Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Urganchda hay’at yig‘ilishi o‘tkazdi
Xorazm viloyatimizda “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekiston kelajagi” mavzusidagi Respublika o‘quv seminari hamda maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining navbatdagi hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova rahbarligida o‘tkazilgan tadbirda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov ham ishtirok etib, viloyatda ta’lim sohasida erishilayotgan yutuqlar va kelgusi rejalar haqida so‘z yuritdi.
Yig‘ilishda umumta’lim maktablarini ta’mirlash, moddiy bazasini mustahkamlash, infratuzilmasini yaxshilashda alohida xizmat ko‘rsatgan Bog‘ot tuman hokimi Jahongir Nazarov va Yangiariq tuman hokimi Zafarbek Matnazarov vazirlikning “Ta’lim homiysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
[gallery-30873]
Yig‘ilish davomida sohada amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va kelgusida yo‘lga qo‘yilishi lozim bo‘lgan vazifalar mas’ullar ishtirokida tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi.
Xususan, tadbir davomida maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish, bolalarni sog‘lom ovqatlantirish, pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik, “Prezident sovg‘alari”ni o‘quvchilarga o‘z vaqtida yetkazish kabi mavzularda so‘z bordi.
Tadbirda sohada mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va manzilli hal etish, shuningdek, ota-onalar bilan samarali hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi va mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
– Barchamizga ma’lumki, ta’limdagi kichik bir kamchilik vaqtida hal etilmasa, keyinchalik katta oqibatlarga olib keladi, – deydi O‘zbekiston qahramoni, Gurlan tumanidagi 5-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Anor Mahmudova. – Majlisda muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, ularni manzilli va tezkor hal qilish bo‘yicha topshiriqlar oldik. Ta’lim va tarbiya yagona jarayondir. Bunda maktabgacha ta’lim tashkiloti yoki maktab har qancha harakat qilmasin, ota-ona jarayonda faol ishtirok etmas ekan, kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Shu bois, ota-onalar bilan samarali va doimiy muloqot o‘rnatish, ularni ta’lim sifatining nazoratiga jalb qilish asosiy vazifa qilib belgilandi. Bugungi yig‘ilish shunchaki hisobot topshirish emas, balki sohadagi mavjud muammolarni oshkora muhokama qilish va aniq yechimlar belgilab olish maydoni bo‘ldi.
Tadbir so‘nggida vazirlik mas’ullari va hududiy boshqarma boshliqlarining kun tartibidagi mavzularga oid hisobotlari tinglandi.
Shuningdek, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan ta’lim tashkilotlari rahbarlariga intizomiy chora ko‘rilishi belgilandi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari