Maktablar uchun Canva platformasidan uch yil bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi
Mamlakatimizda ta’lim tizimini raqamlashtirish, o‘quvchilarning zamonaviy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda pedagoglar faoliyatini innovatsion vositalar bilan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlik ta’lim tizimiga ilg‘or raqamli yechimlarni joriy etish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasining Fransiya Respublikasidagi elchixonasida Canva kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi.
Mazkur kelishuvga muvofiq, mamlakatimizdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabi Canva for Education platformasidan uch yil davomida bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Grantning umumiy qiymati 20 million AQSH dollarini tashkil etadi, deyiladi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotida.
Qayd etilishicha, kelishuv Parij shahridagi YUNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan “Ta’lim transformatsiyasi sammiti +4” (TES+4) doirasida tashkil etildi.
Ma’lumot uchun, Canva — Avstraliyada tashkil etilgan va bugungi kunda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida foydalanilayotgan yetakchi vizual dizayn platformalaridan biridir. Uning ta’lim uchun mo‘ljallangan Canva for Education platformasi o‘qituvchi va o‘quvchilarga taqdimot, infografika hamda boshqa vizual o‘quv materiallarini tayyorlash uchun minglab tayyor shablon va raqamli vositalarni taqdim etadi.
Platforma o‘quvchilarda kreativ fikrlash, zamonaviy taqdimot va vizual materiallar tayyorlash hamda sun’iy intellekt vositalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga ko‘maklashadi. Shu bilan birga, platforma jamoaviy ishlash madaniyatini rivojlantirish va raqamli savodxonlikni oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
M.Hojiakbarova, O‘zA