Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari — maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shinning “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarni tatbiq etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘roviga javobi haqidagi masalani ko‘rib chiqdi.
Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan jami 33 ming 942 ta bog‘chaning, 27 ming 162 tasi nodavlat ta’lim tashkiloti hisoblanadi. Jumladan, 24 mingdan ortiq oilaviy shakldagi, 1400 ga yaqin davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan bog‘chalarda maktabgacha yoshdagi bolalar ta’lim-tarbiya olmoqda.
Parlament so‘roviga berilgan javobda bugungi kunda Davlat byudjetidan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ish haqi xarajatlarini qoplash uchun subsidiyalar qonunchilikda belgilangan tartibda ajratilib kelinayotgani ma’lum qilingan.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat hamda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mehnatga to‘lanadigan haqqa teng shartlarda va hajmlarda haq to‘lashga oid so‘rovga javoban, davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari xo‘jalik hisobidagi nodavlat yuridik shaxs hisoblanishi, Mehnat kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlarida belgilangan xodimlar uchun ish haqiga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlar, shu jumladan rag‘batlantirish xususiyatiga ega va kompensatsiya to‘lovlari ushbu tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq ekani qayd etilgan.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda tizimda malakali pedagog kadrlarni tayyorlash maqsadida qabul kvotalari 2,5 baravarga oshirildi, maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim bakalavriat bosqichi 3 yil etib belgilandi. Nomutaxassis kadrlarni kasbiy va pedagogik malakasini oshirish maqsadida qayta tayyorlov kurslari tashkil etildi.
Bugungi kunda respublikamizdagi 71 ta davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarida sohaga oid pedagog kadrlar tayyorlanadi. Jumladan, Agentlik tasarrufidagi Puchon universiteti va A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahar filiali, Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamda 91 ta pedagogika kollejlari faoliyat olib bormoqda.
Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya jarayonida tadbiq etilgan “Ilk qadam” davlat o‘quv dasturi orqali ta’lim-tarbiya jarayoni yagona ta’lim dasturlari asosida olib boriladi. Bu dastur Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, Finlyandiya, Shvetsiya, Janubiy Koreya, Estoniya kabi davlatlarning xalqaro tajribasi asosida yaratilgan.
Shu bilan birga, raqamli transformatsiya sharoitida ota-onalarni maktabgacha ta’lim-tarbiya jarayonida faol ishtirok etishga va pedagoglarning o‘z-o‘zini kasbiy jihatdan rivojlantirishga qaratilgan “Bolalik akademiyasi” platformasi hamda ota-onalar uchun bolalarga uyda ta’lim berishga mo‘ljallangan “Bebbo” mobil ilovasi o‘quv materialini ko‘rgazmali, izchil-mantiqiy tarzda havola etishni ta’lim muhitida texnologiyalashtirish asosida ishlab chiqilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, majlisda davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat hamda oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarida mehnatga to‘lanadigan haqqa teng shartlarda va hajmlarda haq to‘lash, ushbu tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan nomutaxassis pedagog kadrlarni oliy ta’lim muassasalariga jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha Maktabgacha ta’lim agentligi direktori A.Shinning parlament so‘roviga javobi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullandi.
O‘zA