Maktabgacha va maktab ta’limi: natijalar va rejalar
Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida “Maktabgacha va maktab ta’limi: natijalar va rejalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, vazir o‘rinbosarlari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Anjumanda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda ta’lim sohasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu esa keng ko‘lamli islohotlar va aniq natijalarda o‘z aksini topmoqda.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimizda 2016-yildan buyon 304 ta yangi maktab qurilgan, 3 598 ta maktab rekonstruksiya qilingan, 1 ming 955 ta maktab ta’mirlangan.
Shuningdek, 625 ta yangi bog‘cha qurilgan, 2 ming 522 tasi rekonstruksiya qilindi 759 tasi ta’mirlangan.
Eng muhim ko‘rsatkichlardan biri — qamrov darajasi. Agar 2016-yilda maktabgacha ta’lim qamrovi 27,7 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda u 78 foizga yetdi. 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash darajasi esa qariyb 98 foizni tashkil etmoqda.
Olis va chekka hududlarda ta’limdan chetda qolgan bolalarni qamrab olish maqsadida “Aqlvoy” loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida 216 ta mahallada 648 ta ko‘chma guruh tashkil etildi, 10 mingdan ortiq bola ta’limga jalb qilindi.

Yangi tizimga ko‘ra, pedagoglar uchun uzluksiz kasbiy rivojlanish joriy etildi. “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Metodik mahorat soati” tashkil qilindi, xorijda stajirovka imkoniyatlari kengaydi.
2025-yilning o‘zida 183 nafar pedagog Singapur, Germaniya, Fransiya kabi davlatlarda malaka oshirdi. Oxirgi 10 yilda o‘qituvchilar oyligi qariyb 3 barobarga oshdi. Bugun bazaviy stavka 5,1 mln so‘mdan ziyod ayrim pedagoglar 10–20 mln so‘mgacha maosh olmoqda. Bu esa kasb nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘quvchilar xalqaro olimpiadalarda ham yuqori natijalarga erishmoqda. Xususan, 6 yilda 276 ta medal, joriy yilning o‘zida 27 ta medal qo‘lga kiritilgan. 2026-yilda esa O‘zbekiston ilk bor Xalqaro kimyo olimpiadasi, Xalqaro informatika olimpiadasiga mezbonlik qiladi.
Bugungi kunda 400 ta maktabda kasbga o‘qitish joriy qilingan. Endi bitiruvchilar o‘qigan yo‘nalishi bo‘yicha sertifikat - ishlash huquqini beruvchi hujjatga ega bo‘ladi.
Yil yakuniga qadar 1 ming 500 dan ortiq xususiy bog‘cha, 49 ta ilk rivojlanish markazi, 485 ta tayyorlov guruhi tashkil etiladi.
Shuningdek, 400 million dollardan ortiq qiymatga ega xalqaro loyihalar amalga oshirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA