Ma’lumki, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida Prezident qarorlari hamda Sanitariya qoidalari va me’yorlari talablariga rioya qilinishi ustidan nazorat o‘tkaziladi.
AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova maktabgacha ta’lim tashkilotlarining sanitar holatini o‘rganish natijalari yuzasidan ma’lumot berdi:
– Respublikada jami 6824 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud bo‘lib, ularning 18 foizida «Autsorsing usul»da, 82 foizida «An’anaviy usul»da ovqatlanish tashkil etilgan. 2024 yilning uch oyi davomida Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari tomonidan 1272 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida tekshiruvlar amalga oshirilgan.
Tekshirishlar davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlaridan kimyoviy tahlillar uchun jami 26534 ta namuna olingan, shulardan 1554 tasi, ya’ni 5,8 foizi talabga javob bermagan. Bakteriologik tahlillar uchun olingan 31791 ta namunalardan 3149 tasi, ya’ni 9,9 foizi Sanitariya qoidalari va me’yorlari talablariga javob bermagan.
Tarbiyalanuvchilar ovqatlanishining to‘g‘ri va xavfsiz tashkil etilgani ustidan nazoratni amalga oshirish chog‘ida mikrobiologik ko‘rsatgichlarga tayyor oziq-ovqat mahsulotlaridan 3062 ta namuna olingan va ulardan 109 tasi talabga javob bermagan. Ichimlik suvidan esa 1865 ta olingan namunadan 57 tasi talabga javob bermagan.
Kimyoviy tahlillar uchun ovqat to‘yimliligini tekshirishga 1242 ta namuna olingan. Shulardan 189 ta namunada ovqat to‘yimliligi pastligi aniqlangan. Sabzavotlarda nitrat qoldiqlarini tekshirish uchun 3501 ta namuna olingan, 76 ta namunada nitrat qoldiqlari borligi aniqlangan. Osh tuzida yod miqdorini aniqlash uchun 760 ta namuna tekshirilgan va 243 ta namunalarda yod miqdori me’yorga nisbatan kamligi aniqlangan.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sanitariya qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga nisbatan 1102 ta holatda ma’muriy choralar qo‘llanilgan. 92 ta muassasaning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. 228 nafar ishchi-xodim tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tmagani sababli ishdan vaqtincha chetlatilgan. 104 kg.dan ortiq miqdordagi oziq-ovqat mahsulotlari brakeraj qilingan.
Qo‘mitamiz tomonidan o‘tkazilayotgan bu kabi nazorat tadbirlari o‘sib kelayotgan yosh avlodni to‘g‘ri va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda bolalar o‘rtasida uchraydigan yuqumli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi, – deydi M.Saidova.
Mohigul Qosimova, O‘zA