uy vazifalarini koʻrish, bolalar darslarga qanday borayotganligini bilib olish, oʻqituvchilar, maktab direktori va boshqa ota-onalar bilan oʻylantirgan mavzularni muhokama qilish mumkin. Ayni paytda ota-onalar uydan chiqishlari yoki ishdan chalgʻishlariga hojat yoʻq. Shunday qilib, ular oʻz farzandlarining oʻqish jarayonlarini yanada diqqat bilan kuzatib boradi va unda faol ishtirok etadi.
Davlat organlari va Xalq taʼlimi vazirligi xodimlarida maktablarning ishini masofadan turib kuzatib borish imkoniyati paydo boʻladi, chunki Kundalikda hisobotlar avtomatik ravishda shakllanadi.
Bugungi kunda Toshkent shahridagi 290 dan ortiq maktab Kundalik tizimi bilan ishlamoqda. Shuningdek, Toshkent, Samarqand, Buxoro viloyatlari maktablari ham tizimga ulangan.
– Elektron jurnallarga oʻtish – bosqichma-bosqich jarayon, – deydi “Kundalik” kompaniyasi matbuot kotibi Malika Reymbayeva. – Yangi va nomaʼlum narsaga esa bir zumda moslashish mumkin emas. Bir pasda yangi va nomaʼlum narsaga oʻtolmaysiz. Maktablarda elektron hujjat aylanishiga oʻtish jarayonida tizimni joriy etish, odamlarni unda qanday ishlashga oʻrgatish, qogʻoz jurnallardan voz kechishni belgilovchi va ruxsat beruvchi huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, qogʻozdan voz kechish jarayonidagi qoʻrquvini yengish va yana koʻp narsalar zarur boʻladi. Kundalik allaqachon zarur texnologik baza: kompyuterlar va internetga ega boʻlgan maktablarda joriy etilmoqda. Xalq taʼlimi vazirligi zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilishni kengaytirishni rejalashtirmoqda, bu esa qogʻoz hisobotlarni va buning natijasida oʻqituvchilarga yuklangan ish hajmini sezilarli darajada kamaytirishi kerak, shuningdek, elektron jurnallarga oʻtishni tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarni tayyorlash boʻyicha ishlar olib borilyapti.
Maktab Kundalik tizimiga ulanishidan oldin, kompaniya metodistlari barcha oʻqituvchilar va maktab rahbariyatini tizimda qanday ishlashga oʻrgatadi. Oʻqish interfaol shaklda olib boriladi. Oʻqituvchilarda yuzaga kelayotgan savol va qiyinchiliklar darhol joyida, tizim ichida koʻrib chiqiladi, bu esa elektron jurnal bilan ishlash koʻnikmalarini tez va qulay ravishda oʻzlashtirishga imkon beradi.
Oʻquv-seminarlar yakunlari boʻyicha koʻplab ijobiy fikrlar olinmoqda. Natijada oʻqituvchilardagi koʻplab savollar va hadiksirashlar bartaraf etilyapti. Istiqbolda Kundalik tizimi pedagoglarga har chorakda 20 soatgacha ish vaqtini, oʻquvchilar va ota-onalarga esa 4 soatgacha vaqt tejashga imkon beradi. Elektron jurnal va kundalikka doir ushbu xulosa xalqaro moliya-iqtisodiy rivojlanish markazi ekspertlari tomonidan maxsus tadqiqot natijasida chiqarildi.
Kompaniya oʻqituvchilar uchun ilova ishlab chiqishni rejalashtirgan boʻlib, bu ularga offlayn-rejimda baho qoʻyishga, shuningdek, yangi yilga qadar maktab infratuzilmasi sifatini auditdan oʻtkazishga imkon beradi.
Ushbu loyiha Rossiyaning eng yaxshi tajribasini oʻzida mujassam etgan holda, Oʻzbekistondagi taʼlimning oʻziga xos xususiyatlariga toʻla moslangan, chunki u Rossiya Federatsiyasi maktablarida 10 yildan koʻproq vaqtdan beri muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatib kelayotgan ommalashgan Dnevnik.ru taʼlim platformasining texnologik yadrosi asosida yaratilgan. Dnevnik.ru – bu BMT va YUNESKO tomonidan “Elektron taʼlim va oʻqitish” yoʻnalishida mukofotlangan taʼlim sohasidagi birinchi Rossiya IT-kompaniyasidir. Tizim Edtech Rise 20 nominatsiyasida EdTechXEurope 2016 xalqaro taʼlim loyihalari gʻolibi, uchta Runet milliy mukofoti va Rossiya va xalqaro miqyosdagi boshqa nufuzli mukofotlar sohibidir.
Elektron jurnallar va kundaliklar Rossiyada koʻp yillardan beri yuritib kelinadi. Xususan, mamlakatdagi har ikkinchi maktab ishlash uchun Dnevnik.ru tizimini tanlagan. Loyiha 2009-yildan beri amalga oshirib kelinmoqda va bugungi kunda 7,7 million oʻquvchi, 4 million ota-ona va 800 mingdan ortiq oʻqituvchi ushbu platformada muvaffaqiyatli ishlab kelmoqda. Dnevnik.ru saytiga tashrif buyuruvchilar soni Rossiya elektron jurnallari va kundaliklari bozoridagi boshqa loyihalarga tashrif buyuruvchilar sonidan 2 baravar yuqori. Shu bilan birga, platforma davlat tomonidan emas, balki xususiy kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan. Bularning barchasi uning yaratuvchilari tizimni odamlar uchun qanday qilib qulay qilish kerakligini aniq bilishlaridan dalolat beradi.
Agar umuman elektron jurnal va kundalik haqida gapiradigan boʻlsak, u 1975-yilda amerikalik olim Sem Pitroda tomonidan ixtiro qilingan. Oʻshandan beri u dunyoning koʻplab mamlakatlarida sinalyapti va qoʻllanilyapti. Bunday tizimlarni oʻz taʼlim muassasalarida eng koʻp tatbiq etgan davlatlar orasida AQSH, Buyuk Britaniya, Xorvatiya, Latviya, Rossiya, Belarus, Malayziya, Italiya, Fransiya kabi davlatlar bor.
Farzandlarimiz kamoli uchun samarali loyihalarni hayotga tatbiq etishni davrning oʻzi talab etmoqda. Sohadagi islohotlar esa taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirishga xizmat qilishi, shubhasizdir.