Maktabgacha ta’lim: “ishbilarmon” tadbirkorlarning kirdikorlari
Mamlakatimizda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Qabul qilinayotgan qonun hujjatlarida ularning huquqlari kafolatlanib, imtiyozlar, yengilliklar taqdim etilmoqda. Berilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib faoliyatini kengaytirayotgan, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan tadbirkorlarning soni kundan kunga ko‘paymoqda. Respublikamizda faoliyat yuritib kelayotgan davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun davlatimiz tomonidan subsidiyalar ajratilmoqda.
Buning natijasida nodavlat maktabgacha ta’lim sektori keskin oshdi. Bolalar qamrovi 27 foizdan 74 foizgacha ko‘tarildi, minglab ish o‘rinlari yaratildi.
Biroq guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ayrim tadbirkorlar o‘zining foydasini noqonuniy oshirish maqsadida soxtakorlik harakatlarni amalga oshirmoqda.
Gap shundaki, 2022-yilning 1-sentyabridan boshlab maktabgacha ta’lim sohasida inson omilisiz, avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilib, u orqali tarbiyalanuvchilarning davomati har kuni elektron qayd etilmoqda. Ushbu ma’lumotlar asosida subsidiyalar avtomatik hisob-kitob qilinib, to‘lab kelinmoqda.
Ayrim “ishbilarmon” tadbirkorlar esa bola manfaatidan o‘z manfaatini ustun qo‘yib, jajji go‘daklar hisobiga boyishni maqsad qilib, bolalarning bog‘chaga kelmaganda ularning davomatini turli usullar orqali soxtalashtirishga urinmoqda.
Misol uchun, bog‘chaga kelmagan bir bola o‘rniga boshqa bolaning rasmi axborot tizimiga kiritilib, davomat qayd etilmoqda. Ya’ni axborot tizimida qiz bolaning ism-familiyasi ko‘rsatilgan bo‘lib, haqiqatda o‘g‘il bolaning fotosurati kiritilgan va davomat qilingan. Bola bog‘chaga kelmagan kunda uning qog‘ozdagi fotosurati orqali davomat qilishga urinish holatlari uchramoqda.
Shuningdek, davlat bog‘chasi tarbiyalanuvchilarini avtomashinada nodavlat bog‘chaga olib borib, shu bog‘chada davomatdan o‘tkazish hollari kuzatilmoqda.
Bog‘chaga kelmagan bolaning fotosurati orqali (qog‘ozda yoki smartfonda va kompyuterda) davomati qayd etilmoqda.
Yana bir holatda esa davlat bog‘chasi tarbiyalanuvchisining ushbu davlat bog‘chasida turib, nodavlat bog‘chaning nomidan davomatni qayd etish kuzatilmoqda.
Shuningdek, bir bola bir nechta bolaning o‘rniga davomatda qayd etilmoqda.
Respublikamizda 25 ming atrofida nodavlat bog‘chalar faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning davomat ma’lumotlari axborot tizimidagi sun’iy intellekt yordamida doimiy tahlil qilinib, mingdan ortiq bog‘chalar yuqorida ko‘rsatilgan noqonuniy usullardan foydalanib, davomat qilgani Maktabgacha ta’lim agentligi tomonidan aniqlangan.
Ushbu aniqlangan holatlar tegishli tartibda rasmiylashtirildi hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi tegishli qarori talablaridan kelib chiqib, ushbu bog‘chalarga subsidiya to‘lovlari uch oyga to‘xtatildi. Shuningdek, ushbu tadbirkorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun ma’lumotlar tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etib kelinmoqda.
– Biz to‘g‘ri ishlayotgan, ish o‘rni yaratayotgan, ilg‘or innovatsion ta’lim texnologiyalarni joriy qilib, tarbiyalanuvchilarga ta’lim-tarbiya berayotgan halol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Halollik yo‘li bilan olingan daromad albatta xayrli bo‘ladi, – deydi Maktabgacha ta’lim agentligi matbuot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva. – Maktabgacha ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan noqonuniy usullarni qo‘llab, soxta davomat yuritmasligini so‘raymiz. Ma’lumotlarning soxtaligi, albatta, fosh bo‘lishi va jazo muqarrarligini unutmaslik lozim.
Darhaqiqat, bugun mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Noqonuniy faoliyatning oldini olish esa doimiy nazoratda.
Mohigul Qosimova, O‘zA