Maktabgacha ta’limning rivojlanish strategiyalari
Navoiy davlat pedagogika institutida “Maktabgacha ta’limning rivojlanish strategiyalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda bir guruh xorijlik mutaxassislar, jumladan, Filippin, AQSHdan professor-o‘qituvchilar ishtirok etgan bo‘lsa, Turkiya, Germaniya, Rossiya, Finlyandiya davlatlaridan olimlar onlayn kuzatib, ilmiy ma’ruzalari bilan qatnashdi.


Konferensiya avvalida ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yosh avlodni yanada sog‘lom, bilimli va zukko qilib tarbiyalash maqsadida maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan olti yil davomida maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 72 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga yetdi. 2030-yilga qadar har bir bolaning bog‘chaga qatnashi, maktabni bitirayotgan har ikki o‘quvchining biri esa oliygohda o‘qishi uchun sa’y-harakatlar olib borilmoqda.


– Yurtimizda maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ta’limning yangi usul va shakllarini ham tanlash imkoniyati yaratilmoqda, – deydi institut rektori Bahodir Sobirov. – Maktabgacha ta’lim tashkilotlarining o‘quv jarayoni STEAM texnologiyasi asosida 5 ta rivojlantiruvchi markaz faoliyati orqali tashkil etilayotganligi nafaqat bolalar faolligi, balki tarbiyachilardan ham katta mas’uliyat va ijodkorlikni talab etmoqda. Bu kabi innovatsiyalar maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish, bolani maktabga sifatli tayyorlash va ularda bolalikdan bilim, izlanish, kashf etish kabi xususiyat hamda qobiliyatlarni shakllantirish uchun asos vazifasini o‘taydi.

Bugungi kunda oliy ta’limda faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga oid yangidan yangi ilmiy tadqiqotlar olib borishi, tizimda raqamlashtirishning yo‘lga qo‘yilishi, shuningdek, talabalarning “4+2” dasturi asosida faol pedagogik amaliyotga borayotganligi oliy ta’lim, maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi tizimi hamkorligini mustahkamlaydi va uzluksizligini ta’minlaydi.

– Ma’ruzam “Inklyuziv erta bolalik ta’limi: o‘qituvchilarni tayyorlashning o‘rni va individuallashtirilgan ta’lim rejalari”, deb nomlanadi. Bunda maktabgacha ta’lim muassasalari va bolalar bog‘chalariga e’tibor qaratilib, inklyuziv erta ta’limning muhimligiga urg‘u qaratilgan, – deydi Navoiy shahridagi Prezident maktabi o‘qituvchisi, filippinlik Bernardo Melchor. – Erta bolalik davridagi ta’lim bolaning kelajakdagi akademik muvaffaqiyati va umumiy rivojlanishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Maktabgacha ta’lim muassasalari va bolalar bog‘chalarida inklyuzivlikni ta’minlash yosh o‘quvchilarning, shu jumladan, nogironligi yoki rivojlanishida muammolari bor bolalarning turli ehtiyojlarini qo‘llab-quvvatlash uchun muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan o‘qituvchilarni tayyorlash va har bir bolaning o‘ziga xos ehtiyojlariga moslashtirilgan individuallashtirilgan ta’lim rejalarini amalga oshirishning o‘rni katta.

Institutni 2019-2020 o‘quv yilida ilk bora Maktabgacha ta’lim magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 5 nafar magistr bitirgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 72 nafarga yetdi.
Hozir Navoiy davlat pedagogika instituti Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi kunduzgi bo‘limida 467 nafar talaba tahsil olyapti. Ularning 183 nafari joriy yilda oliygohni tugatadi. Sirtqi bo‘limida esa 1182 nafar talaba o‘qimoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-iyundagi “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Maktabgacha ta’lim tashkilotida bir kun” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida Navoiy shahridagi 26-“Turnaxon” davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislarga institut maktabgacha ta’lim kafedrasining bir guruh professor-o‘qituvchilari tomonidan pedagogik yordam ko‘rsatilib kelinmoqda.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan “Maktabgacha yoshdagi bolalarga o‘zbek tilini o‘rgatishga mo‘ljallangan platforma yaratish” mavzusidagi amaliy grant loyihasi va “Maktabgacha yoshdagi bolalarning ta’limiy turizmi”, “Imkoniyati cheklangan bolalarni audio manbalar yordamida maktabga tayyorlash” mavzularida startap loyihalari ishlab chiqilgan.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri