Maktab – oʻqituvchi boshchiligida oʻsib kelayotgan yosh avlodga taʼlim va tarbiya beradigan muassasa.
Yurtimizda, asosan, maktab davlat mulki hisoblanib, uni rivojlantirish davlat siyosati darajasidagi masala boʻlib kelmoqda. Joriy yilning 28 yanvar kuni davlatimiz rahbari boshchiligida tashkil etilgan videoselektorda ham maktab taʼlimi tizimidagi kamchilik va muammolarga alohida toʻxtalib oʻtilgan edi.
bugungi kunda respublika boʻyicha 1 ming 695 ta maktab mukammal taʼmirga muhtojligi, hanuzgacha 179 ta paxsadan qurilgan maktab mavjudligi, 3 mingdan ziyod maktab uchun qoʻshimcha oʻquv binolari zarurligi tanqid qilindi. Bundan tashqari yangi massivlar barpo etilishi, qishloq infratuzilmasi kengayishi va aholi oʻsishi natijasida yana 270 ta maktab qurishga ehtiyoj borligi, hozirda 2,3 mingta maktabning sport zali mavjud emasligi alohida taʼkidlangan.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari taʼlim sifati past boʻlgan 84 ta maktabning birorta oʻquvchisi oʻtgan yili oliygohga kirmaganligi, maktab kutubxonalaridagi kitob fondi yillar davomida yangilanmaganligi hamda milliy musiqa anjomlari atigi 615 ta maktabda mavjud ekanligiga alohida toʻxtalib oʻtgan edi.
Videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan vazifalar, soʻnggi 5 yilda qancha maktab qurilgani va yana qancha maktab qurish rejalashtirilgani kabi savollarga javob olish maqsadida Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Ibrohim Joʻrayev bilan suhbatlashdik.
– Xalq taʼlimi tizimida qancha maktab faoliyat yuritmoqda? Soʻnggi 5 yilda jami qancha maktab qurildi?
– bugungi kunda xalq taʼlimi tizimida 10 ming 130 ta maktab faoliyat koʻrsatmoqda. Ushbu maktablarda 502 ming 687 nafar pedagog, kelajak egalariga taʼlim-tarbiya berib kelmoqda.

Soʻnggi yillarda kun talabiga javob beradigan maktablar qurish muhim vazifaga aylangan. Xususan, 5 yil davomida barcha dasturlar doirasida qariyb 181 ta maktablar yangidan qurilgan boʻlsa, maktablarni rekonstruksiya qilish hisobiga qoʻshimcha jami 388,1 ming oʻquvchi oʻrnidan ortiq quvvatlar yangidan yaratilib, foydalanishga topshirildi.
– Hozirda qancha maktab qurilishga ehtiyoj bor va bu sohada vazirlik qanday ishlarni amalga oshirmoqda? Qaysi hududlarda yangi maktablar qurishga ehtiyoj yuqori?
– Yurtimizda aholi soni yildan-yilga oshib bormoqda. Bu, albatta, yangi maktablar qurish ehtiyojini keltirib chiqaradi. Kelgusi 5 yillikda oʻquvchilar uchun 300 dan ziyod maktabni yangidan qurish, 3 mingdan ortiq maktabga qoʻshimcha oʻquv binolari qurish va shu orqali 1,2 million oʻquvchi oʻrni yaratish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan yangidan qurilayotgan koʻp qavatli uy-joy mavzelari va massivlarida maktablarni qurish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Bunda qaysi hududda maktab yoshidagi bolalarga ehtiyoj yuqoriligi, ularning kelgusi yillarda oʻsish dinamikasi hisobga olingan holda shakllantirish jarayonini oʻrganadi.
Barcha hollarda obyektlarning joyiga chiqqan holda yangi maktab binolari qurilishiga, rekonstruksiya qilishga va mukammal taʼmirlashga boʻlgan talabni oʻrganadi, tahlil qiladi va ularning manzilli roʻyxatlarini toʻgʻri shakllanganligini oʻrganib, tegishli vazirlik va idoralarga oʻz takliflarini kiritib boradi.
Hozirgi kunga kelib deyarli barcha hududlarda maktab qurishga ehtiyoj mavjud. Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahri, Toʻrtkoʻl tumani, Andijon viloyati Andijon shahri, Asaka tumani, Andijon tumani, Izboskan, Oltinkoʻl tumanlari, Qashqadaryo viloyati Qarshi va Shahrisabz shaharlari, Navoiy viloyati Navoiy va Zarafshon shaharlari, Namangan viloyati Namangan shahri, Davlatobod, Yangi Namangan, Namangan tumanlari. Shuningdek, Samarqand viloyati Samarqand shahri, Urgut tumani, Sirdaryo viloyati Guliston shahri, Toshkent viloyati Yangiyoʻl, Toshkent tumanlari, Yangiyoʻl shahri, Fargʻona viloyati Beshariq tumani, Fargʻona shahri, Toshkent shahrining aksariyat tumanlarida maktablar qurishga ehtiyoj mavjud.
– bugungi kun talablariga mos zamonaviy maktab qanday boʻlishi kerak?
– “Zamonaviy maktab” dasturi doirasida 2019 yilda 11 ta Zamonaviy maktablarning yangi namunaviy loyihalari ishlab chiqilib, hozirgi kunda mazkur namunaviy loyihalar asosida maktablar yangidan qurilmoqda. bugungi kun talabiga mos maktab sifatida oʻquvchilar uchun barcha zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan maktablarni tushunsa boʻladi. Bunda sport zal, oshxona, kutubxona, STEM xonalari, informatika va laboratoriya xonalari mavjud maktablarni misol qila olamiz.

bugungi kundagi maktablar ekologik toza materiallardan ishlatilgan qurilish mahsulotlari, energotejamkor uskunalar, zamonaviy qurilish materiallari, yaxshi issiqlik saqlovchi qurilish mahsulotlarining ishlatilishi, uzoq yillar mobaynida binolardan foydalanish nazarda tutilgan.
Shuningdek, ekologik jihatdan toza materiallar va energiyaning muqobil manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqilgan namunaviy loyihalar asosida zamonaviy maktablar qurish, shu jumladan, oʻquv sinflarini yangi qulay mebellar, zamonaviy oʻquv va laboratoriya uskunalari, darsliklar va oʻquv-uslubiy materiallar, kompyuter va multimedia texnikasi, videokuzatuv tizimlari bilan jihozlanganligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Hozirgi kunda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini “Zamonaviy maktab” talablari asosida baholab, muvofiqlik sertifikatlari berib borilmoqda. “Zamonaviy maktab” talablari asosida baholash boʻyicha umumiy oʻrta taʼlim muassasalari reytingini aniqlashning elektron platformasi ishlab chiqilmoqda. Buni barcha insonlar kuzatib borish imkoniyatiga ega boʻladilar.
– Maktablarda oʻquvchilar hajmining ortiqchaligi va xonalarning yetishmasligi muammosini qanday hal qilsa boʻladi?
– Hozirgi kunda maktablarning quvvatiga nisbatan oʻquvchilar soni koʻpligi yaʼni navbatlilik koeffitsenti yuqori boʻlgan maktab binolariga qoʻshimcha oʻquvchi oʻrni qurish orqali bu muammo yechib borilmoqda. Birgina joriy yilda ajratilayotgan byudjet mablagʻlari doirasida 22,5 ming quvvatdan ortiq 47 ta maktablarni yangidan qurish va 205 ta maktablarni rekonstruksiya qilish evaziga qoʻshimcha 57 mingdan ortiq oʻquvchi oʻrni yaratilishiga erishiladi va shu orqali bu kabi masalalar bosqichma-bosqich hal etib borilmoqda.
Fayzullo Yahyoyev, OʻzA